Ba’zida o‘zingizni “Men bu muvaffaqiyatga loyiq emasman” deb his qilganmisiz? Yoki imtihonda yaxshi baho olsangiz ham, uni faqat omad deb o‘ylaganmisiz? Bu holat imposter sindromi deb ataladi – o‘z yutuqlarini qadrlay olmaslik va doimiy ravishda o‘ziga shubha bilan qarash. Bugungi kunda “imposter sindromi” atamasi ruhiy salomatlik, o‘zini anglash, shaxsiy muvaffaqiyat va ijtimoiy bosim haqida gap ketganda ko‘p eslatiladi. Biroq bu tushuncha birdaniga paydo bo‘lmagan — uning ortida ilmiy kuzatuv, ijtimoiy kontekst, va ayollarning jamiyatdagi o‘rniga oid chuqur tahlil yotadi.
1970-yillar Amerika — feminizm to‘lqini, ayollarning mehnat bozoridagi o‘sishi va gender rollariga qarshi kurash kuchaygan davr edi. Aynan shu jarayonda psixologlar Pauline Rose Clance va Suzanne Imes e’tiborini bir o‘ziga xos holat tortdi: ularning bemorlari orasida yuqori malakali, ko‘p yutuqlarga erishgan ayollar bo‘lsa-da, ular o‘zlarini “aslida bularning hech biriga loyiq emasman”, “meni haddan ortiq baholashyapti”, “tez orada meni fosh qilishadi” kabi fikrlar bilan qiynalayotgandilar.
Clance va Imes bu kuzatuvni chuqurroq o‘rganishga qaror qilishadi va 1978-yilda o‘zlarining mashhur maqolasi —“The Impostor Phenomenon in High Achieving Women: Dynamics and Therapeutic Intervention”ni ya’ni “Yuqori muvaffaqiyatga erishgan ayollarda firibgarlik hodisasi: dinamika va terapevtik aralashuv”ni chop etishadi. Mazkur maqola “Psychotherapy: Theory, Research & Practice” jurnalida e’lon qilinib, ilmiy hamjamiyatda katta siljish uyg‘otadi. Unda mualliflar bu sindromni asosan ayollarda kuzatilishini ta’kidlab, bu holat o‘z-o‘zini baholashdagi nomutanosiblik, ijtimoiy muammolar va bolalikdagi tarbiya bilan bog‘liq deb izohlaydilar. Atama o‘zida ikki kuchli ma’noviy yukni birlashtiradi: birinchisi — o‘ziga ishonchsizlik, ikkinchisi — fosh bo‘lish qo‘rquvi. Garchi sindromning dastlabki shakli ayollarga xos deb ko‘rilgan bo‘lsa-da, 1980-yilda bu holat erkaklar, talabalar, hatto taniqli olimlar va san’atkorlar orasida ham uchrashi isbotlandi.
1985-yilda Pauline Clance o‘zining “Clance Impostor Phenomenon Scale” (CIPS) — imposter sindromini o‘lchovchi psixologik testini ishlab chiqdi. Bu test orqali odamning o‘z yutuqlarini qanchalik inkor qilishi, o‘ziga ishonch darajasi va muvaffaqiyatni qanday qabul qilishi o‘lchanadi.
1990-yillarda imposter sindromi ustida ishlagan boshqa tadqiqotchilar — Harvey ve Katz (1985), Langford va Clance (1993) kabi olimlar bu sindromni ong osti darajasida shakllanadigan, ko‘p hollarda ota-ona tarbiyasi, o‘qituvchilarning bahosi, va jamiyatdagi mukammallikka bo‘lgan bosim bilan bog‘lashdi.
Imposter sindromining 5 turi
Valerie Young – imposter sindromini uzoq yillar o‘rganib, bu sindromga chalingan odamlar qanday fikrlashi va o‘ziga qanday talablar qo‘yishini tahlil qilib chiqqan psixolog. U o‘zining “The Secret Thoughts of Successful Women” (2011) kitobida imposter sindromining 5 asosiy turini aniqlaydi. Har bir tur – bu odamning o‘z yutuqlarini qanday inkor etishini va qaysi sohalarda o‘ziga nisbatan haddan tashqari talabchanligini ko‘rsatadi.
- Mukammallikni talab qiluvchi (The Perfectionist)
Bu turdagi insonlar o‘zidan 100% mukammallik kutadi. Ular ishda eng kichik xatoni ham omadsizlik deb hisoblaydi. Yaxshi natija ham ularga yetarli emas – faqat “ideal” natija ularni qoniqtiradi. “Agar bu mukammal bo‘lmasa, demak, bu muvaffaqiyat emas.” Bu odatda kechikish, ishni ortiqcha cho‘zish (prokrastinatsiya), ruhiy charchash, va o‘ziga past baho berishga olib keladi. Ular doimo xatolikdan qo‘rqib, ishonch bilan harakat qila olmaydi.
- Tug’ma iqtidorli (The Natural Genius)
Bu odamlar o‘zini aqlli, iste’dodli deb biladi, lekin bu salohiyat ularning nazarida tabiiy bo‘lishi kerak. Agar biror narsani tez va oson o‘rganolmasalar, bu ularning “aslida unchalik yaxshi emas”ligini anglatadi, deb o‘ylashadi. “Agar men bunga ko‘p vaqt sarflayotgan bo‘lsam, demak, bu menga to‘g‘ri kelmaydi.” Bunday odamlar yangi narsalarga kirishishga qo‘rqishadi, chunki muvaffaqiyat “mehnat bilan emas, tug‘ma iste’dod bilan” kelishi kerak, deb o‘ylashadi. Ular har qanday qiynalishni “meni bu yerga munosib emasman” degan ishonchsizlik bilan qabul qilishadi.
- Yakka bajaruvchi (The Soloist)
Bu turdagi insonlar yordam so‘rashni kuchsizlik deb bilishadi. Ular: “Agar o‘zim mustaqil bajarmasam, bu mening muvaffaqiyatim emas,” deb hisoblaydi. Tashqi yordamsiz harakat qilishni ustun ko‘radi. “Agar yordam so‘rasam, odamlar mening haqiqatimni bilib qolishadi.” Bu turdagilar doim hammaning ishini o‘z bo‘yniga oladi, yordam so‘ramaydi, va natijada haddan ortiq yukni ko‘tarib charchab qoladi. Ular jamoada ishlashda qiynalishi mumkin.
- Mutaxassis (The Expert)
Bu insonlar o‘zini “yeterli” deb his qilish uchun doimo ko‘proq bilim, ko‘proq tajriba talab qiladi. Ular har narsani o‘rganmasdan ishga kirishishni istamaydilar. “Hammasini bilmasam, ishga loyiq emasman,” degan fikrda bo‘lishadi.
“Agar men hamma savolga javob bera olmasam, demak, bu yerda bo‘lishga haqqim yo‘q.” Ular doimiy o‘rganish holatida qolib ketadi, lekin hech qachon o‘zini tayyor his qilmaydi. Ish boshlashdan oldin ortiqcha tayyorgarlik ko‘rib, amaliyotdan ortda qolishadi.
- Superqahramon (The Superperson)
Bu turdagi odamlar o‘zini isboti sifatida har sohada a’lo bo‘lishga harakat qilishadi – ishda, o‘qishda, do‘stlar bilan, oilada… Ular doimo o‘z ustida ishlaydi, dam olishga vaqt ajratmaydi va o‘zini ortiqcha bosim ostiga qo‘yadi.
“Agar men eng zo‘r bo‘lmasam, demak men qiymatsizman.” Bu yo‘l oxir-oqibat ruhiy charchash, asabiylik va o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Ular muvaffaqiyatni faqat natija bilan emas, o‘zini qiynash orqali isbotlashga harakat qiladi.
Valerie Youngning bu tasnifi shuni ko‘rsatadiki, imposter sindromi har kimda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Kimdir mukammallik ortidan quvadi, kimdir o‘zini aqlli ko‘rsatishga urinadi, yana kimdir hech kimdan yordam so‘rashni xohlamaydi. Har bir tur o‘ziga xos ruhiy bosimni hosil qiladi. Shuni anglash muhimki, bu sindrom — bu zaiflik belgisi emas, balki o‘ziga yuqori talab qo‘ygan va muvaffaqiyatni chuqur his qilishni istagan insonlar orasida keng tarqalgan holatdir. Tashxisni to‘g‘ri qo‘yish va tan olish — undan chiqish yo‘lini topishning birinchi qadami.
G‘arbda imposter sindromi: individualizm va raqobat muhitidagi shubhalar
Imposter sindromi haqida ilk bor eshitganimda, bu atama menga juda begona tuyulgandi. O‘zini “haqiqiy emas” deb his qilish, yutuqlarini inkor etish — bunday tuyg‘ular har kimda bo‘lishi mumkin deb o‘ylagandim, lekin bu holatning G‘arbda shunchalik keng tarqalgani meni hayratga soldi. Ayniqsa, individualizm ustuvor bo‘lgan jamiyatlarda odamlar o‘zlarini doimiy ravishda boshqalar bilan solishtirishga majbur bo‘lishi — bu sindromning ildizlaridan biri, deb o‘ylayman.
Shaxsan o‘zim ham ba’zida erishgan yutuqlarimga nisbatan “balki bu shunchaki omad sabab” yoki “boshqalar mendan kuchli” degan fikrlarni boshimdan o‘tkazganman, ammo bu o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik emas, balki raqobatbardosh muhitda o‘z o‘rningni topish qanchalik murakkabligini anglatadi, deb bilaman. G‘arbda har bir inson o‘zini “alohida” ko‘rsatishga harakat qilgani sari, u o‘zini jamiyatdan uzoqlashtirib, ichki kurashga tushib qoladi. Shu yerda imposter sindromi boshlangan ko‘rinadi.
G‘arb dunyosida, xususan, AQSh va Yevropada imposter sindromining shakllanishi 20-asrning ikkinchi yarmida, ijtimoiy o‘zgarishlar va gender tengligi uchun kurashlar davrida ro‘y bergan. Bu davrda ayollar va boshqa marginal guruhlar (masalan, etnik ozchiliklar) oliy ta’lim va professional sohalarga tobora ko‘proq kirib kela boshlagan. Biroq, ular ko‘pincha o‘zlarini “o‘z o‘rnida emas” deb his qilishgan, chunki jamiyatda ularning muvaffaqiyatlari stereotiplarga zid edi.
Imposter sindromi dastlab ayollar orasida keng tarqalgan deb hisoblangan, bunga sabab gender tengligi ya’ni ular professional sohalarda (masalan, akademiya, biznes, fan) o‘zlarini isbotlash uchun ko‘proq bosimga duch kelishgan, hayotdagi o’rnini topish maqsadida qancha urinishmasin baribir jamiyatdagi ayrim insonlar tomonidan haqoratlanishgan ham. Masalan, 1970-yillarda ayollar universitetlarda professorlik lavozimlarida yoki korporativ rahbarlikda kamdan-kam uchragan, bu esa ularda o‘zlarini “layoqatsiz” deb his qilishiga olib kelgan.
G‘arb jamiyatlari individual yutuqlarga urg‘u beradi. Bu esa odamlarni doimiy ravishda o‘zlarini boshqalar bilan solishtirishga va o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga undaydi. Imposter sindromi aynan shunday raqobatbardosh muhitda rivojlanadi, chunki odamlar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi emas” deb his qilishadi.
20-asrning o‘rtalarida psixologiya sohasidagi tadqiqotlarning rivojlanishi imposter sindromini aniqlash va tasniflashga yordamlashdi. Klans va Imesning tadqiqotlari bu holatni aniq nomlash va tahlil qilish imkonini berdi.
G‘arb olimlari, psixologlari fikriga yuzlanadigan bo’lsak, Amerikalik psixolog Kevin Cokley, u imposter sindromining afro-amerikaliklar va boshqa etnik ozchilik guruhlari orasida qanday namoyon bo‘lishini o‘rgangan. Uning tadqiqotlari bu sindromning irqiy va etnik identifikatsiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Imposter sindromi AQShda turli ijtimoiy qatlamlarda tobora keng tarqalayotgan holat bo‘lib, ayniqsa yuqori talab qo‘yiladigan kasblar va raqobat kuchli muhitlarda uning ko‘rinishlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tibbiyot sohasi — bu borada eng ko‘p e’tibor tortayotgan sohalardan biri. 2020–2021 yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, AQShdagi shifokorlar orasida imposter sindromiga xos belgilar keng tarqalgan. Bu mutaxassislar o‘zlarining bilim va tajribalariga qaramay, o‘zlarini “haqiqiy mutaxassis emas” deb his qilishlarini bildirganlar. Natijada bu ularning professional charchoqka tezroq duchor bo‘lishiga, ishga bo‘lgan qoniqish darajasining pasayishiga va hatto ruhiy tushkunlik holatlariga olib kelmoqda. Kasbiy mukammallik talabi ularni o‘z yutuqlarini e’tirof etmaslikka, xatolardan ortiqcha xavotirlanishga majbur qilmoqda.
Yosh mutaxassislar orasida ham imposter sindromi keng tarqalgan. 2025-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikalik professional ishchilarning 71 foizi hech bo‘lmaganda bir marta o‘zini “bu yerga loyiq emasman” degan tuyg‘u bilan yuzlashganini bildirgan. Ularning ko‘pchiligi bu holatni o‘ziga bo‘lgan ishonchsizlik va o‘zini past baholash bilan bog‘lagan. Yangi muhitda, ayniqsa raqobat kuchli joylarda o‘zini namoyon qilish bosimi ularni ruhiy jihatdan tahlil qilishga majbur qiladi, bu esa imposter sindromining asosiy belgilaridan biridir.
Silicon Valley misolida, texnologik rivojlanishning eng oldingi saflarida turgan mutaxassislar ham bu sindromdan xoli emaslar. Innovatsiyalar doimiy yangilanib borayotgan sharoitda, texnologiya sohasidagi xodimlar o‘z bilimlari “yetarli emas” deb hisoblashlari mumkin. Bu ayniqsa dasturchilar, IT mutaxassislari yoki startap asoschilari orasida keng tarqalgan bo‘lib, ular o‘z tengdoshlaridan ortda qolib ketishdan qo‘rqib, o‘z yutuqlarini kam baholashga moyil bo‘ladilar. Har bir yangilik yoki muvaffaqiyat ortida yangi savollar, yangi talablar turadi, bu esa o‘z-o‘zini doimiy ravishda shubha ostiga olish holatini kuchaytiradi.
Bugungi kunda Buyuk Britaniya jamiyatida bu sindrom jiddiy psixologik muammo sifatida ko‘rilmoqda. Ishchi kuchi orasida, ayniqsa ayollar va ijtimoiy jihatdan marginal guruhlar orasida bu holatning keng tarqalayotgani kuzatilmoqda.
2023-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyadagi ishchilarning yarmi, ya’ni 50 foizi — o‘zlarida imposter sindromi belgilarini sezganini bildirgan. Bu raqam, raqobatbardosh mehnat bozorida inson o‘zini doimiy ravishda baholashga va solishtirishga majbur bo‘layotganidan dalolat beradi. Qizig‘i shundaki, bu his-tuyg‘ular ayollar orasida (54%) yanada kengroq tarqalgan. Ular o‘z yutuqlarini inkor etishga, o‘zlarini “haqiqatda bu lavozimga loyiq emasman” deb his qilishga moyil bo‘lgan. Bundan tashqari, LGBTQ+ jamoasi a’zolari orasida ham imposter sindromi sezilarli darajada uchraydi. Bu guruh vakillari ko‘pincha o‘z shaxsiyati va ijtimoiy qabulga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasida kurash olib borishadi, bu esa o‘zini tan olish va qadrlashga to‘sqinlik qiladi.
Ta’lim sohasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Garchi Harvard universiteti AQShda joylashgan bo‘lsa-da, u xalqaro miqyosda, jumladan, britaniyalik talabalar ishtirokida ham o‘tkazilgan tadqiqotlarga asoslanadi. Tibbiyot va stomatologiya fakulteti talabalari orasida imposter sindromining keng tarqalganligi aniqlangan. Talabalarning, ayniqsa ayollarning, o‘z bilim va qobiliyatlariga shubha bilan qarashi, dars jarayonida o‘zini boshqalarga nisbatan pastroq his qilishi — bu muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatadi. Ayol talabalarda ishonchsizlik, muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rquv va atrofdagilarning bahosiga haddan tashqari bog‘liqlik holatlari tez-tez uchraydi.
Buyuk Britaniyada mavjud ijtimoiy tengsizlik, gender stereotiplari va yuqori raqobat bosimi — imposter sindromining rivojlanishiga zamin yaratadi. Odamlar muvaffaqiyatni ichki ishonch bilan emas, tashqi omillarga yoki “tasodifga” bog‘lab tushunishda davom etsa, bu holat keng miqyosda ruhiy salomatlikka ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.
Yuqori ijtimoiy barqarorlik, tenglik va sog‘liqni saqlash tizimining mukammalligi bilan tanilgan Shvetsiyada ham imposter sindromi muammosi e’tibordan chetda qolmagan. Ayniqsa, tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan talabalar orasida bu holatning keng tarqalganligi 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar orqali tasdiqlandi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shved tibbiyot talabalari o‘zlarini ko‘pincha “bu sohada bo‘lishga loyiq emasman” degan ichki shubha bilan qiynashadi. Bu holat ayniqsa ayol talabalar orasida ko‘proq uchraydi. Ular nafaqat o‘z bilimlariga shubha bilan qarashadi, balki akademik bosim va jamiyatdagi yuqori kutilmalar tufayli o‘zlarining psixologik barqarorligini yo‘qotish xavfiga ham duch kelishadi. Imposter sindromi ularning psixologik chidamliligiga bevosita ta’sir qilmoqda — ya’ni stressga bardoshlilik pasayadi, o‘zini boshqalar bilan doimiy ravishda solishtirish hissi kuchayadi va ichki motivatsiya zaiflashadi. Garchi Shvetsiya jamiyati tenglik va ruhiy salomatlikni qadrlashga intilsa-da, yuqori raqobatli sohalar, ayniqsa tibbiyot fakultetida, talabalar orasida o‘z-o‘zini qadrlash muammolarini yuzaga keltirishi mumkin.
Bu vaziyat shuni ko‘rsatadiki, eng ilg‘or deb hisoblangan ta’lim tizimlarida ham inson ruhiyati zaif nuqtalarda yordamga muhtoj bo‘ladi. Imposter sindromiga qarshi kurashish uchun nafaqat individual yondashuv, balki muhit darajasida ham sog‘lom qo‘llab-quvvatlash tizimlari zarur. O‘zini qadrlash madaniyatini rivojlantirish, ayniqsa yosh avlod orasida, bu sindromning salbiy oqibatlarini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
G‘arb mamlakatlarida-bu sindromning rivojlanishiga madaniy, ijtimoiy va tizimli omillar ta’sir qiladi. Olimlar bu holatni yengish uchun psixologik maslahatlar, kognitiv-behavioral terapiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tavsiya etishadi.
Sharqda imposter sindromi: kollektivizm va ijtimoiy bosimning ta’siri
Sharq jamiyatlarida ulg‘aygan inson sifatida imposter sindromi haqida o‘ylaganimda, bu holat faqat G‘arbga xos emasligini anglayman. Balki biz buni boshqa nom bilan atamaymiz, lekin “yashirincha” o‘zini past baholash, o‘z yutuqlariga nisbatan e’tiborsizlik — bular bizga ham tanish holatlar. Ayniqsa, ijtimoiy me’yorlar va kollektiv fikr kuchli bo‘lgan jamiyatda o‘zini “yetarli emas” deb his qilish juda ham tabiiy holga aylanib qolgan.
Jamiyatda eng ko‘p o‘ylantiradigan narsa — bu atrofdagilarning kutganlariga javob bera olmaslik qo‘rquvi. Bizda ko‘pincha insonning yutuqlari o‘zidan ko‘ra boshqalarning bahosiga bog‘liq: ota-onaning faxri, ustozlarning ishonchi, jamoaning roziligi. Shaxsiy muvaffaqiyatlar ham ko‘pincha bu mezonlarga bog‘lab o‘lchanadi. O‘z vaqtida men ham qandaydir yutuqqa erishganimda, ichimda “ha, bu oddiy narsaku”, deb uni qadrlamaslik holatini ko‘p marta boshdan kechirganman.
Sharqda imposter sindromi ko‘pincha sukutda yashaydi. Uni ochiq gapirish odat tusiga kirmagan, aksincha, inson o‘zini “kamtar” ko‘rsatishga intiladi. Ammo bu kamtarlik ortida ko‘p hollarda noaniqlik, ishonchsizlik va psixologik bosim yashirinadi. Ayniqsa, yoshlar orasida bu holat kuchli seziladi: ular har tomonlama “mukammal” bo‘lishga harakat qilishadi — yaxshi o‘quvchi, yaxshi farzand, yaxshi fuqaro. Xususan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va O‘rta Osiyo kabi mamlakatlarda imposter sindromining shakllanishi G‘arbdan farqli ravishda ko‘proq kollektivistik madaniyat va ijtimoiy ierarxiyaga bog‘liq. Sharq madaniyatlarida shaxsiy yutuqlardan ko‘ra jamoaviy muvaffaqiyat va ijtimoiy roldagi moslashuv muhim hisoblanadi.
Sharq jamiyatlarida shaxs jamoaning bir qismi sifatida baholanadi. Bu esa odamlarni o‘z yutuqlarini shaxsiy emas, balki jamoaviy harakat sifatida ko‘rishga undaydi. Natijada, ular o‘zlarining shaxsiy hissalarini past baholashlari mumkin. Ba’zan jamoaviy yutuqlarda “mening hissam yo’q, shunchaki jamoa soniga turib berdim” degan o’ylovlar ularni qiynashi mumkin.
Xitoy va Janubiy Koreyada ta’lim va karyera sohasida ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat tomonidan qo‘yilgan yuqori talablar imposter sindromini kuchaytiradi, ya’ni yuqori ijtimoiy bosim. Masalan, talabalar o‘zlarini “yetarlicha yaxshi” deb his qilmasliklari mumkin, chunki ulardan doimiy ravishda eng yuqori natijalar kutiladi. Sharq madaniyatlarida kamtarlik yuqori baholanadi. O‘z yutuqlarini oshkora e’tirof qilish ko‘pincha “mag‘rurlik” sifatida qabul qilinadi. Bu esa odamlarni o‘z muvaffaqiyatlarini shubha ostiga olishga olib keladi.
Sharqda imposter sindromi ko‘pincha “ijtimoiy yuzni saqlash” (face-saving) bilan bog‘liq. Masalan, Yaponiyada “tatemae” (ommaviy imidj) va “honne” (haqiqiy his-tuyg‘ular) o‘rtasidagi farq imposter sindromini yanada murakkablashtiradi. Odamlar o‘zlarining ichki shubhalarini yashirishga majbur bo‘lishadi, bu esa psixologik stressni oshiradi.
O‘rta Osiyoda, masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar orasida imposter sindromiga o‘xshash ruhiy bosimlar tobora ko‘payayotgani sezilmoqda. Bu holat ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda yashayotgan “sun’iy(baxtli) hayot” ko‘rinishlari ortidan kelmoqda. Bugun 17 yoshli bola yoki qiz birinchi avtomobilini xarid qilib, uni blog tarzida ko‘rsatadi — bu o‘z-o‘zidan yomon emas, lekin buni hamma ham to’g’ri hazm qilmayapti. Masalan, kimdir oilasining ko‘magida yoki boshqa imkoniyatlar orqali qandaydir moliyaviy erkinlikka erishgan bo‘lishi mumkin. Biroq ekran ortida turgan o‘smir bu vaziyatni boshqacha qabul qiladi: “U 17 yoshida mashinada yurgan, men esa hali hech narsaga erishmaganman”, degan ichki shubha vujudga keladi. Bu esa asta-sekin imposter sindromi singari o‘zini past baholash, noto‘g‘ri solishtirish va o‘z hayotidan norozilikka olib keladi. Yana bir xavfli jihati shundaki, ba’zi tengdoshlar aynan shu mashhurlik va e’tibor uchun rol o‘ynay boshlashadi. Ular o‘zlarini “baxtli”, “boy”, “muvaffaqiyatli” ko‘rsatishga harakat qilishadi — aslida bu holat o‘zligidan uzoqlashish, yolg‘on imidj ortidan quvish degani. Natijada ichki muvozanat izdan chiqadi. Ko‘zga tashlanish uchun yashash — bu ruhiy salomatlikka eng katta zarba. Yoshlarni tushunsa bo’lar, ammo o’smirlarchi? 10-11-sinf o’quvchilari, xususan, ularning tengdoshlari Xalqaro til sertifikatini yuqori ko’rsatkichga topshirsa, SAT sertifikatini qo‘lga kiritsa yoki muddatdan oldin oliy ta’lim muassasasiga davlat granti bilan qabul qilinsa, ularda bu sindrom yanada kuchayadi va “Mening ham qo’limdan kelarmikan”, “Kirolmasam nima bo’ladi, hamma ustimdan kuladi-ku!” degan o’y-hayollar ularning ich-etini kemira boshlaydi Mahalliy madaniyatda “uyat” tushunchasi va ota-onalarning yuqori umidlari yoshlarni o‘zlarini doimiy ravishda yetarlicha yaxshi emas deb his qilishga olib keladi.
Imposter sindromi bilan qanday kurashish mumkin?
O‘z vaqtida men ham o‘zimni qandaydir muvaffaqiyatga erishganimda chin dildan quvonishni emas, balki ichimda “bu omad edi”, “boshqalar mendan yaxshiroq” degan shubhali ovozlarni eshitishni odat qilib olgan edim. Hatto eng yaxshi ishlarga ham boshqalar e’tirof bildirganda, o‘zimni u yerga loyiq emasdek his qilardim. Hozir o‘ylasam, bu sindromining eng aniq belgilaridan biri ekan. Endi bu holat bilan kurashishni o‘rganganim sayin tushundimki: o‘zimizga nisbatan adolatli bo‘lishni o‘rganmasak, ichki ishonch hech qachon mustahkamlanmaydi. Quyida imposter sindromi bilan ongli ravishda kurashish uchun samarali deb hisoblangan va vaqt davomida sinalgan 5 ta asosiy tavsiya:
- O‘z holatingizni tan oling — bu zaiflik emas, ongli yondashuvdir
Imposter sindromi — bu har qanday inson boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan psixologik holat. Uni tan olish — o‘zingizni ayblash emas, aksincha, bu muammo ustida ishlashga tayyor ekanligingizni bildiradi. O‘z shubhalaringizni inkor etish o‘rniga, ularga yuzlaning. Masalan, “men bu natijaga erishdim, lekin o‘zimga ishonmayapman, nega?” — degan savolni o‘zingizga bering. Bu savol sizni chuqurroq tahlilga va muammoning ildizini anglashga boshlaydi.
- Yutuqlaringizni yozib boring — siz erishgan narsalar haqiqatdan muhim
Ko‘p hollarda biz yutuqlarimizni arzimasdek ko‘ramiz, xuddi ular o‘z-o‘zidan yuz bergandek, ammo bu noto‘g‘ri qarash. Har qanday kichik g‘alaba — mehnat va harakat natijasi. Shuning uchun har kuni yoki har hafta erishgan biror natijangizni yozib boring. Bu oddiy “bugun prezentatsiyani ishonch bilan o‘qib berdim” degan yozuv bo‘lishi mumkin. Oradan vaqt o‘tgach, shu ro‘yxatga qaytganingizda, siz o‘zingizga nisbatan boshqacha ko‘z bilan qaraysiz.
- Ichki tanqidchini tan oling va uni “yolg‘onchi” sifatida fosh eting
Har birimizning ichimizda bizni doimiy ravishda pastga tortuvchi ovoz bor. “Sen bunga loyiq emassan”, “ular xatolik qilib seni tanlashgan” — kabi fikrlar shu ichki tanqidchiga tegishli, ammo shu gaplarning qaysi biri faktlarga asoslangan? Har gal ichki tanqidchi ovoz berganida, o‘zingizdan so‘rang: “Bu haqiqatmi yoki faqat men o‘ylayotgan shubha xolosmi?” Vaqt o‘tgan sayin bu ovoz ustidan nazorat qilish osonlashadi va siz bu ichki tanqidchining hamma gaplariga ishonmaslikni o‘rganasiz.
- O‘z yo‘lingizni boshqalar bilan solishtirmang — har kimning vaqti va yo‘li boshqa
Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda eng kuchli ta’sir manbai bo‘lib qoldi. Boshqalarning muvaffaqiyati sizning ustingizga bosim sifatida tushayotgan bo‘lsa, demak siz o‘z yo‘lingizdan chalg‘imoqdasiz. Esingizda bo‘lsin: kimdir 22 yoshida karerasida cho‘qqiga chiqadi, boshqasi esa 35 yoshida. Muhimi — siz o‘zingiz uchun to‘g‘ri bo‘lgan ritmda harakat qilayotganingizni anglash. O‘z salohiyatingizni solishtirish orqali emas, rivojlantirish orqali oching.
- Sog‘lom muloqot qiling va kerak bo‘lsa, yordam so‘rashdan uyalmang
Ko‘pchilik imposter sindromi haqida gapirishni istamaydi, chunki bu ularni “zaif” ko‘rsatadigandek tuyuladi. Aslida, aksincha — his-tuyg‘ularingiz haqida ochiq gaplashish sizni kuchli inson sifatida ko‘rsatadi. Do‘stlaringiz, o‘qituvchilaringiz yoki psixolog bilan suhbatlashing. Hatto, shunchaki sizni tushunadigan bir inson bilan dildan suhbat qurishning o‘zi ham yengillik keltiradi. Yordam so‘rash bu taslim bo‘lish emas, bu o‘zgarishga tayyorlik belgisi.
Imposter sindromi yurakda va ongda yashovchi jim ovozdir. U sizni o‘zingizni tan olishdan, yutuqlaringizdan quvonishdan to‘xtatishga urinadi. Lekin uni jim qilish o‘z qo‘lingizda. Har kuni o‘zingizga halol qarang, shubhalaringizga qarshi dalillar bilan yondashing va har bir kichik yutuqni tan olishni o‘rganing. Chunki haqiqiy ishonch tashqi e’tirofdan emas, ichki qoniqishdan boshlanadi.
Imposter sindromi G‘arbning raqobatbardosh muhitida ham, Sharqning kollektivistik jamiyatlarida ham millionlab odamlarning hayotiga ta’sir qiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, 70% ga yaqin odamlar hayotlarining qaysidir bosqichida o‘zlarini “soxta” deb his qilishgan (Clance, 1985). Sharqda, masalan, Janubiy Koreyada talabalarning 60% dan ortig‘i o‘z yutuqlarini omadga bog‘lab, o‘zlarini yetarlicha malakali deb his qilmasliklarini aytishgan (Kim & Lee, 2020). O‘zbekistonda ham yosh avlod orasida o‘ziga ishonchsizlik va ijtimoiy bosim tufayli imposter sindromi keng tarqalmoqda.
Ammo bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, siz yolg‘iz emassiz! Dunyoning istalgan burchagida – xoh u G‘arbning gavjum shaharlaridagi ofislar bo‘lsin, xoh Sharqning sinchkov ta’lim muassasalarida – millionlab odamlar siz bilan bir xil his-tuyg‘ularni boshdan kechirmoqda. Imposter sindromi sizning qobiliyatingizning chegarasi emas, balki insoniy tajribaning bir qismidir.
O‘zingizga ishonchni mustahkamlash uchun kichik qadamlar tashlang: yutuqlaringizni yozib boring, o‘ziga xos kuchli tomonlaringizni e’tirof eting va o‘zingizni boshqalar bilan solishtirishdan voz keching. G‘arbda bo‘lsangiz, shaxsiy yutuqlaringizni nishonlashni o‘rganing; Sharqda bo‘lsangiz, jamoaviy muvaffaqiyatda o‘z hissingizni qadrlang. Eng muhimi, o‘z yo‘lingizda davom eting – chunki siz o‘z o‘rningizda ekansiz va bu o‘rinni faqat siz to‘ldira olasiz.