Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gugurt

9.10.2023 6108

Muzaffar QOSIMOV

Biz gugurt cho‘pini quti chetidagi dag‘al devorga “chirq” etib ishqalab, osongina olov chiqaramiz. Biroq shu chaqnash lahzasida ko‘z o‘ngimizda qanday kimyoviy reaksiyalar sodir bo‘lgani haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Vaholanki, siz-u biz shu tarzda osongina olov chiqarishimiz uchun bir zamonlar ne-ne aql egalari bosh qotirmagan deysiz...

O‘rta asrlarda olov yoqish uchun bir-biriga qattiq urganda o‘zidan uchqun chiqaradigan chaqmoqtoshni qo‘llashgan. Chaqmoqtoshdan chiqqan uchqun oson alangalanadigan suyuqlik yoki xas-xashakka yo‘naltirilgan. U esa uchqundan alangalanib ketgan. Lekin bu usul ancha murakkab bo‘lib, har doim ham muvaffaqiyatli chiqavermagan. Shu sababli, odamlar olovsiz qolmaslik uchun imkon qadar yonib turgan o‘tni o‘chirib qo‘ymaslikka intilgan va cho‘g‘ni ehtiyot qilgan.

Birinchi ajdodi

Keyinchalik quruq cho‘pning uchini erigan oltingugurtga botirib olib, uning cho‘pga yopishib qurishini kutishgan. Va shu tarzda hozirgi gugurtning eng birinchi ajdodini yasashgan. Kallagi qotgan oltingugurtdan iborat cho‘p qizib turgan biror jismga ishqalansa undan olov chiqqan va tezkorlik bilan quruq va yonuvchan narsalarni, masalan, shox-shabbalarni yoki qog‘ozni tutashtirib olish mumkin bo‘lgan.

Shunday davrlarda kimyogar olim Bertolle olov, ya’ni yonish hodisasi aslida kimyoviy reaksiya natijasi ekanini birinchi bo‘lib isbotladi. Agar kaliy gipoxlorit (KCIO) moddasiga oltingugurt kislotasi tomizsa, bir zumda olov chiqishini ko‘rsatib bergan. Bertollening bu kashfiyoti oson olov yoqish masalasiga butunlay boshqa tarafdan yondashish imkonini berdi. Turli yetakchi laboratoriyalarda oddiy va qulay gugurt yaratish borasidagi ko‘p yillik izlanishlar avj oldi. Endi ular u yoki bu kimyoviy modda surtilgan va muayyan sharoitda o‘zidan olov chiqaradigan, qulay, yengil va oson kimyoviy o‘t yoqish vositasini ixtiro qilishga kirishdilar.

Shapsel gugurti

Ilk muvaffaqiyatlardan biri 1812-yilda Shapsel ismli kimyogarga nasib etdi. Uning gugurtlari hali ancha xom bo‘lsa-da, lekin chaqmoqtoshdan ko‘ra ishni ancha tezlatdi. Shapsel gugurti hozirgi gugurtlarga juda o‘xshash bo‘lgan. U ham quruq cho‘pga oltingugurt, kinovar (simob sulfidi – HgS) va Bertolle tuzi qorishmasidan iborat kallak qilingan shaklda bo‘lgan. Biroq Shapsel gugurtining eng katta kamchiligi shu ediki, uni yoqish uchun Quyosh charaqlab chiqib turgan bo‘lishi kerak edi. Ya’ni bu gugurt kallagiga lupa orqali nurni fokuslash zarur bo‘lgan. Bulutli kunda ham, qorong‘ida ham Shapsel o‘z gugurtini yoqa olmagan. Lekin u keyinchalik buning ham yo‘lini topdi. Kechasi gugurt yoqish uchun uning kallagiga ozgina oltingugurt kislotasi tomizsa u alanga oladigan bo‘ldi.

Shapsel gugurtlari juda qimmat va boz ustiga xavfli ham edi. Uni qorong‘ida yoqish uchun albatta oltingugurt kislotasi kerak bo‘lardi va bu juda kuchli kislota bo‘lgani uchun ko‘pincha olov yoqmoqchi bo‘lgan odamlarga jiddiy zarar yetkazardi. Shunday vajlarga ko‘ra, Shapsel gugurti omma orasida ommalashish tugul, hatto uni sotib olishga qurbi yetadigan boylar orasida ham talabgorlar bo‘lmadi. Bundan ko‘ra, o‘sha eski qadrdon chaqmoqtosh kishilarga afzal ko‘rindi. Odamlarga esa avvalo xavfsiz va yoqish uchun qandaydir maxsus tayyorgarlik talab etilmaydigan soddaroq gugurt kerak edi.

Yana bir kashfiyot

Kimyogarlar oltingugurt qorishmalari va kislotasidan ko‘ra xavfsizroq va zararsizroq, oson alangalanishi kerak bo‘lgan boshqa moddalarga e’tibor qarata boshladi. Ko‘p o‘tmay, shunday modda 1669-yilda nemis kimyogari Brandt tomonidan kashf etilgan oq fosfor moddasi bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Bu haqiqatan ham zo‘r g‘oya edi. Chunki fosfor havoda kislorod bilan juda tez reaksiyaga kirishib, bir lahzada alanga olardi. Biroq fosforning kamchiligi aynan shu – tezligi bo‘lgan. Chunki kallagi fosfordan tayyorlangan gugurt chaqilganda olov kerakli joyga tutashib ulgurmay, tez o‘chib qolavergan. Bu muammoni hal qilish uchun o‘sha eski Shapsel usulidagi, ya’ni kallagi oltingugurt qorishmasidan iborat bo‘lgan gugurt sirtiga fosfor surilgan tarzda ishlab ko‘rishgan.

G‘oyaga ko‘ra, fosfor juda tez yonib, reaksiyani oltingugurt qorishmasiga berishi, u esa biroz sekin yonish evaziga gugurt cho‘piga ham alanga o‘tkazishi kerak bo‘lgan. Bu vaqtda esa odam gugurtdagi olovni kerakli joyga, masalan, qog‘ozga yoki o‘tinga tutatib olib ulguradi deb o‘ylashgan. Lekin bu reja xomxayol bo‘lib chiqdi. Fosfor sirtli oltingugurt kallakka ega gugurt deyarli yonmadi.

Fosforli gugurtning eng omadli tarkibini aynan kim o‘ylab topganini aniq aytish qiyin, lekin manbalar bu borada Avstriyalik kimyogar Irini bo‘lgan deb ishonishga asos bermoqda. U 1833-yil gugurt ishlab chiqarishni birgalikda yo‘lga qo‘yish taklifi bilan Remer ismli tadbirkorga yozgan xati hozir ham saqlanib qolgan va aynan shu fakt Irinini fosforli gugurtning eng optimal tarkibini kashf qilgan, degan fikr uchun asos bo‘ladi.

Puldor tadbirkor Remer mazkur loyihani katta qiziqish bilan qabul qiladi va Irini ikkalasi avvaliga gugurtning sinov partiyasini ishlab chiqarishadi. Gugurtning o‘zini Irini ixtiro qilgan bo‘lsa, uning bizga yaxshi tanish, qulay va ixcham qutisini esa tadbirkor Remer o‘ylab topgan. Remer va Irini gugurt tayyorlash texnologiyasini tobora mukammallashtirib, jahonda eng birinchi gugurt fabrikasini ochishgan. Ularning arzon va qulay gugurt mahsulotiga talab shu darajada katta bo‘lganki, fabrika ishlab chiqarish quvvatini bir yilning o‘zida naq 40 barobar oshirsa ham bozordagi talabni to‘liq qondirolmagan paytlar bo‘lgan. Remer favqulodda boyib ketgan. Tez orada Yevropaning barcha katta-kichik shaharlarida gugurt fabrikalari paydo bo‘la boshlagan va ularning aksariyati aynan Remerga qarashli korxonalar bo‘lgan.

Irini ko‘plab tekshirishlarni o‘tkazib, muqobil variantlarni, xususan, parafin va stearinni qo‘llash mumkinligini aniqladi. Shuningdek, ancha xavfli modda – Bertolle tuzi o‘rniga ham marganes periksini qo‘llashga o‘tdi.

Biroq oradan bir necha yil o‘tib, Remerning moliyaviy muvaffaqiyatlariga soya soluvchi ijtimoiy muammolar yuzaga chiqa boshladi. Bu muammolar gugurt tarkibidagi fosfor sabab paydo bo‘lib, avvaliga uning zaharli ekanini ko‘pchilik bilmagan. Kuniga bir necha o‘n marta foydalanadigan oddiy odamlar buning zararini deyarli sezishmagan, lekin gugurt fabrikalari ishchilarining salomatligi tez yomonlasha boshlagan…

“Shved gugurti”

Gugurt ishlab chiqaruvchilarning baxtiga, 1847-yil Shreter ismli kimyogar fosforning zaharli bo‘lmagan allotropik shakli – qizil fosforni kashf qildi (Irini gugurtida oq fosfor qo‘llanilgan). Qizil fosforning tabiiy ko‘rinishi amorf modda bo‘lib, uning vositasida gugurt ishlab chiqarish jarayonini salomatlikka zararsiz qilish g‘oyasini birinchi bo‘lib, mashhur nemis kimyogari Betxer amalga oshirdi. Yangi usulda ishlab chiqarilgan gugurtlar bir maromda yonadigan chiroyli sariq alanga chiqarishi bilan odamlarni qiziqtirib qo‘ydi. Shu tariqa Betxer gugurti Irini gugurtida mavjud bo‘lgan yoqimsiz hiddan holi bo‘lgani uchun tez ommalashdi. Betxer ixtirosini sanoatga tatbiq etishni birinchi bo‘lib 1851-yilda Shvetsiyalik aka-uka Lundstryomlar uddalashdi. Shu sababli ham Yevropada uzoq yillar mobaynida qizil fosfor asosidagi gugurtlarni “shved gugurti” deb atashgan. Bunday gugurtlar qutisiga “xavfsiz gugurt” degan yozuv tushirilgan va u Irini gugurtidan ham tez ommalashgan.

Siz bu yozuvni hozir ham ayrim gugurt qutilarida uchratishingiz mumkin. Qutilardagi “Safety matches” yozuvi aynan shu ma’noni bildiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish