Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

IMKONIYATLAR PLATFORMASI

12.11.2022 10921

Ziyoda RAHIMBOYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bir kunda 2 milliarddan ortiq inson bu saytda video tomosha qiladi, ularning 50 foizdan ko‘prog‘i 20 yoshdan kichik foydalanuvchilardir. Topdingiz, gap “YouTube” platformasi haqida bormoqda. Rang-barang mavzu va formatdagi videolar, tur­li janrdagi kino, ko‘rsatuv yoki videokliplar “koni” bo‘lgan bu platformadan foydalansangiz, chin­dan ham vaqtingiz qanday o‘tganini sezmay qo­lasiz! Bu yerga joylashtirilgan videolarning bar­chasini ko‘rib chiqish uchun esa 1000 yildan ko‘p vaqt kerak bo‘lar ekan. Buni eshitib, hatto “You­Tube” asoschilari – Stich Chen, Chad Xyorli, Javed Karim ham hayron qolgan bo‘lsa kerak.

“YouTube” yuzasidan tengdoshlarimiz orasi­da o‘tkazgan kichik so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ko‘pchilik undan biror shirinlik yoki taom retseptini bilib olish, sevimli serialining o‘tkazib yuborilgan qismini tomosha qilish yoki qaysidir sohaga aloqador videoqo‘llanmalar bilan tanishish uchun foydalanar ekan.

Xo‘sh, “mo‘jizalar makoni” deb taʼriflanuvchi platformada biz, yoshlar uchun foydali qanday kontentlar bor? Tan olish kerak, o‘tgan yillarga nisbatan o‘zbek tilida nisbatan sifatli materiallar paydo bo‘la boshladi. Bir qancha blogerlar o‘z sahifasi orqali qiziqarli sayohatlar haqida videolavhalar tayyorlasa, vlogerlar o‘z vloglaridagi chiqishlari bilan omma eʼtiborini tortib, katta auditoriyani jamlay oldi. Ayniqsa, millat yosh­lari uchun manfaatli loyihalarning ko‘payganini, platforma esa targ‘ibot ishlarida yaxshi yordam berayotganini eʼtirof etish lozim.

“O‘ZBEKISTONLIK”DAN “SUBYEKTIV”GACHA

Juda katta hajmdagi kontentlar to‘plangan saytdan eng keraklilarini ajratib olish mushkul, ammo uddalasa bo‘ladigan ish. Demak, bugun siz bilan mana shunday foydali kontentlar haqi­da suhbatlashamiz.

“Mahsulot” deganda uning qay­si tilda uzatilayotgani ham eʼtibor­ga olinishi lozim. Masalan, Yosh­lar ishlari agentligining loyihalari doirasida yoshlarimiz uchun juda ko‘p videokontentlar yaratilib, plat­formaga joylab borilmoqda. Ular orasida, ayniqsa, katta-yu kichik eʼtiborini birdek jalb eta olgan va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “O‘zbekistonlik” hujjatli filmlari ahamiyatli.

Dastlab joriy yilning 12-martida AQShda mu­vaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqidagi taʼsirli hikoyalarni o‘z ichi­ga olgan film namoyishi bo‘ldi. Ungacha eʼlon qilib borilgan kichik lavha va anonslar kuzatuvchilarning kuchli qiziqishlariga sabab bo‘layotgan edi. Ikkinchi qism ham ko‘p kuttirmadi, uni hayot qiyinchiliklarini yengib, mu­vaffaqiyatga erishgan Ger­maniyadagi vatandoshlar hikoyasining mantiqiy davomi deyish mumkin. “Germaniya epizodi” qah­ramonlarining hikoyasi yuk­sak cho‘qqilarni zabt etishga shay yoshlar jahon miqyosi­da O‘zbekistonning ijobiy imijini saqlab qolishga intilayotgan har bir o‘zbekistonlik uchun kuchli motivat­siya beradi. Yana bir ahamiyatli jihati, ikkin­chi qism o‘zbekistonlik talabalarning Germaniyada tahsil ola boshlaganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan suratga olinganidir.

Platformadagi “Chegarasiz” loyihasi harakatlanishi yoki salomatligida muammo­lari bor, biroq imkoniyatlari chegaralanmagan o‘zbek yoshlari haqida hikoya qiladi. 7 qism­dan iborat va har bir sonida o‘zgacha dunyo­si bo‘lgan qahramonlar bilan tanishtiruvchi bu kontentni, albatta, tomosha qilishingizni istardik!

Shu bilan birga, nafaqat ruhlantiruvchi, balki yangi bilimlar berib, dunyoqarashingizni ken­gaytiruvchi kontenlar ham bor. Ulardan biri Jamshidxon Ziyoxonov muallifligida taqdim etib kelinayotgan “Subyektiv” loyihasidir. Shu kungacha eʼlon qilingan sonlarni tomosha qilib, dunyoda, hatto jamiyatimizda biz bilmagan yoki eʼtibor bermagan juda ko‘p va rang-barang mavzular, muammolar borligiga amin bo‘lasiz.

PUL TO‘LAMAYDI…

Shuni ham eʼtiborga olish kerakki, tarmoqdan nafaqat tomoshabin sifatida, balki video yaratuvchi sifatida ham foydalanishingiz mum­kin. Eng qizig‘i, bugun “YouTube”dan ham foyda­lanishingiz, ham daromad olishingiz uchun imkoniyat eshiklari ochiq. Bu haqda bizga yutuber va dasturchi Mirshohid Ismatov o‘z faoliyati misolida gapirib berdi:

“Bu faoliyat turini mustaqil o‘rgan­moqchi bo‘lganlar uchun bugun biroz qiyinchiliklar bor, chunki oddiy telefonda tayyorlangani va mahsulotning mavzusiga qarab ham uning qanchalik muvaf­faqiyatli bo‘lishini taxmin qilish mumkin. O‘z muallifligimda­gi kanal misolida oladigan bo‘lsam, taʼlim yoki shu kabi foydali mavzudagi videolar “shok xabar” yoki qandaydir “hayp”larga solishtirganda juda kam tomosha qilina­di, baʼzan deyarli ko‘rilmaydi. Masalan, videomontaj qilish bo‘yicha video dars yaratib, kanalimga joyladim, bepul bo‘lishiga qaramay,

3 mingga yaqin kishi ko‘rdi, xolos! Ammo o‘z ustida ishlab, shu sohada muvaffaqiyat qozonish­ni istagan yosh yigit-qizlar uchun, avvalo, yo‘nalish tanlab olishni masla­hat bergan bo‘lar edim – chet elda taʼlim, ingliz yoki koreys tilini o‘rgatish, oshpazlik yoki quruvchilik kabi. Qanday mavzu bo‘lgan taqdirda ham boshqalar uchun manfaat keltirishni birin­chi o‘ringa qo‘ying. Platformadan pul ishlash mumkin, ammo biroz xafa qiladigan jihati ham bor, bu – kanalingizga joylangan videoni O‘zbekiston emas, chet davlatdan turib ko‘ril­gani uchungina pul to‘lashlari mumkin. Bu pullarni esa O‘zbekistonda turib yechib olish mumkin. Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston­da turib tomosha qiladigan auditoriya uchun “YouTube” pul to‘lamaydi. Agar siz isteʼdodli va o‘z ishini sevadigan mutaxassis bo‘lsan­giz, tashqi reklamalar – kitob, biror oziq-ovqat yoki kiyim-kechak reklamasi orqali yaxshigina mablag‘ ishlashingiz mumkin”.

Aziz tengdoshlar, ko‘rib turganingizdek, qo‘limizdagi har qanday narsadan imkoniyat sifatida foydalana olamiz. Faqat ozgina qunt va harakat qilish kifoya.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish