Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

OAK: I chorak natijalari

8.4.2026 980

8-aprel kuni Oliy attestatsiya komissiyasida I chorak yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkaziladi va journalist va faollarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida attestatsiya jarayonlari soddalashtirilib, ortiqcha byurokratik bosqichlar qisqartirilgan. Tizim bosqichma-bosqich raqamlashtirilgani esa jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

2026-yilning dastlabki uch oyida OAK qarorlariga muvofiq 1081 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD), 192 nafari esa fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkichlar ilmiy faoliyatga qiziqish ortib borayotganini va ilmiy maktablar rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 652 nafar talabgorga ilmiy unvonlar berildi. Ularning 483 nafari dotsent, 133 nafari professor va 36 nafari katta ilmiy xodim sifatida tasdiqlangan.

Hisobot davrida xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishildi. Xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan 26 ta ilmiy daraja diplomi nostrifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, 18 ta falsafa doktori (PhD) diplomi to‘g‘ridan to‘g‘ri fan doktori sifatida tan olindi. Bu esa milliy ilmiy tizimning xalqaro standartlarga moslashib borayotganidan dalolat beradi.

Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. I chorak davomida kelib tushgan 99 ta murojaatning barchasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularga tegishli javoblar berilgan. Bu esa tizimda murojaatlar bilan ishlash mexanizmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ilmiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotlarni kuchaytirish maqsadida hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etilgan. 12 ta hududda o‘tkazilgan uchrashuvlarda 3 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olinib, yuzlab savollarga tushuntirish berilgan. Bir qator tadqiqotchilarga joyida uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak: normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq himoyaga qo‘yilgan barcha dissertatsiyalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar belgilangan tartibda amaliyotga joriy etilgan. Bu esa ilmiy ishlanmalar faqat nazariy darajada qolmay, amaliy sohalarga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, ilmiy ishlarni palagiat tekshiruvidan o‘tkazishda endi sun’iy intellektdan ham foydalaniladi. Bu jarayon hali sinov bosqichida, ammo jarayon muvaffaqiyatli ketayotgani aytilmoqda. Yana bir yangilik tadqiqotlardagi kamchiliklarni tekshirish ilmiy ish himoyasiga qadar amalga oshirish tizimi joriy qilinib, ishlab kelayotgani bo‘ldi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, kamchiliklarni vaqtida, samarali yechim bilan to‘g‘rilash imkonini yaratadi. Shuningdek, tadbir davomida OAK tomonidak kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib, takliflar ham eshitildi. Xususan, hamkor tashkilotlar, ilmiy-tekshiruv xulosa beruvchi komissiyalar bilan ishlashda aniq vaqt belgilangan mexanizm joriy qilish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy salohiyatni oshirish, attestatsiya tizimini takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish