Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Metr” o‘lchovi qachon tasdiqlandi?

19.10.2023 3374

Muzaffar Qosimov tayyorladi

Bugun butun dunyo metr o‘lchov birligidan foydalanadi. Yagona o‘lchovning borligi ko‘plab chigalliklarning oldini oladi. Tasavvur qiling, siz bozordan 10 metr gazlama sotib olishingiz kerak. Lekin bazzoz sizga matoni 10 gaz o‘lchab beradi. Uyga kelib qarasangiz, mato siz kutgandan taxminan 4 metr kalta va bundan xunob bo‘lasiz. Bunda, albatta, gap o‘lchov birligida bo‘lib, shunday chalkashliklarning oldini olish uchun ham o‘lchov birliklari hamma joyda yagona va bir xil bo‘lishi shart.

Hozir dunyoning deyarli barcha davlatlarida yagona o‘lchov tizimi – metrdan foydalaniladi. Lekin bu yagona tizim qabul qilinishidan avval savdogarlarni va oddiy odamlarni ham yuqoridagi kabi birliklardagi chalkashliklar ko‘p adashtirar edi. Jahonning turli mamlakatlarida mutlaqo o‘ziga xos, nostandart birliklar qo‘llanilardi va bu odatda o‘sha joyning mahalliy sharoitidan, an’analaridan kelib chiqardi.

Hatto mamlakatlarning ichki hududlarida, aytaylik, viloyat va shaharlarida ham boshqa-boshqa birliklar qo‘llanishi oddiy hol bo‘lib, masalan, XVIII asrda Fransiyaning turli shahar va hududlarida faqat og‘irlik o‘lchov birligining o‘zi uchun 100 xildan ziyod birliklar mavjud bo‘lgan. Bu muhandislik hisob-kitoblarida va dengizchilikda ham katta muammolar tug‘dirar edi. Chunki bir shahar uchun loyihalangan ko‘rkam uylarni boshqa shaharda qurmoqchi bo‘lishsa, xunuk va xatarli binolar yuzaga kelardi, navigatsiya jadvallari esa kemalarni riflarga boshlab borib urar edi.

Ayniqsa, Lyudovik XVI hukmronligining oxirgi yillarida, farang inqilobi boshlanish arafasida Fransiyaning soliq amaldorlari dehqonlarni aynan shu o‘lchov birliklari orqali chuv tushirib, katta soliqlarni undirishgan. Qallobliklar tobora ortavergan, dehqonlarga yer maydoni uchun soliq solishda otni kallasidek qiymatlar chiqargan o‘lchovlar, dala maydoniga nisbatan olingan hosil hisobini yuritishda, ya’ni dehqonning o‘zining haqini hisoblashga kelganda mutlaqo boshqacha raqamlarni berib turavergan. Natijada, alamzada dehqonlar bunday qalloblikdan qattiq norozi bo‘la boshlagan.

Mamlakatda shundoq ham ijtimoiy-siyosiy vaziyat taranglashib kelayotgan bir paytda yana boshqa ko‘plab omillar o‘laroq, ushbu chigallik ham xalqning g‘azabini keltirar edi. Shu sababli 1780–1790-yillarda avj olgan va tarix kitoblarida “Buyuk Farang inqilobi” deb tilga olinadigan jarayonda oddiy xalq vakillarining hukumat oldiga qo‘ygan talablaridan biri aynan o‘lchovlarni yagona tizimga keltirish va tartibga solish bo‘lgan edi.

Inqilob amalga oshib, Milliy ta’sis majlisi faoliyat boshlagach, uning yig‘inlaridan birida Sharl Moris Taleyran (1754–1838) ismli yepiskop nutq so‘zlagan. Taleyran o‘z nutqida xalqning talablarini sanab o‘tish asnosida o‘lchov tizimini ham tartibga solish kerakligini aytib o‘tgan. U aniq fanlar sohasi olimlarida anchadan beri mavjud bo‘lgan taklif – metrni Yer meridiani uzunligiga bog‘lash fikrini o‘rtaga tashlagan.

Farang inqilobi juda ko‘p narsalarni radikal o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlar bilan yodda qolgan. Xususan, inqilobchilar hatto oy nomlarini ham o‘zgartirish bilan cheklanmasdan, soatni ham 24 soatlik qilmay, balki 100 soat, 100 daqiqa va 100 soniyaga tenglashtirmoqchi bo‘lishgan. Qanchalik absurd bo‘lmasin, o‘nlik sanoq sistemasiga o‘tish harakatlari yuzasidan vaqt hisobini ham shu tizimga solish fikri o‘sha payt jiddiy ko‘rib chiqilgan. Shu mulohazalarga ko‘ra, metr Parij meridiani uzunligining 1/40000000 qismiga teng deb qabul qilingan.

Bir metr aniq keltirib chiqarilgach, uning asosida litrni ham olish mumkin edi. G‘oyaga ko‘ra, 10 kub sm roppa rosa 1 litr deb qabul qilinishi va 1 litr suvning vazni esa 1 kg deb olinishi ko‘zda tutilgan edi. Ta’sis kengashining maxsus qarori bilan Parij meridiani uzunligini aniqlash va uning asosida metrning aniq uzunligini keltirib chiqarib, etalon tayyorlash uchun maxsus ilmiy guruh tuzilgan.

Uning tarkibiga o‘sha paytning eng yirik olimlari bo‘lgan Jan Batist D’Alamber va Pyer Mishen ham jalb qilinib, ular boshchiligida eng malakali geodeiziya mutaxassislaridan iborat guruh Dyunkerk va Barselona shaharlaridan o‘tadigan meridianning to‘qqiz daraja va 40 daqiqaga teng yoyining uzunligini triangulyatsiya (trigonometrik yechish) usuli bilan o‘lchab chiqqan. Bu ishni uddalash uchun umumiy hisobda yetti yil vaqt ketgan.

Shu sababli 1792-yilning 25-iyulida boshlangan o‘lchov ishlarining yakunini kutmasdan, Fransiyaning o‘sha paytdagi muvaqqat hukumati 1793-yilning 1-avgust sanasidan e’tiboran mamlakatda yagona metr o‘lchov tizimini joriy qilish haqida qaror qabul qilgan. Fransuzlarning o‘sha metri hozirgidan biroz farqli va muayyan kichik xatolikka ega bo‘lsa hamki, birliklarni yagona tizimga solish borasidagi ilk rasmiy urinish sifatida tarixga kirgan hamda metr o‘lchov birligi rasman joriy qilingan ilk namuna o‘laroq qayd etilgan.

Albatta, keyinchalik Fransiyada inqilob bo‘ronlari tindi va tizim yanada mukammallashtirildi. Metrning kutilgan etaloni esa faqat 1795-yilga kelib platinadan tayyorlandi. Barcha shahar va qishloqlar uchun ushbu etalondan nusxalar tayyorlab jo‘natildi. Fransiya ilk bora butun mamlakat bo‘ylab yagona o‘lchov sistemasidan foydalana boshladi. Joriy qilingan tizimning mohiyati va naqadar muhimligini tez orada nafaqat olimlar, balki endi siyosatchilar, savdogarlar va oddiy xalq ham tushunib yeta boshlagan edi.

U naf berayotganini ko‘rgan Milliy Kengash a’zolari qarorga “Barcha zamonlar va xalqlar uchun!” degan bir qarashda o‘ta pafosli jumlani ham kiritib qo‘yishgan edi. Keyinchalik o‘sha zamon Fransiyasi olimlari keltirib chiqargan metr va uning asosidagi etalon biroz xato ekani aniqlandi. Bir litr suv ham aniq bir kilogramm kelmasligi oydinlashdi. Xalqaro standartlar va birliklar sistemasida metrning Parij etalonidan voz kechildi va avvaliga u kripton-86 atomining 2P10 va 5d5 sathlararo o‘tishiga muvofiq keladigan vakuumdagi nurlanishning 1650763,73 qismiga teng ekani belgilandi (1960-yil).

1983-yilga kelib esa u hozirgi ta’rif bo‘yicha o‘zgartirilgan va endilikda bir metr bu yorug‘likning vakuumda soniyaning 1/299792458 qismida bosib o‘tgan masofasiga teng deb qabul qilingan. Ya’ni u o‘zgarib qolishi mumkin bo‘lgan qandaydir buyum etalonlarga nisbatan emas, balki tabiatdagi eng asosiy o‘zgarmas qiymatlardan biri – yorug‘lik tezligiga bog‘lab qo‘yilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish