Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Maktabda sun’iy intellekt: Bolalarga mehr bera olmaydi

7.8.2026 43

Elyor ABDUNABIYEV, Angren shahridagi 8-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari  

Oxirgi vaqtlarda qayerga qaramang, sun’iy intellekt haqida gap ketadi. Bizning maktab o‘qituvchilar xonasi ham bundan mustasno emas – tanaffuslarda ko‘pincha shu mavzu atrofida bahs boradi. Kimdir “yaqin orada kompyuterlar bizning o‘rnimizni egallaydi”, deydi jiddiy tashvish bilan. Kimdir esa qo‘l siltab, “bu ham o‘tkinchi moda, tez orada unutiladi”, deb qo‘ya qoladi.

Yigirma yildan ortiq doska va bo‘r bilan, so‘nggi yillarda esa elektron doska bilan ishlab kelgan oddiy maktab o‘qituvchisi sifatida men bu ikki qutb o‘rtasida o‘zimga xolis javob topishga harakat qildim.

Avvalo, tan olish kerak: bugungi o‘qituvchining ish yuki faqat darsxonada o‘tkaziladigan qirq besh daqiqa bilan cheklanmaydi. Qog‘ozbozlik, dars ishlanmalari, har bir o‘quvchi uchun alohida topshiriqlar tayyorlash, daftarlarni tekshirish – bular bari ko‘rinmas, ammo og‘ir mehnat. Ilgari bitta mavzu bo‘yicha turli darajadagi o‘ttizta test tuzish uchun kamida bir soat vaqt ketardi, hozir sun’iy intellektga to‘g‘ri so‘rov bilan bu ish bir necha daqiqada bajariladi.

Darsni odatiy bo‘lmagan tarzda boshlash, o‘quvchida qiziqish uyg‘otadigan o‘yin va topshiriqlar o‘ylab topish borasida ham u ajoyib manba bo‘lib xizmat qiladi. Yana muhimi – har bir bola bir xil jadallikda o‘zlashtirmaydi: kimdir matematikani sekinroq, kimdir tezroq tushunadi, sun’iy intellekt shu farqni hisobga olib, moslashtirilgan mashqlar tuzishga ko‘maklashadi. Shu ma’noda u o‘qituvchini qator ishlardan ozod qilib, uning e’tiborini eng muhim narsaga – bola bilan jonli muloqotga qaratishga imkon beradi.

Lekin barcha ishni unga topshirib qo‘yish to‘g‘rimi degan savolga javobim aniq: yo‘q. Sun’iy intellekt qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, oxir-oqibat berilgan ma’lumotni algoritmlar asosida qayta ishlaydigan dastur, xolos. Uning yeta olmaydigan narsalari bor. Masalan, mehr va tarbiya – o‘qituvchilik faqat bilim uzatish emas, balki bolaning ko‘ziga qarab kayfiyatini bilish, tushkunlikka tushganda yonida turish, xatosini muloyimlik bilan to‘g‘rilash demakdir. Buni kompyuter his qila olmaydi.

Maktab, umuman olganda, faqat darsxona emas, balki bolalar bir-biri va katta yosh vakillari bilan muloqot orqali jamiyatda yashashni o‘rganadigan ijtimoiy makon. Bundan tashqari, ishonchlilik masalasi ham jiddiy: sun’iy intellekt ba’zida noto‘g‘ri ma’lumotni ham to‘liq ishonch bilan taqdim etishi mumkin, tajribali o‘qituvchi hech qachon tayyor javobni tekshirmasdan o‘quvchiga uzatmaydi. Bugungi kunda yana bir muammo ham ko‘zga tashlanmoqda – ba’zi o‘quvchilar uy vazifasini o‘zlari izlanib bajarish o‘rniga tayyor javobni sun’iy intellektdan olib qo‘ya qolishmoqda. Bu ularning mustaqil va tanqidiy fikrlash qobiliyatini susaytirishi mumkin.

Shunday qilib, mening nazarimda, sun’iy intellekt o‘qituvchining na raqobatdoshi, na uning o‘rnini bosuvchi kuch. U – o‘z vaqtida ta’limga kirib kelgan kalkulyator, kompyuter yoki internet kabi oddiygina yangi bir qurol. Sun’iy intellekt o‘qituvchining o‘rnini egallay olmaydi, ammo undan foydalanishni o‘rgangan o‘qituvchi, shubhasiz, foydalanmaydiganidan bir necha qadam oldinda bo‘ladi. Asosiysi – muvozanatni saqlash: texnologiyani o‘zimizga xizmat qildirish, lekin uning quliga aylanib qolmaslik. Eng muhimi, maktabdagi samimiy, jonli inson muhitini har qanday holatda ham asrab qolish kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish