Ko‘chada yurar ekanmiz, O‘zbekistonning mustaqil davlat ekanini ko‘rsatadigan alohida bir belgini izlamaymiz. Bunga hojat-da yo‘q. Aslida ko‘zimizga, ongimizga singib ketgan girdimizdagi aksar voqelik mustaqillik nishonlari. Davlat idoralari peshtoqidagi yozuvlar, maktab hovlisida hilpirayotgan bayroq, qo‘limizdagi pasport, ko‘chadagi reklamalar...
Huv bir zamonlar hayotning eng katta siyosiy masalasi bo‘lgan mustaqillik yillar o‘tishi bilan taqvimdagi muayyan sanaga, bayram tadbirlariga, tabriklarga singib ketadi. 1-sentabr yaqin. Shaharlar bezatiladi. Konsertlar, uchrashuvlar, tantanalar o‘tkaziladi. Odamlar bir-birini qutlaydi. Ertasi kuni esa yana odatdagi hayot davom etadi.
Inson o‘z hayotini belgilab turgan eng katta omillarni doim ham sezavermaydi. Mustaqillik bilan bog‘liq holat ham shunga o‘xshaydi. Biz, yoshlar uni yo‘qotib ko‘rmaganmiz (shukr!). Shu sabab uning yo‘qligida hayot qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz uchun o‘z davlating nomidan gapirish, o‘z bayrog‘ingni ko‘tarish, tarixingga o‘z ko‘zing bilan qarash, mamlakat kelajagi haqida fikringni aytish tabiiy huquqdek tuyuladi. Ammo bu tabiiylik doim ham bo‘lmagan, aytaylik, 35 yil ilgari. Egamanlik odamlar uchun uzoq bir kelajak bilan bog‘liq umid edi. Kimdir shu umid bilan yashadi, kimdir shu yo‘lda kurashdi, kim qancha odam uning ro‘yobini ko‘rmay ketdi.
1917-yilning oxirlari. Qo‘qon. Shahar hayotida katta o‘zgarishlar nafasi. Odamlar ko‘chalarga chiqqan, yig‘inlar bo‘lyapti, siyosiy voqealar haqida gaplar. Hamma nimanidir kutayotgandek. Ammo kutayotgan narsasining qanday ko‘rinishda bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi... Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. Bu voqea haqidagi xabar qanot qoqib uchdi. Birinchi jahon urushi davrida asir tushgan turk zobitlari Qo‘qondagi birodarlariga yo‘llagan maktubida muxtoriyatning e’lon qilinganidan xabar topilgani aytiladi. Maktub yakunidagi tilak esa juda qisqa: “Istiqloling yaqin o‘lsun!”
Istiqlol kunini tarix darslaridan bilamiz, uning sanasi bor, ramzlari bor, huquqiy maqomi bor. 1917-yildagi odamlar uchun esa istiqlolning bunday aniq chegaralari hali mavjud emasdi. Ular mujda kutib, kelajak haqida gapirar, o‘z yurti qanday siyosiy maqomga ega bo‘lishini jon hovuchlab kutardi. Ertangi noayon kundan umid qilardi.
Ular istiqlolni kutgan. Biz esa unda yashayapmiz. O‘sha maktubdagi tilakdan 1991-yilgacha yana uzo-oq tarixiy yo‘l bor. Bu yo‘lda turli siyosiy sinovlar, yo‘qotishlar, umidlar va cho‘ng kurashlar kechdi.
Oradan 35 yil o‘tdi. 1991-yil voqealarini eshitib ulg‘ayganlar bilan o‘sha kunlarni boshidan kechirgan avlodning xotirasi bir xil emas. Kattalar o‘sha davrni burilish sifatida eslaydi. Mustaqillik davrida tug‘ilganlar esa buni o‘z hayotining tabiiy qismi sifatida qabul qiladi.
Tarixdagi o‘zgarishlar bir necha avloddan keyin kundalik hayotga singib ketishi-da tabiiy. Bir paytlar katta siyosiy kurashlar, umidlar va xavotirlar bilan bog‘liq bo‘lgan narsa yoshlar uchun ayni voqelik. Ular mustaqil davlatda tug‘iladi, shu davlat maktabida ta’lim oladi, uning pasportini olib voyaga yetadi, o‘z kelajagini shu mamlakat bilan bog‘lab rejalashtiradi. Mustaqillikning kundalik hayotimizga singib ketgani u haqida kamroq o‘ylashimizga sabab bo‘lishi mumkin.
Lekin doim mazmun, vazifa, mas’uliyat topsa bo‘ladi. Darhaqiqat, 35 yil shunchaki o‘tib qolgani yo‘q. Bir avlod davlatni oyoqqa turg‘izish haqida o‘ylagan. Boshqa avlod uning iqtisodiy va ijtimoiy asoslarini mustahkamlashga kirishgan. Bugungi avlod esa bilim, texnologiya, raqobat, inson kapitali, ochiq dunyo bilan munosabat kabi masalalar haqida bong urayotir. Qayerdadir kechikdik, kimdir xato qildi, nimadadir ortda qoldik – bular endi boshqa masala. Ozod va egaman qolganimiz esa bor gap.
Demakki, mustaqillikning mazmuni vaqt o‘tishi bilan kengayadi. Kecha muhim bo‘lgan vazifa bugun bajarilgan bo‘lishi mumkin. Bugungi vazifa ham qachondir zabd etilgan marraga aylanar. Millat, xalq, hurlik tushunchalarini jo‘nlashtirish bo‘lmasin-ku, lekin eng katta daxldorlik yurtni har tomonlama rivojlantirishga urinishdir. Basharti davlat taraqqiy etmasa, uning mustaqilligi savol ostida qolib ketadi.
Ammo takror-batakror aytilsa-da, bir haqiqatni tag‘in ta’kidlamasa bo‘lmas: mustaqillik – ne’mat. Buni anglamoq uchun o‘zimizni, holimizni kimlargadir mengzamoq ham shart emas. 35 yil burungi qadr-u qimmatimizga, Sibir bo‘lgan bobomizga, tul qolgan momomizga, loyqaga botilirilgan tilimizga, o‘zimizga qaramoq kifoya.
