Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“SIGʻSA, BOʻLDI”mi? Bolalar hayoti bilan o‘ynashayotgan bog‘chalar

11.5.2026 512

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

So‘nggi oylarda yangiliklar lentasida bir-biriga o‘xshash, ammo har safar odamni larzaga soladigan xabarlar ko‘paydi: “Damas”ga 32 nafar bola mindirildi”, “Spark”da 18 nafar bola ketilayotgani aniqlandi”, “Matiz”da 13 nafar bog‘cha bolasi tashilgan”...

YPX xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1–5-may kunlari respublika bo‘yicha bolalarni tashish bilan bog‘liq 40 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Bular qayd etilgan holatlar, xolos. Aslida bu kabi qoidabuzarliklar har kuni ko‘plab hududlarda kuzatilayotgani sir emas. Eng achinarlisi, bu jamiyat uchun oddiy manzaraga aylanib bormoqda. Odamlar endi bir “Damas” ichiga 20-30 nafar bola tiqib ketilayotganini ko‘rsa ham hayratlanmay qo‘ydi.

Bolalar hayoti ochiqchasiga xavf ostiga qoʻyilyapti

Bolalarni tashishda “Damas”, “Matiz” yoki “Spark” kabi yengil avtomobillardan foydalanishning o‘z xavfli. Ammo ayrim haydovchilar va xususiy bog‘chalar bu bilan cheklanmay, mashina ichiga belgilangan me’yordan ikki-uch barobar ko‘p bolani joylashtirmoqda.

Surxondaryoning Denov tumanida haydovchi 32 nafar bolani bitta “Damas”da tashib,  “rekord” o‘rnatdi. Samarqandning Jomboy tumanida 25 nafar, Namanganda yana 25 nafar bola shu tarzda tashilgani aniqlandi. Navoiy viloyati Nurota tumanida esa “Matiz” avtomobilida 13 nafar bog‘cha bolasi va 3 oylik chaqaloq ketilayotgan vaqtda fojia yuz berdi.

Bu endi shunchaki qoidabuzarlik emas, bolalar hayotini ochiqchasiga xavf ostiga qo‘yish. Axir yengil avtomobillar yo‘lovchi tashish uchun belgilangan muayyan texnik imkoniyatga ega. Biroq ayrimlar bolalarni “sig‘sa bo‘ldi” degan qarash bilan mashinaga joylashtirmoqda. Holbuki, bitta keskin tormoz, to‘qnashuv yoki ag‘darilish o‘nlab bolalarning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.

Bunday holatlar nega ko‘paymoqda?

Buning asosiy sababi – nazoratsizlik va arzon xizmatga bo‘lgan talab. Hududlarda bolalarni bog‘chaga tashish asosan ota-ona va haydovchi o‘rtasidagi og‘zaki kelishuv asosida bo‘ladi. Hech qanday rasmiy shartnoma, litsenziya yoki xavfsizlik talabi yo‘q. Ota-ona oylik yo‘l haqini to‘laydi, haydovchi esa imkon qadar ko‘proq bolani bitta reysda olib borishga harakat qiladi, harna, yoqilg‘i tejaladi-da! Albatta, bunga ota-ona ham qarshi emas. Chunki agar bolasini o‘rindiq soni bo‘yicha tashishni talab qilishsa, haydovchi narxni ko‘tarishi mumkin.

Ayrim xususiy bog‘chalar ham mijoz yo‘qotmaslik uchun bu holatlarga ko‘z yumadi. Bolalar qanday transportda, qanday sharoitda kelayotgani ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan.

Eng xavflisi esa bunday holatlar yillarki davom etib kelayotgani. Demak, bu faqat bir haydovchining xatosi emas, balki tizimning ishlamayotganidan dalolat.

Kim nazorat qilishi kerak?

Ko‘pchilik bunday holatlarda faqat haydovchini ayblaydi. Aslida esa mas’uliyat ancha keng. Avvalo, bu maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mas’uliyati. Chunki bog‘chalarda bolalarni berib yuborishda belgilangan talab qoidalari buzilmoqda.

Maktabgacha ta’lim va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining 2018-yil 30-apreldagi qarori bilan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan. Bu nizomda bolani bog‘chaga olib kelish va olib ketish mumkin bo‘lgan shaxslar toifasi belgilangan: bular bolaning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, ota-onaning voyaga yetgan farzandlari, bobosi, buvisi yoki tegishli tartibda rasmiylashtirilgan vakil uni shaxsan guruh tarbiyachisiga topshirishi lozim. Maktabgacha ta’lim tashkilotidan olib ketishda esa guruh tarbiyachisi bolani ayni shu shaxslardan biriga berib yuborishi mumkin.

Demak, qoida birinchi navbatda bog‘chaning o‘zida buzilyapti.

Ikkinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning hududiy bo‘limlari bu masalaga jiddiy yondashishi shart. Chunki bolalar xavfsizligi  ta’lim tizimining eng asosiy vazifalaridan biri.

Uchinchidan, YPX va ichki ishlar organlari faqat reyd o‘tkazib jarima yozish bilan cheklanmasligi kerak. 800 ming so‘mlik jarima (avtomobilda belgilangan o‘rindiqdan ko‘p yo‘lovchi mindirib ketilayotgani aniqlansa, haydovchiga nisbatan MJtKning 128-8-moddasiga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik uchun BHMning 2 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi) bunday xavfli holatlarni to‘xtatish uchun yetarli emas. Chunki ayrimlar uchun bolalar hayotidan ko‘ra daromad muhimroq bo‘lib qolyapti. Shuning uchun bu borada qattiq nazorat, litsenziyalash va javobgarlik choralari kuchaytirilishi zarur.

Ota-onalar  mas’uliyati

Bu masalada ota-onalarning o‘rni haqida gapirmaslik  noto‘g‘ri bo‘ladi. Eng og‘riqlisi, ko‘p hollarda ota-onalar bolalar ustma-ust tiqilgan mashinani ko‘rib turib ham farzandini unga chiqarib yuboraveradi. Ayrimlar buni “hamma shunday qilyapti” deb oqlasa, boshqalar arzon xizmatdan voz kechgisi kelmaydi.

Ammo shu yerda savol tug‘iladi: arzonroq yo‘l haqi farzand xavfsizligidan muhimroqmi? Toʻgʻri, hech bir ota-ona farzandi bilan fojia yuz berishini istamaydi. Lekin xavfni ko‘rib turib indamaslik ham befarqlik hisoblanadi. Jamiyatda “mening bolamga hech narsa bo‘lmaydi” degan xato qarash bor. Afsuski, aksariyat fojialar loqaydlik ishonch ortidan sodir bo‘ladi.

Fojia bo‘lishini kutish shart emas

Odatda mas’ullar ko‘pincha jiddiy choralarni faqat katta fojia sodir bo‘lganidan keyin ko‘ra boshlaydi. Vaholanki, muammo yillardan beri hammaning ko‘z o‘ngida. Axir har kuni mahallalar ichida bolalarga to‘la “Damas”lar yuribdi. Hech kim buni yashirmayapti. Bolalar xavfsizligi esa muhokama qilinadigan emas, ta’minlanadigan masala bo‘lishi kerak.

Shuning uchun:

  • Bog‘chalarda bolani topshirish tartibiga qat’iy rioya qilinishi;
  • Bolalarni tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar litsenziya asosida ishlashi;
  • Maxsus transport talablari joriy qilinishi;
  • Ota-onalar o‘rtasida targ‘ibot kuchaytirilishi;
  • Qoidabuzarlarga nisbatan qattiq jazo qo‘llanilishi kerak.

Chunki bola – statistika emas. Uning hayoti har qanday daromad, arzon xizmat yoki vaqtinchalik qulaylikdan ustun turishi shart. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Agar bugun chora ko‘rilmasa, ertaga yana bir fojia haqida yozishga to‘g‘ri keladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish