Men shifokor bo‘lishni orzu qilaman.
Hozir butun dunyoda turli kasalliklar ko‘paygan. Bunga noto‘g‘ri ovqatlanish, sun’iy ozuqa turlarining ko‘payishi, jismoniy harakatning kamayishi, tibbiy savodxonlikning yetarli emasligi kabi omillar sabab qilib ko‘rsatilmoqda. So‘nggi uch yil ichida koronavirus pandemiyasi hayotimizni o‘zgartirib yubordi.
Kasallikni davolash mumkin, lekin uning asorati yomon. Ba’zi hollarda xastalikdan batamom tuzalmagan, qayta-qayta davolanayotgan bemorlar haqida eshitaman. Bunga, avvalo, organizmda kasallikning murakkab kechishi, qolaversa, ayrim shifokorlarning bilimsizligi sabab bo‘ladi.
Shifokor bo‘lishni istayotgan ba’zi tengdoshlarim kimyo va biologiyani o‘qib-o‘rgansak bo‘ldi, deb fikrlaydi. Ammo bo‘lg‘usi shifokor barcha fanlarni puxta o‘qib-o‘rganishi kerak. Masalan, matematika qon bosimini o‘lchash, qon guruhini tavsiflashda asqatadi. Ona tili dori-darmonlarni yozish uchun kerak. Ingliz tili chet elllik biror mehmon bilan muloqot qilishda zarur bo‘ladi.
Inson qaysi kasbni orzu qilmasin yoki egallamasin, unga maktabda o‘qib-o‘rgangan barcha o‘quv fanlari poydevor bo‘lib xizmat qiladi.