Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ixtiyoriy asirlik

12.6.2026 37

Iroda TURSUNOVA, O‘zJOKU talabasi

Tasavvur qiling: ertalab uyg‘onasiz, telefonni qo‘lingizga olasiz va... ikki soat o‘tib ketgan. Siz hali yuzingizni yuvmadingiz, nonushta qilmadingiz, yangi kunga ruhan tayyor emassiz. Lekin miyangiz allaqachon begona odamlarning hayoti, keraksiz janjallar va qisqa videolar ummoniga g‘arq bo‘ldi. Axir siz ijtimoiy tarmoqqa atigi besh daqiqaga kirgandingiz. Ekranga tikilib, vaqt qanday o‘tganini sezmay qoldingiz. Xo‘sh, muammo nimada? Nega biz o‘zimizga "to‘xta" deya olmaymiz?

Gap irodaning kuchsizligida emas. Muammo ancha murakkab. Bu tizim ortida dunyoning eng kuchli muhandislari, psixologlari va sun’iy intellekt algoritmlari ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifani yangilash funksiyasi qanday ishlashiga e’tibor berganmisiz? Sahifani pastga tortasiz, u bir lahza aylanadi va yangi kontent paydo bo‘ladi. Bu tasodifiy mexanizm emas.

Miyamiz har safar sahifani yangilaganda kutilmagan yangilikka duch kelish umidida bo‘ladi. Ana shu kutilmagan "mukofot" dofamin ajralishiga sabab bo‘ladi. Natijada inson yana bir video ko‘rishni, yana bir postni ochishni istaydi. Jarayon davom etaveradi.

Cheksiz lentani anglatadigan "Infinite Scroll" funksiyasi muallifi Aza Raskin keyinchalik o‘z ixtirosi uchun afsus bildirgan. U bu tizimni hatto "ijtimoiy tarmoq kokaini" deb atagan. Sababi oddiy: foydalanuvchiga to‘xtash uchun tabiiy nuqta berilmaydi. Keyingi sahifaga o‘tish tugmasi yo‘q, kontent esa tugamaydi. Inson ongsiz ravishda pastga tushishda davom etadi va vaqt qanday o‘tganini sezmay qoladi.

Bu jarayonga yana bir omil ta’sir qiladi. U FOMO, ya’ni Fear of Missing Out deb ataladi. Mazmuni oddiy: inson muhim yangilik yoki trenddan ortda qolishdan qo‘rqadi. Shu sababli ko‘pchilik uyqu oldidan ham lentani qayta-qayta tekshiradi. Go‘yo hozir juda muhim bir voqea sodir bo‘ladigandek. Aslida esa o‘sha vaqtda dam olish ertangi kun samaradorligi uchun ancha foydali bo‘lishi mumkin edi. Natijada virtual makonda mavjud bo‘lish istagi evaziga sog‘liq, xotirjamlik va vaqt qurbon qilinadi.

Afsuski, biz diqqat masalasida akvariumdagi baliq bilan taqqoslanadigan darajaga kelib qoldik. Bu shunchaki obrazli ibora emas. 2015-yilda Microsoft tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda qiziqarli xulosa keltirilgan. Unga ko‘ra, 2000-yillar boshida insonning bir narsaga diqqatini jamlay olish muddati o‘rtacha 12 soniyani tashkil etgan. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 8 soniyagacha qisqargani qayd etilgan. Taqqoslash uchun, oltin baliqning diqqatni ushlab turish muddati 9 soniya deb ko‘rsatilgan.

Albatta, keyinchalik ayrim olimlar bu qiyosni haddan tashqari soddalashtirilgan deb baholashgan. Chunki inson va baliq diqqati bir xil mexanizm asosida ishlamaydi. Shunga qaramay, bu misol raqamli dunyo keltirib chiqarayotgan muammoni tushuntirishda keng qo‘llanadi.

Qisqa videolar miyani tez almashadigan axborot oqimiga moslashtirib bormoqda. Shu sababli kitob o‘qish, murakkab mavzularni o‘rganish yoki uzoq vaqt diqqatni bir nuqtada saqlash ko‘pchilik uchun qiyinlashmoqda. Chuqur fikrlash o‘rnini yuzaki axborot iste’moli egallayapti. Vaholanki, insoniyat tarixidagi yirik kashfiyotlar, ilmiy yutuqlar va san’at asarlari uzoq davom etgan diqqat va tafakkur mahsuli hisoblanadi.

Bugungi iqtisodiyotda eng qimmat resurslardan biri bu inson diqqati. Yirik texnologik kompaniyalar aynan shu resurs uchun kurashadi va undan milliardlab dollar daromad oladi. Diqqati boshqarilayotgan inson asta-sekin o‘z tanlovlarini ham algoritmlar tavsiyasiga topshirib qo‘yadi.

Bu holat odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir qilmoqda. Psixologiyada "phubbing" deb ataladigan hodisa mavjud. Bu muloqot vaqtida suhbatdosh o‘rniga telefonga e’tibor qaratish holatidir. Natijada hissiy yaqinlik zaiflashadi, tushunmovchiliklar ko‘payadi. Odamlar yaqinlari davrasida bo‘lsa ham o‘zini yolg‘iz his qila boshlaydi.

Miya tez almashadigan videolarga o‘rganib qoldi. Oldin inson zeriksa, yaqinlari bilan suhbatlashardi. Bugun esa ko‘pchilik telefoniga murojaat qiladi. Navbat kutayotganda telefon, ovqatlanayotganda telefon, do‘stlar bilan uchrashganda ham telefon. Bir stol atrofida o‘tirgan odamlar jismonan bir joyda bo‘lsa-da, fikran turli olamlarda yashaydi.

Ko‘chada ketayotib atrofga nazar tashlang. Aksariyat insonlarning qo‘lida smartfon. Metroda ham shunday manzarani ko‘rish mumkin. Albatta, kimdir foydali ish bilan shug‘ullanayotgandir. Bunga e’tiroz yo‘q.

Ammo xulosa o‘zingizga havola.

Sekin-sekin biz tinglashni, diqqat bilan eshitishni, sukunatda o‘tirishni va o‘ylashni unutib boryapmiz. Aslida insonni inson qiladigan jihatlar ham shular edi. Bir paytlar internet sahifalari tugardi. Bugun esa kontent tugamaydi. Tugaydigan narsa faqat insonning vaqti.

Eng achinarlisi, biz bunga o‘z ixtiyorimiz bilan rozi bo‘lyapmiz.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish