12.11.2022 6201
Bir kunda 2 milliarddan ortiq inson bu saytda video tomosha qiladi, ularning 50 foizdan ko‘prog‘i 20 yoshdan kichik foydalanuvchilardir. Topdingiz, gap “YouTube” platformasi haqida bormoqda. Rang-barang mavzu va formatdagi videolar, turli janrdagi kino, ko‘rsatuv yoki videokliplar “koni” bo‘lgan bu platformadan foydalansangiz, chindan ham vaqtingiz qanday o‘tganini sezmay qolasiz! Bu yerga joylashtirilgan videolarning barchasini ko‘rib chiqish uchun esa 1000 yildan ko‘p vaqt kerak bo‘lar ekan. Buni eshitib, hatto “YouTube” asoschilari – Stich Chen, Chad Xyorli, Javed Karim ham hayron qolgan bo‘lsa kerak. “YouTube” yuzasidan tengdoshlarimiz orasida o‘tkazgan kichik so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ko‘pchilik undan biror shirinlik yoki taom retseptini bilib olish, sevimli serialining o‘tkazib yuborilgan qismini tomosha qilish yoki qaysidir sohaga aloqador videoqo‘llanmalar bilan tanishish uchun foydalanar ekan. Xo‘sh, “mo‘jizalar makoni” deb taʼriflanuvchi platformada biz, yoshlar uchun foydali qanday kontentlar bor? Tan olish kerak, o‘tgan yillarga nisbatan o‘zbek tilida nisbatan sifatli materiallar paydo bo‘la boshladi. Bir qancha blogerlar o‘z sahifasi orqali qiziqarli sayohatlar haqida videolavhalar tayyorlasa, vlogerlar o‘z vloglaridagi chiqishlari bilan omma eʼtiborini tortib, katta auditoriyani jamlay oldi. Ayniqsa, millat yoshlari uchun manfaatli loyihalarning ko‘payganini, platforma esa targ‘ibot ishlarida yaxshi yordam berayotganini eʼtirof etish lozim. “O‘ZBEKISTONLIK”DAN “SUBYEKTIV”GACHA Juda katta hajmdagi kontentlar to‘plangan saytdan eng keraklilarini ajratib olish mushkul, ammo uddalasa bo‘ladigan ish. Demak, bugun siz bilan mana shunday foydali kontentlar haqida suhbatlashamiz. “Mahsulot” deganda uning qaysi tilda uzatilayotgani ham eʼtiborga olinishi lozim. Masalan, Yoshlar ishlari agentligining loyihalari doirasida yoshlarimiz uchun juda ko‘p videokontentlar yaratilib, platformaga joylab borilmoqda. Ular orasida, ayniqsa, katta-yu kichik eʼtiborini birdek jalb eta olgan va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “O‘zbekistonlik” hujjatli filmlari ahamiyatli. Dastlab joriy yilning 12-martida AQShda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqidagi taʼsirli hikoyalarni o‘z ichiga olgan film namoyishi bo‘ldi. Ungacha eʼlon qilib borilgan kichik lavha va anonslar kuzatuvchilarning kuchli qiziqishlariga sabab bo‘layotgan edi. Ikkinchi qism ham ko‘p kuttirmadi, uni hayot qiyinchiliklarini yengib, muvaffaqiyatga erishgan Germaniyadagi vatandoshlar hikoyasining mantiqiy davomi deyish mumkin. “Germaniya epizodi” qahramonlarining hikoyasi yuksak cho‘qqilarni zabt etishga shay yoshlar jahon miqyosida O‘zbekistonning ijobiy imijini saqlab qolishga intilayotgan har bir o‘zbekistonlik uchun kuchli motivatsiya beradi. Yana bir ahamiyatli jihati, ikkinchi qism o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyada tahsil ola boshlaganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan suratga olinganidir. Platformadagi “Chegarasiz” loyihasi harakatlanishi yoki salomatligida muammolari bor, biroq imkoniyatlari chegaralanmagan o‘zbek yoshlari haqida hikoya qiladi. 7 qismdan iborat va har bir sonida o‘zgacha dunyosi bo‘lgan qahramonlar bilan tanishtiruvchi bu kontentni, albatta, tomosha qilishingizni istardik! Shu bilan birga, nafaqat ruhlantiruvchi, balki yangi bilimlar berib, dunyoqarashingizni kengaytiruvchi kontenlar ham bor. Ulardan biri Jamshidxon Ziyoxonov muallifligida taqdim etib kelinayotgan “Subyektiv” loyihasidir. Shu kungacha eʼlon qilingan sonlarni tomosha qilib, dunyoda, hatto jamiyatimizda biz bilmagan yoki eʼtibor bermagan juda ko‘p va rang-barang mavzular, muammolar borligiga amin bo‘lasiz. PUL TO‘LAMAYDI… Shuni ham eʼtiborga olish kerakki, tarmoqdan nafaqat tomoshabin sifatida, balki video yaratuvchi sifatida ham foydalanishingiz mumkin. Eng qizig‘i, bugun “YouTube”dan ham foydalanishingiz, ham daromad olishingiz uchun imkoniyat eshiklari ochiq. Bu haqda bizga yutuber va dasturchi Mirshohid Ismatov o‘z faoliyati misolida gapirib berdi: “Bu faoliyat turini mustaqil o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun bugun biroz qiyinchiliklar bor, chunki oddiy telefonda tayyorlangani va mahsulotning mavzusiga qarab ham uning qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishini taxmin qilish mumkin. O‘z muallifligimdagi kanal misolida oladigan bo‘lsam, taʼlim yoki shu kabi foydali mavzudagi videolar “shok xabar” yoki qandaydir “hayp”larga solishtirganda juda kam tomosha qilinadi, baʼzan deyarli ko‘rilmaydi. Masalan, videomontaj qilish bo‘yicha video dars yaratib, kanalimga joyladim, bepul bo‘lishiga qaramay, 3 mingga yaqin kishi ko‘rdi, xolos! Ammo o‘z ustida ishlab, shu sohada muvaffaqiyat qozonishni istagan yosh yigit-qizlar uchun, avvalo, yo‘nalish tanlab olishni maslahat bergan bo‘lar edim – chet elda taʼlim, ingliz yoki koreys tilini o‘rgatish, oshpazlik yoki quruvchilik kabi. Qanday mavzu bo‘lgan taqdirda ham boshqalar uchun manfaat keltirishni birinchi o‘ringa qo‘ying. Platformadan pul ishlash mumkin, ammo biroz xafa qiladigan jihati ham bor, bu – kanalingizga joylangan videoni O‘zbekiston emas, chet davlatdan turib ko‘rilgani uchungina pul to‘lashlari mumkin. Bu pullarni esa O‘zbekistonda turib yechib olish mumkin. Sodda qilib aytganda, O‘zbekistonda turib tomosha qiladigan auditoriya uchun “YouTube” pul to‘lamaydi. Agar siz isteʼdodli va o‘z ishini sevadigan mutaxassis bo‘lsangiz, tashqi reklamalar – kitob, biror oziq-ovqat yoki kiyim-kechak reklamasi orqali yaxshigina mablag‘ ishlashingiz mumkin”. Aziz tengdoshlar, ko‘rib turganingizdek, qo‘limizdagi har qanday narsadan imkoniyat sifatida foydalana olamiz. Faqat ozgina qunt va harakat qilish kifoya.
22.8.2022 6585
Prezident qarori bilan 2023-yildan boshlab har yili yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida umumiy mukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan Prezident sovrini uchun tanlov oʻtkaziladi.
1.8.2022 6513
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatimiz IT sektoridagi ishlarning bugungi ahvoli va uni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, ushbu sohaga so‘nggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirildi. “Bundan uch yil oldin IT-parklar tashkil qilib, ularga alohida soliq rejimini joriy etdik. Buning hisobiga bugungi kunda IT-parklarda 14 ming nafar yoshlar yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi. Joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniyalari tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi. So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va xalqaro reytingda 15-o‘ringa ko‘tarildik (68-o‘rindan). IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi. Eng asosiysi, IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylandi”, – dedi Prezidentimiz. Davlatimiz rahbari uchrashuv chog‘ida boshqa hududlarda ham bunday IT akademiyalar tashkil qilish istagida bo‘lganlarning tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini, barcha masalalari hal qilib berilishini aytib o‘tdi. Viloyat hokimlariga bir oy muddatda bu yerga kelib, barcha sharoit va imkoniyatlarni ko‘zi bilan ko‘rib, o‘z hududida kamida 1 tadan shunday IT akademiya tashkil etish loyihasini boshlashga topshiriq berildi. Kelgusi besh yilda mamlakatimiz IT xizmatlari eksporti 1 milliard dollarga yetkaziladi. Uchrashuvda yoshlarni IT kasblarga o‘qitishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan ta’minlash uchun 4 ta masalani hal etish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, internet qamrovi va sifatini keskin oshirish zarur. Hududlarni optik tolali tezkor mobil internet (4G) bilan qamrab olish darajasi 70 foiz atrofida. 118 ta qishloqqa internet ham, mobil aloqa ham kirib bormagan. Bundan tashqari, IT sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish kerak. Bugungi kunda bunday yoshlarning startaplariga (230 ta) atigi 10 milliard so‘m grant ajratilgan. Yoki kompyuter xaridi uchun 3,5 ming nafar yoshlarga kredit berilgan bo‘lsa, kafil yo‘qligi uchun 6,5 mingdan ziyod yoshlarga kredit berish rad etilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida esa IT-parklarni tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmagan. “Siz, yoshlardan hamkasblaringiz, hamkorlaringiz, o‘rtoqlaringizga shuni yetkazishlaringizni so‘rayman. Davlat tomonidan IT sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha kerak bo‘ladigan barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratamiz. O‘zimdan boshlab hamma rahbarlar sizlar bilan doimiy muloqotda bo‘lamiz”, – dedi Prezident uchrashuv yakunida. Davlatimiz rahbari soha vakillari bilan ham ochiq fikr almashdi.
Qaynoq xabarlar
15:26
Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari davom etmoqda
09:53
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etdi.
18:43
YOSHLAR BALANSI MUAMMOLARNI BARTARAF ETISHDA ENG SAMARADOR
17:11
QABUL JARAYONIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BOR?
19:11
MOTIVATSIYA
22:15
SOF BOYLIK QIYMATINGIZ QANCHA?
17:31
RESPUBLIKA TAʼLIM MARKAZI O‘QITUVCHIGA E’TIROZ BILDIRDI