Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi

12.6.2026 46

Mohlaroyim NOIBJONOVA, O‘zJOKU talabasi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda moda sohasi sezilarli darajada rivojlanib, yoshlar madaniyatining muhim qismiga aylanmoqda. Avvallari milliy kiyimlar asosan bayramlar yoki tantanali marosimlar bilan bog‘langan bo‘lsa, bugungi kunda ular insonning dunyoqarashi, didi va o‘zini namoyon qilish usullaridan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlarning ommalashuvi natijasida global moda tendensiyalari o‘zbek yoshlariga ham tez yetib kelmoqda. Shu bilan birga, milliylikni saqlagan holda zamonaviy uslublar yaratishga bo‘lgan qiziqish ham ortib boryapti.

O‘zbek modasining ildizlari qadimiy tarix va milliy an'analarga borib taqaladi. Atlas, adras, bekasam kabi matolar, zardo‘zlik san'ati va milliy naqshlar asrlar davomida xalq madaniyatining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Har bir hududning o‘ziga xos kiyinish uslubi mavjud. Masalan, Farg‘ona vodiysining nafis ipak matolari yoki Buxoroning o‘ziga xos did bilan shakllangan kiyinish madaniyati xalqning estetik qarashlarini aks ettirgan. Bugungi kunda dizaynerlar ana shu tarixiy merosni zamonaviy moda bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqda. Atlasdan tikilgan oversize pidjaklar, minimalist uslubdagi ko‘ylaklar yoki casual yo‘nalishdagi adras elementlari yoshlar orasida ommalashmoqda. Bunga Davron Muradning kashtado‘zlik va haute couture yo‘nalishidagi ijod namunalarini misol qilib keltirish mumkin. Bu holat milliylikning modadagi yangi talqini sifatida qaralmoqda.

So‘nggi yillarda mahalliy dizaynerlarning faoliyati ham sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, Lali Fazilova, Azakur Moreno va Diora Usmanova kabi dizaynerlarning brendlari milliy matolarni zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirib, o‘zbek modasining xalqaro miqyosda tanilishiga hissa qo‘shmoqda. Fashion haftaliklari va ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan kolleksiyalarda milliy naqshlar bilan zamonaviy moda uyg‘unligi yaqqol ko‘rinadi. Bundan tashqari, 7SABER kabi mahalliy streetwear brendlarining paydo bo‘lishi yoshlar orasida zamonaviy moda madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

Bugungi yoshlar modasida erkinlik va individuallik asosiy o‘ringa chiqmoqda. Streetwear, vintage, minimalizm va oversize uslublari ayniqsa ommalashgan. Krossovkalar, keng bichimdagi kiyimlar, monochrome obrazlar va turli aksessuarlar kundalik uslubning bir qismiga aylangan. Shu bilan birga, K-pop madaniyati va koreys modasining ta'siri ham kuchaymoqda. TikTok va Instagram'da koreys uslubidagi outfit videolari, thrift fashion va layering trendlarini tez-tez uchratish mumkin. Bugungi o‘zbek yoshlari moda orqali boshqalardan ajralib turishga va o‘z individual uslubini yaratishga intilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar moda sanoatining rivojlanishida muhim rol o‘ynayapti. Ayniqsa, Instagram, TikTok va Pinterest platformalari yangi trendlarning tez tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Hozir ko‘plab yoshlar outfit videolari, "Get Ready With Me" formatidagi kontentlar va uslub bo‘yicha tavsiyalar orqali auditoriya yig‘moqda. Influencerlar va blogerlar yoshlarning kiyinish madaniyatiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda. Avvallari moda jurnallar orqali shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda trendlarni asosan ijtimoiy tarmoqlar belgilayapti.

Biroq moda sanoatida ayrim muammolar ham mavjud. Mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarining cheklanganligi va ayrim brendlarning raqobat sharoitiga moslashishi shular jumlasidandir. Xalqaro gigantlar, jumladan Zara va boshqa yirik kompaniyalar bozorga kirib kelgach, mahalliy kichik brendlar uchun raqobat kuchaydi. Narx, sifat va marketing yo‘nalishlarida muvaffaqiyat qozonish uchun ko‘proq investitsiya hamda bilim talab etilmoqda. Sifatli materiallarning qimmatligi va professional mutaxassislar yetishmasligi ham rivojlanishni sekinlashtirayotgan omillar qatorida turibdi. Shu sababli mahalliy brendlar kreativ yondashuv bilan birga sifat va marketing ustida ham jiddiy ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shunga qaramay, O‘zbekiston moda sohasi katta istiqbolga ega. Milliy matolar va an'anaviy naqshlarning zamonaviy moda bilan uyg‘unlashuvi o‘zbek modasining o‘ziga xos qiyofasini shakllantirmoqda. Eng muhimi, yoshlarning moda va kreativ industriya sohasiga bo‘lgan qiziqishi ortib boryapti. Bu esa kelajakda yangi dizaynerlar, mahalliy brendlar va innovatsion moda loyihalarining paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Milliylik va zamonaviylik o‘rtasidagi muvozanat saqlansa, o‘zbek modasi xalqaro maydonda yanada kengroq tanilishi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish