XXI asrda ommaviy madaniyat global ijtimoiy hodisaga aylanib, inson ongi, dunyoqarashi va qadriyatlar tizimiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Raqamli texnologiyalar, kinoindustriya, komikslar va internet platformalari orqali yaratilayotgan obrazlar ayniqsa yosh avlod tafakkurini shakllantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi kunda bola va o‘smirlar o‘z ideallarini ko‘p hollarda oila yoki maktabdan emas, balki ekran orqali namoyon bo‘layotgan qahramonlar timsolida topmoqdalar. Shu jihatdan superqahramonlar fenomeni nafaqat madaniy, balki ma’naviy va tarbiyaviy masala sifatida ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday keng ommalashgan obrazlardan biri - Venomdir. Marvel qahramoni nomi ham aynan inglizcha “venom” (zahar) so‘zidan olingan bo‘lib, uning tabiati va obrazi ramziy jihatdan “zararli kuch” yoki “ichkiy og‘u” ma’nosini anglatadi. U Marvel komikslari asosida yaratilgan fantastik qahramon bo‘lib, inson tanasiga “simbiot” deb ataluvchi o‘zga sayyora jonzotining birikishi natijasida vujudga keladi. Vyenom oddiy ijobiy qahramon emas, u bir vaqtning o‘zida ham himoyachi, ham buzg‘unchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Uning tabiati inson va begona biologik mavjudot uyg‘unligidan tashkil topgan bo‘lib, mazkur ikkilik obrazning ichki ziddiyatlarini belgilab beradi. Shu bois Venom kuch va qudrat ramzi sifatida talqin qilingani holda, ayni paytda qasos, agressiya va ichki qarama-qarshilik timsoli sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Mazkur obrazning ommalashuvi tasodifiy emas. Zamonaviy kino va media mahsulotlarida “agressiv qahramon” konsepsiyasi keng tarqalmoqda. Ya’ni mutlaq yaxshilik yoki mutlaq yomonlik emas, balki axloqiy jihatdan murakkab, ichki kurashlarga to‘la personajlar markazga chiqmoqda. Bu esa yoshlar ongida qahramonlik, adolat, kuch va javobgarlik kabi tushunchalarning qayta talqin qilinishiga sabab bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, Venom fenomenini faqat fantastik kino qahramoni sifatida emas, balki ommaviy madaniyat orqali shakllanayotgan ma’naviy ta’sir vositasi sifatida o‘rganish muhimdir. Ayniqsa, oilaviy tarbiya, milliy qadriyatlar va yoshlar psixologiyasi nuqtai nazaridan ushbu obrazning ta’sirini tahlil qilish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Ushbu maqolada Venom fenomeni ommaviy madaniyat hodisasi sifatida tahlil qilinib, uning inson ongiga ta’siri, axloqiy-tarbiyaviy jihatlari hamda oila va farzand tarbiyasiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ijobiy va salbiy ta’sirlari ilmiy-analitik yondashuv asosida yoritiladi.
Venomning ommaviy madaniyatdagi o‘rni
So‘nggi o‘n yillikda Venom obrazi global ommaviy madaniyatning faol elementlaridan biriga aylandi. Marvel kinoindustriyasi tomonidan yaratilgan filmlar va komikslar orqali ushbu qahramon nafaqat ko‘ngilochar mahsulot sifatida, balki muayyan madaniy fenomen sifatida ham shakllandi. Kassa tushumlari yuqori bo‘lgan filmlar, millionlab nusxada tarqalgan komikslar va raqamli platformalardagi keng auditoriya Venomning ommalashuv darajasini yaqqol namoyon etadi.
Birinchidan, Venom yoshlar orasida mashhur brendga aylandi. Uning qora rangli, o‘tkir tishli va qo‘rqinchli tashqi ko‘rinishi zamonaviy “agressiv estetika”ga qiziquvchi o‘smirlar uchun jozibador obraz sifatida qabul qilinmoqda. Masalan, maktab yoshidagi bolalar va o‘smirlar orasida Venom tasviri tushirilgan futbolka, sumka, telefon g‘ilofi va aksessuarlar keng tarqalgan. Bu holat qahramonning kino doirasidan chiqib, kundalik hayot madaniyatiga singib borayotganini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, Venom obrazi tijoriy mahsulotlarda faol qo‘llanilmoqda. O‘yinchoqlar, kompyuter o‘yinlari, plakatlar, kolleksion buyumlar va reklama mahsulotlari orqali u bozor iqtisodiyotining bir qismiga aylangan. Masalan, bolalar uchun mo‘ljallangan ayrim o‘yinchoqlar va mobil o‘yinlarda Venom personaji markaziy qahramon sifatida ishtirok etadi. Bu esa obrazning bolalar psixologiyasiga erta yoshdan kirib borishiga sharoit yaratadi.
Uchinchidan, Venom “agressiv qahramon” (anti-hero) konsepsiyasini ommalashtirmoqda. An’anaviy superqahramonlar (masalan, mutlaq yaxshilik timsoli bo‘lgan obrazlar)dan farqli ravishda, Venom axloqiy jihatdan murakkab va ziddiyatli xarakterga ega. U adolat o‘rnatishni maqsad qilsa-da, bunga agressiya va zo‘ravonlik orqali erishadi. Masalan, film syujetlarida u jinoyatchilarni shafqatsiz tarzda yo‘q qiladi, bu esa “kuch orqali adolat” g‘oyasini ilgari suradi. Bunday yondashuv yoshlar ongida kuch va zo‘ravonlikni qahramonlik bilan bog‘lash ehtimolini oshiradi.
Shu jihatdan qaraganda, Venom obrazi oddiy kino qahramoni emas, balki ommaviy madaniyat orqali muayyan estetik va axloqiy g‘oyalarni tarqatuvchi vositaga aylangan. Uning keng tarqalishi yoshlar ongiga agressiv kuch, ichki ziddiyat va qorong‘u estetikani jozibador shaklda taqdim etmoqda. Demak, mazkur fenomenni faqat ko‘ngilochar industriya mahsuli sifatida emas, balki ijtimoiy-psixologik ta’sirga ega madaniy hodisa sifatida baholash maqsadga muvofiqdir.
Insoniyatga ta’siri: ijobiy jihatlar
Venom obrazi ko‘pincha agressiv va zo‘rovonlik qahramon sifatida talqin qilinsa-da, uning inson ongi va ma’naviyatiga ta’sir qilishda ayrim ijobiy jihatlari ham mavjud. Bu jihatlar asosan shaxsiy rivojlanish, axloqiy tushunchalar va murakkab qahramonlik obrazi orqali namoyon bo‘ladi.
Ichki kurash g‘oyasi. Venom obrazi insonning ichki qarama-qarshiliklarini ko‘rsatadi. U kishining o‘z salbiy va konstruktiv bo‘lmagan xislatlari bilan qanday kurashishi, ularni boshqarish va ijobiy yo‘nalishda qo‘llash mumkinligini ramz sifatida namoyon qiladi. Masalan, Venom filmlarida asosiy qahramon Eddi Brok o‘z agressiyasi va “simbiot” bilan bog‘liq ichki qarama-qarshiliklarini nazorat qilishga harakat qiladi. Bu yoshlar uchun inson hayotida o‘z his-tuyg‘ulari va ichki xislatlarini tushunish va boshqarish muhimligini ko‘rsatadi.
Javobgarlik mavzusi. Venom kuchli, ko‘p vaqtlarda yengilmas qudratli qahramon sifatida tasvirlanadi. Bu esa kuch va imkoniyatlar faqat inson uchun emas, balki mas’uliyat bilan ham bog‘liq ekanini anglatadi. Masalan, film syujetlarida Eddi Brokning Venom bilan birgalikdagi harakatlari ko‘pincha aholini himoya qilish, badal to‘lash va adolatni tiklashga qaratilgan. Shu tariqa, yoshlar ongida qudrat va imkoniyatlar faqat shaxsiy manfaat uchun emas, ijtimoiy javobgarlik uchun ham qo‘llanilishi kerakligi tushuntiriladi.
Qahramonlikning yangi shakli. Venom an’anaviy “ideal” qahramon - mutlaq yaxshilik va poklik timsoli emas. U murakkab, ayrim holatlarda etik jihatdan ziddiyatli xarakterga ega. Bu obraz yoshlar uchun qahramonlikning yangi shaklini namoyon etadi - qahramon faqat yuksak axloqiy qadriyatlarni qo‘llamaydi, balki ichki qiyinchiliklar va qarama-qarshiliklar bilan kurashish orqali ham o‘z qadriyatlarini namoyon qiladi. Masalan, Venom va Eddi Brokning bir vaqtda hayotiy va “agressiv” yo‘nalishda harakatlari, qahramonlik tushunchasini kengaytiradi.
Biroq, bu ijobiy xususiyatlar ko‘p hollarda yoshlar tomonidan to‘liq anglanmaydi. Ular ko‘pincha tashqi ko‘rinish - qudrat, qo‘rqinchlilik va agressiya orqali qabul qilinadi. Masalan, bolalar va o‘smirlar Venomni “kuchli va qo‘rqinchli qahramon” sifatida ko‘p vaqt sarmoya qiladi, ammo ichki kurash, mas’uliyat va qahramonlikning murakkab jihatlari ular uchun nazarda tutilishi kam. Shu tariqa, Venom obrazi inson ongida ijobiy ta’sir qiladigan qator jihatlarga ega: ichki kurash g‘oyasi, qudrat va mas’uliyatni bog‘lash, qahramonlikning yangi shaklini ko‘rsatish. Ammo bu ta’sirni to‘liq anglash va ma’naviy rivojlanish uchun o‘quvchi va yoshlar uchun mukammal tahlil va tushuntirish zarur. Ushbu fenomen ommaviy madaniyat orqali o‘z ta’sirini ko‘rsatsa-da, tarbiya va ma’naviy bilim bilan qo‘llab-quvvatlanganda samarasi oshadi.
Oila va farzand tarbiyasi nuqtai nazaridan tahlillar
Venom obrazi ommaviy madaniyatda qudrat, agressiya va “antiqahramon” sifatida namoyon qilinadi. Bu ko‘pincha qiziqarli va dramatik bo‘lsa-da, oila va farzand tarbiyasi nuqtai nazaridan ayrim xavf va salbiy ta’sirlarni ham olib kelishi mumkin.
- Agressiyaning estetikalashuvi. Venom obrazi zo‘ravonlikni va agressiyani estetik, dramatik va qudrat ramzi sifatida taqdim etadi. Kino va komikslarda u qudratli, qo‘rqinchli va hamisha muvaffaqiyatli qahramon sifatida ko‘rsatiladi. Bu jarayon bolalar ongida noto‘g‘ri xulq-atvor tushunchalarini shakllantirishi mumkin. Masalan:
Kuch - qo‘rqinchlilik: Venomning fizik kuch va agressiv harakatlari ko‘pincha qahramonlik sifatida ko‘rsatiladi. Bolalar buni “juda kuchli odam hamisha boshqalardan ustun” degan noto‘g‘ri tushuncha bilan bog‘laydi. Misol uchun, “Venom” (2018) filmda Venom qahramonlar va dushmanlar bilan kurashda jismoniy qudratini namoyish etadi, bu sahna ko‘rinishi bolalarda kuch va qo‘rqinchlilikning bir-biri bilan bog‘liqligi tushunchasini shakllantirishi mumkin.
Ustunlik - zo‘ravonlik: Agressiya va zo‘ravonlik orqali g‘oliblikni ta’minlash tushunchasi paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, komikslarda Venom dushmanlarini ko‘pincha qo‘rqinch va kuch bilan ta’qiqlaydi. Bu, agar bolalar bu sahna ko‘rinishlarni tahlil qilmasdan qabul qilsa, noto‘g‘ri qudrat tushunchasiga olib kelishi mumkin.
Javobgarlik va ichki kurash. Shu bilan birga, Venom obrazida ijobiy masalalar ham bor. U insonning ichki qarama-qarshiligi va javobgarlik mavzusini ko‘rsatadi:
“Venom: Let There Be Carnage” (2021) filmda Venom simbiot va Eddi Brok o‘rtasidagi ichki qarama-qarshilik tasvirlanadi. Bu bolalarga o‘z ichki hissiyotlari va salbiy e’tiborlari bilan kurashish g‘oyasini tushuntirish imkonini beradi. Qisqacha mazmuni, filmda Venom simbiot va insonlik uyg‘unligi orqali zo‘ravonlik va adolat orasidagi murakkab munosabatni ko‘rsatadi. U asosiy dushman Kleytus Kessidi (Carnage) bilan to‘qnashadi, bu esa jahon va shaxsiy hayotda xaos va tahdidlarni keltirib chiqaradi. Film orqali yoshlar orasidagi qahramonlik, ichki qarama-qarshilik va axloqiy qarorlarni qabul qilish masalalari vizual va emosional shaklda namoyon etiladi.
Komiks(bu rasmlar va matnlar orqali hikoya yoki ma’lumotni vizual shaklda yetkazuvchi badiiy yoki publisistik asar)larda Venom ko‘pincha o‘z qudratidan foydalanishda mas’uliyatni his etadi, ya’ni kuch faqat o‘z manfaati uchun emas, adolat va boshqalarni himoya qilish uchun ham qo‘llanishi lozimligini ko‘rsatadi.
Ota-onalar bolalar bilan Venom filmlari va komikslari bo‘yicha suhbat olib borishlari, uning agressiv harakatlari bilan haqiqiy qahramonlik va mas’uliyatni ajratib berishlari lozim. Masalan: Darajasi yuqori sahna - Venom boshqa shaxslarni qutqarish uchun dushman bilan kurashadi. Bolalarga bu erkaklik va qahramonlikning nafaqat fizik kuchda, balki boshqalarni himoya qilishda ham namoyon bo‘lishi haqida tushuntirish mumkin.
Kino va komikslarda Venomning qobiliyatlarini qudrat va qo‘rqinchlilik bilan namoyon qilsa-da, ota-ona orqali tushuntirish mumkinki, haqiqiy qahramonlik - mas’uliyat va axloqiy qarorlar orqali ham namoyon etiladi. Venom obrazi oila va farzand tarbiyasida ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agressiya va qudrat estetikasi noto‘g‘ri tushunchalarni shakllantirishi mumkin bo‘lsa-da, ota-ona va pedagoglar orqali muvaffaqiyatli tarbiya va muhokama jarayonida bu ta’sir ijobiy qirraga ega bo‘ladi. Bolalar uchun qahramonlik nafaqat fizik kuch va qo‘rqinchlilikda, balki mas’uliyat, adolat va ichki kurashda ham namoyon etilishi lozimligi ta’kidlanadi.
- Milliy qadriyatlar bilan ziddiyat.
O‘zbek oilaviy tarbiyasida asosiy o‘rinni mehr-muhabbat, hurmat, sabr va bag‘rikenglik kabi ma’naviy fazilatlar egallaydi. Bolalarning axloqiy va ma’naviy rivojlanishi ko‘pincha ushbu qadriyatlar asosida tarbiyalanadi, ya’ni ota-onaning samimiy muhabbati, ustozlar va jamoatchilik namunasi bolada mehr va hurmat hissini shakllantiradi. Venom obrazi esa turli holatlarda qasos olish, g‘azab va ichki nafrat orqali harakat qiladi. Masalan: “Venom” (2018) filmida Venom o‘z qudratini dushmanlariga qarshi qo‘llab, qasos olish orqali o‘z maqsadini amalga oshiradi. Bu bolalarda noto‘g‘ri tushuncha - “qudrat va qasos bilan maqsadga erishish mumkin”ligini shakllantirishi mumkin.
Shuningdek, “Venom: Let There Be Carnage” (“Venom: Qirg‘in boshlansin”) (2021) filmida Venom va Kernedj orasidagi ziddiyatda g‘azab va nafrat asosiy qudrat manbai sifatida ko‘rsatiladi. Bu sahna ko‘rinishi bolalarda ichki nafrat orqali harakat qilish ma’qulligini tushuntirishi mumkin. Komikslarda Venomning simbiot (bu biologiyadagi termin bo‘lib, ikki turdagi jonzot yoki organizmning bir-biri bilan yaqin va ko‘pincha foyda oladigan hamkorlikda yashashini anglatadi) bilan bog‘liq ichki qarama-qarshiligi ham shunday axloqiy signal beradi, ya’ni harakatlari doimiy ravishda axloqiy nuqtai nazardan baholanmaydi.
Shu bois, Venom obrazi o‘zbek oilaviy qadriyatlari - mehr, sabr va bag‘rikenglik - bilan to‘qnashadi. Bu ikki tomon orasida ma’naviy ziddiyat yuzaga kelishi mumkin, ayniqsa bolalar va yoshlar uchun. Agar oilada bola faqat Venomning qudrat va zo‘ravonlikka asoslangan harakatlarini ko‘rsa, u holda milliy qadriyatlarni qabul qilish va ular asosida harakat qilish qobiliyati susayishi ehtimoli bor. Demak bu jarayonda, ya’ni Venom filmlari va komikslaridan keyin “Venom qanday harakat qildi, bu harakat milliy qadriyatlarimizga to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi?” degan ma’noda bolalar bilan suhbat olib borish lozim. Axloqiy ziddiyatlarni kundalik misollar bilan qiyoslash kerak, masalan, buning uchun oiladagi mehr-muhabbat va sabr orqali muammolarni hal qilish, olalarni qasos va g‘azab orqali qaror qabul qilish o‘rniga sabr va bag‘rikenglikka asoslangan qarorlarni ko‘rsatuvchi amaliy mashg‘ulotlar bilan tanishtirish yo‘llarini qidirish va ularni tushuntirish lozim.
Shunday qilib, Venom obrazini tahlil qilish orqali ota-onalar va pedagoglar bolalarda milliy qadriyatlar asosidagi ma’naviy tarbiyani mustahkamlay oladi va ommaviy madaniyatdagi zo‘ravonlik va agressiya elementlarini tanqidiy nuqtai nazardan baholashni o‘rgatadi.
- Identifikatsiya muammosi.
Yoshlar psixologiyasida identifikatsiya jarayoni - shaxsning o‘zini turli modellar, obrazlar va qahramonlar orqali tasavvur qilish, o‘z xarakterini shakllantirish jarayoni muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonda yoshlar ko‘pincha ommaviy madaniyatdagi qahramonlar, kino va videoo‘yinlardek mashhur obrazlarni o‘zlariga namuna qilib oladi. Agar shaxsiy identifikatsiya uchun tanlangan obraz agressiv yoki zo‘ravonlikka asoslangan bo‘lsa, bu bolalar va yoshlar ongida qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yoshlar ongi va shaxsiy rivojlanishi jarayonida identifikatsiya - o‘zini kim bilan qiyoslash va kimga o‘xshashni istash jarayoni - muhim ahamiyat kasb etadi. Agar bu jarayonda tanlangan obrazlar agressiv, qudratga asoslangan yoki noto‘g‘ri axloqiy yo‘nalishda bo‘lsa, bu bolalar va yoshlar psixikasida bir qator muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu ta’sirlar asosan oilaviy muhit va maktab tarbiyasida o‘zini ko‘rsatadi.
Shaxsiy ahamiyat va ongda noto‘g‘ri modellar shakllanishi - yoshlar o‘zini qudrat va zo‘ravonlik orqali namoyon bo‘ladigan qahramonlar bilan qiyoslaydi. Masalan, Venom obrazida ko‘rsatilgan kuch va qo‘rqinchlilik oyoq osti qilinadigan qadriyatlar sifatida talqin qilinishi mumkin. Bu holatda bola qudrat va tahdid orqali muammoni hal qilish - to‘g‘ri va maqbul yo‘l deb hisoblay boshlaydi, bu esa real hayotda noto‘g‘ri munosabatlarga olib kelishi mumkin.
Axloqiy chegaralarning aniq bo‘lmasligi - Venomning harakatlari ko‘pincha qudrat va qasosga asoslangan bo‘lib, u “yaxshimi yoki yomonmi?” degan axloqiy savolga aniq javob bermaydi. Yoshlar uchun bu chegaralarning mutlaq aniqlanmagani demakdir. Ular uchun qahramonning agressiv harakatlari va munosabatlari noto‘g‘ri axloq modellari sifatida qabul qilinadi, bu esa axloqiy ong va qaror qabul qilish jarayonida qiyinchiliklar tug‘diradi.
Ma’naviy ziddiyatlar va milliy qadriyatlardan chalg‘ish - o‘zbek oilaviy tarbiyasida asosiy qadriyatlar - mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, sabr va odob-axloqdir. Venom obrazi esa ko‘proq qasos, g‘azab va ichki nafrat orqali harakat qiladi. Shu bois, yoshlar uchun bunday obrazlar milliy va oilaviy qadriyatlar bilan ziddiyat yuzaga kelishi mumkin. Natijada bolada ichki qarama-qarshilik, xulosalar va axloqiy me’yorlarni aniqlashda qiyinchiliklar paydo bo‘ladi.
Zo‘ravonlikni normallashtirish - Venom obrazi ko‘p hollarda zo‘ravonlik orqali maqsadga erishadi. Masalan, filmlarda u dushmanlarning harakatlarini qasos va qo‘rqinch bilan qaytarib, “kuch - bu natija” degan noto‘g‘ri xabarni yoshlar ongiga uzatadi. Bu ko‘pincha bolalarda va o‘smirlarda zo‘ravonlikni muqarrar va ma’qul amal sifatida qabul qilishga olib kelishi mumkin. Misol: “Venom: Let There Be Carnage” filmda Venom Kernedjga qarshi kurashadi. Bu kurash ko‘pincha qudrat va agressiya namoyon etilishi bilan bog‘lanadi va yoshlar uchun qudratni zo‘ravonlik bilan uyg‘unlashtirish tushunchasini shakllantirishi mumkin.
Qo‘rqinchli estetikani romantiklashtirish - Venomning qorong‘u va qo‘rqinchli ko‘rinishi film va komikslarda estetik jihatdan jozibadorligini oshiradi. Bu holat bolalar va yoshlar uchun qudrat va qo‘rqinchlilikni “ijobiy va jozibali” his qilishga olib kelishi mumkin. Misol: Filmlarda Venomning qora tana teksturasi va ko‘zlarining yonish effekti ko‘p marotaba vizual ta’sir sifatida namoyon etiladi. Bu orqali u qudratli va “maxfiy” qahramon sifatida qabul qilinishi mumkin.
Bolalar psixologiyasiga salbiy ta’sir - agressiv va qudratli obrazlar bolalarda identifikatsiya muammosiga olib keladi. Ular o‘zini shu qahramon bilan qiyoslab, noto‘g‘ri axloqiy va ijtimoiy modellar qabul qilishi mumkin. Bundan tashqari, emosional nazorat va stress bilan kurashish qobiliyati zaiflashishi ehtimoli ham mavjud. Misol: Komikslarda Venomning salbiy harakatlari yoshlar uchun “agressiya muvaffaqiyat kaliti” degan noto‘g‘ri signal beradi.
Mafkuraviy ta’sir - global ommaviy madaniyat orqali milliy ma’naviy makonga ta’sir qilishda Venom kabi qahramonlar muhim o‘rin egallaydi. Bunday obrazlar yoshlarga xalqaro komiks va filmlardagi agressiv hamda qarama-qarshi qahramonlik modellarini mahalliy oilaviy qadriyatlar bilan to‘liq taqqoslamay qabul qilish ehtimoli yuqori bo‘lib, natijada milliy ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Misol uchun Yaponiya, AQSH va Yevropa tomonlarida Venomga oid videoo‘yinlar va multimedia mahsulotlari bolalar va o‘smirlar uchun ommaviy vosita sifatida xizmat qiladi. Bu orqali global ommaviy madaniyatning agressiv elementlari milliy oilaviy qadriyatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Identifikatsiya jarayonida agressiv va qudratga asoslangan obrazlarni tanlash yoshlar ongida salbiy oqibatlar tug‘dirishi mumkin, ya’ni noto‘g‘ri shaxsiy modellar, axloqiy chegaralarning aniq bo‘lmasligi va milliy qadriyatlardan chalg‘ish. Venom kabi qudratli va agressiv qahramonlar orqali olinadigan noto‘g‘ri identifikatsiya bolalarning oilaviy qadriyatlarga mos tarbiya olishida to‘siq bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shu bois ota-onalar va pedagoglar filmlar va komikslarni yoshlar bilan muhokama qilib, ularning ma’naviy ma’nosi, axloqiy oqibatlari va real hayotdagi ahamiyati haqida tushuntirish va fikr almashish ishlarini muntazam olib borishi zarur.
Muammolarni hal etish yo‘llari bo‘yicha bir qancha takliflarni ham keltirish mumkin.
Media savodxonlikni oshirish - bolalar va yoshlar ommaviy madaniyat vositalari, ayniqsa filmlar va komikslar orqali turli obrazlar bilan tanishadi. Venom kabi agressiv qahramonlar mazmunini faqat tashqi ko‘rinish orqali qabul qilish salbiy natija berishi mumkin. Shu bois ota-onalar va o‘qituvchilar media savodxonlikni kuchaytirishi, film va komikslardagi syujet va obrazlarni tahlil qilishda yordam berishi kerak.
Muqobil milliy qahramonlar obrazini yaratish - yoshlar uchun milliy qadriyatlarga mos, zamonaviy va jozibador qahramonlar taklif etish lozim. Bu nafaqat madaniy barqarorlikni saqlash, balki oilaviy va milliy tarbiyani kuchaytirishga xizmat qiladi. Misol uchun, o‘zbek animatsiyalari yoki multfilmlarida buyuk o‘zbek olimlari, qahramon ayollar va milliy dostonlar asosidagi obrazlar yanada ko‘paytirilib, ularning qadriyatlari Venom kabi agressiv personajlarga qaraganda bolalar ongiga ijobiy ta’sir qiladi.
Nazorat emas, tushuntirish - qat’iy taqiqlar ko‘p hollarda yoshlarda norozilik va qiziqishni oshiradi. Eng samarali yondashuv - tahlil va izoh berish. Bolalarga filmlar mazmunining ijobiy va salbiy jihatlari haqida tushuntirish, ularning o‘z fikrini bildirishiga imkon yaratish. Misol uchun, Venom filmlaridan keyin boladan so‘rash mumkin: “Venom qanday jihatlari sizni qiziqtirdi? Uning harakatlari haqiqiy hayotda to‘g‘rimi?” Shu tariqa bolada tanqidiy fikrlash va axloqiy baholash qobiliyati rivojlanadi.
Oilaviy muloqotni kuchaytirish - film yoki komiksni tomosha qilishdan so‘ng oilaviy muhokamalar tashkil etish zarur. Bu nafaqat film mazmunini tushunishga yordam beradi, balki oilaviy qadriyatlar va tarbiyani mustahkamlaydi. Misol uchun, Venom filmidan so‘ng ota-ona va bola birgalikda Venomning ichki qarama-qarshiliklarini tahlil qilishi, “qaysi harakatlar ma’qul, qaysilar noto‘g‘ri?” deb baholashi mumkin. Bu amaliyot bolada axloqiy baholash va sabr, hurmat kabi qadriyatlarning shakllanishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa sifatida keltirish mumkinki, Venom - bu shunchaki kino qahramoni emas. U ommaviy madaniyatdagi fenomen sifatida yoshlar ongiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatadi. Unda muayyan ijobiy g‘oyalar, masalan, ichki kurash, mas’uliyat va qahramonlik xususiyatlari mavjud bo‘lsa-da, agressiv va axloqiy noaniq tabiati oilaviy tarbiya jarayonida ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab qiladi.
Shuning uchun asosiy vazifa - ta’qiqlash emas, balki anglash, tahlil qilish va sog‘lom ma’naviy immunitetni shakllantirishdir. Ota-onalar, pedagoglar va psixologlar media savodxonlikni oshirish, milliy qahramonlar orqali muqobil modellar yaratish va oilaviy muloqot orqali yoshlarning axloqiy va ma’naviy rivojlanishini ta’minlashi lozim.
