Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ITga qiziquvchi eng faol qizlar Birlashgan Arab Amirliklariga ta’lim sayohatiga yuboriladi

26.3.2024 244

N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat),O‘zA

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarni IT sohasiga qiziqtirish hamda shu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bo‘lib o‘tmoqda.Zamonaviy axborot texnologiyalariga qiziqib borayotgan, bu sohada o‘z iqtidori va salohiyatini dadil namoyon etayotgan qizlar safi tobora ortib bormoqda. "Raqamli avlod qizlari-2024" respublika tanlovi bu borada o‘quvchi qizlarning bilimlarini yanada oshirish, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirishdek maqsadlarga qaritilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir joriy yilning 29-martiga qadar davom etadi. Unda offlayn tarzda 200 nafarga, onlayn shaklda esa 3000 nafarga yaqin qizlar qamrab olinmoqda. Bu yilgi tadbirda Digital Art, 3D Modelling, sun’iy intellekt, startap loyihalar, grafik dizayn kabi yo‘nalishlarda gibrid darslar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, bu yil ilk bor loyiha doirasida "Liderlar maktabi" yo‘nalishi qo‘shilgan bo‘lib, unda mustaqil loyihalar ustida ishlash hamda IT sohasida xalqaro grantlar yutish haqida ma’lumot berilmoqda.

Bugun mashg‘ulotlardan tashqari xorijiy va mahalliy spikerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, "Yangi O‘zbekiston" universiteti professsor-o‘qituvchisi, misrlik Islom Elhadary tomonidan "Ayollarning veb dizayn bilan shug‘ullanishi haqida 5 afsona", Tet-a-tet taraqqiyot asoschisi Tursunoy Usmonova tomonidan “Ayol-qizlar uchun chet elda o‘qish grantlari va dasturlari” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi.

Respublika tanlovi mashg‘ulotlarida eng faol qatnashgan qizlar Birlashgan Arab Amirligiga ta’lim sayohatini qo‘lga kiritishlari mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish