Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

UNIVERSITET REYTINGI NIMANI O‘ZGARTIRADI?

25.8.2026 10

Dilrabo ZARIPOVA, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti doktoranti. O‘zA

Bir necha yil avval O‘zbekiston oliy ta’limi haqida gap ketganda, xalqaro universitet reytinglari ko‘pchilik uchun uzoq va biroz mavhum tushuncha edi.

QS yoki Times Higher Education (THE) kabi nomlar asosan xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan yoshlar yoki oliy ta'lim sohasi mutaxassislariga tanish edi.

Bugun vaziyat o‘zgardi. O‘zbekiston universitetlari xalqaro reytinglarda paydo bo‘la boshladi, ayrimlari yuzlab pog‘ona yuqorilamoqda.

Universitetlarning rasmiy sahifalarida QS, THE, Asia University Rankings kabi natijalar alohida qayd etilmoqda. Rektorlar, professorlar va talabalar bu ko‘rsatkichlarni faol muhokama qilmoqda.

Ammo eng muhim savol hali ham o‘sha: xalqaro reyting O‘zbekiston universitetiga aslida nima beradi? Masalan, universitet dunyoda 500-o‘rinni egalladi. Keyingi yili 460-o‘ringa ko‘tarildi. Bu shunchaki chiroyli raqammi? Universitet peshtoqiga yozib qo‘yiladigan navbatdagi yutuqmi? Yoki bu raqamning ortida ancha katta jarayon — universitetning xalqaro reputatsiyasi, xorijiy talabalar oqimi, professorlar, ilmiy hamkorlik va oxir-oqibat butun mamlakat oliy ta'limining tashqi qiyofasi o‘zgarishi turibdimi?

O‘zbekistondagi eng qiziqarli misollardan biri — “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetidir. QS World University Rankings 2027 natijalarida TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti 458-o‘rinni egalladi. Bu ayni paytda O‘zbekiston oliy ta'limidagi eng yuqori QS natijasidir. Universitet QS Asia reytingida ham 103-o‘rinda qayd etilgan. Times Higher Education World University Rankings 2026 esa uni 501–600 oralig‘iga joylashtirdi. Bu raqamlarni shunchaki sanab o‘tish mumkin, lekin bundan muhimroq savol bor: 458-o‘rin universitet hayotida nimani o‘zgartiradi?

Reyting — universitet uchun xalqaro «pasport» vazifasini o‘taydi. Tasavvur qilaylik: Hindistondagi bir oila farzandini xorijda o‘qitmoqchi. Yoki Pokiston, Xitoy, Misr, Turkiya, Bangladesh yoxud boshqa mamlakatdagi talaba muhandislik yo‘nalishida universitet izlayapti. U O‘zbekistonga hech qachon kelmagan, Toshkentdagi universitetlar kampusini ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Bu yerda qaysi professor kuchli, qaysi laboratoriya zamonaviy, qaysi diplom ish beruvchilar tomonidan yaxshi qabul qilinishini ham bilmaydi.

U nimadan boshlaydi? Albatta, internetdan. Universitet nomini qidiradi. Keyin esa unda tabiiy ravishda bir nechta savol tug‘iladi: bu universitet xalqaro miqyosda tan olinganmi, dunyodagi boshqa oliy o‘quv yurtlari orasida qayerda turadi, diplomining nufuzi qanday, xorijiy talabalar bormi, ilmiy faoliyati qay darajada?

Ana shu vaziyatda xalqaro reyting universitet uchun o‘ziga xos “ishonch signali” bo‘lib xizmat qiladi. Talaba TIQXMMI nomini birinchi marta eshitgan bo‘lishi mumkin, ammo qidiruv natijasida uning QS World University Rankings’da 458-o‘rinda ekanini ko‘radi. QS platformasining o‘zi universitetlarni tanlashda akademik reputatsiya, ish beruvchilarning munosabati, tadqiqot faoliyati, talabalar tajribasi va xalqaro imkoniyatlar kabi omillarni taqqoslash imkonini beradi. Shunda universitet endi u uchun faqat “Toshkentdagi ma’lum oliy o‘quv yurti” emas, balki global taqqoslash tizimida ko‘rinadigan nufuzli maskanga aylanadi. Mana shu – reytingning birinchi katta qiymati bo‘lib, u universitetga dunyo eshiklarini ochadi.

TIQXMMIdagi yana bir e’tiborli tendensiya – bilim yurtining xorijiy talabalarni jalb etish salohiyati keskin oshayotganidir. So‘nggi ma’lumotlarda xalqaro talabalar soni 4 ming nafardan oshgani qayd etilmoqda. Bir universitetga minglab xorijlik yoshlarning kelishi faqat “xalqaro talabalar soni ko‘paydi” degani emas. Bu bir nechta muhim jarayonlarning kesishgan nuqtasidir. Xorijlik talaba O‘zbekistonga keladi, bu yerda yashaydi, mahalliy yoshlar bilan birga o‘qiydi va unda mamlakatimiz haqida aniq tasavvur shakllanadi. O‘z yurtiga qaytgach, universitet va davlatimiz haqida so‘zlaydi. Uning diplomida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtining nomi turadi. Yillar o‘tib o‘sha bitiruvchi o‘z mamlakatida muhandis, olim, tadbirkor yoki davlat xizmatchisiga aylanishi mumkin. Demak, universitet faqat kadr tayyorlamaydi, balki xalqaro aloqalar va diplomatiya tarmog‘ini ham yaratadi.

QS’ning International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) indikatorini izohlovchi metodologiyasida ham bu ko‘rsatkich universitetdagi xalqaro muhit, madaniy almashinuv va bitiruvchilar tarmog‘ining xilma-xilligiga muhim hissa qo‘shishi ta'kidlangan. To‘rt ming xorijiy talaba shunchaki quruq statistika emas, balki to‘rt mingta inson orqali O‘zbekiston oliy ta'limining dunyoning boshqa hududlari bilan bog‘lanishidir.

Reyting tizimining eng qiziqarli tomoni shundaki, QS World University Rankings metodologiyasida International Student Ratio (xorijiy talabalar ulushi) umumiy bahoning 5 foizini, International Faculty Ratio (xorijiy o‘qituvchilar ulushi) 5 foizini va International Research Network (xalqaro tadqiqot tarmog‘i) yana 5 foizini tashkil qiladi. Demak, universitetning xalqarolashuvi QS bahosining salmoqli qismini egallaydi.

Bu jarayon o‘ziga xos zanjirli mexanizmni hosil qiladi: xorijiy talabalar ko‘payadi – reyting ko‘tariladi; reyting yaxshilanadi – reputatsiya va bilim yurtining taniluvchanligi oshadi; bu esa o‘z navbatida yangi xalqaro talabalarni jalb etadi va xalqaro nufuzni yanada mustahkamlaydi.

Aynan shu nuqtadan qaralganda, TIQXMMIdagi xalqaro talabalar sonining o‘sishi va universitetning xalqaro reytinglardagi ko‘tarilishini bir-biridan ayri holda ko‘rib bo‘lmaydi. Albatta, ilmiy nuqtai nazardan “reyting oshgani uchun aynan shuncha xorijiy talaba keldi” deyish bir yoqlama bo‘lar edi. Talabaning qaroriga kontrakt miqdori, viza tartibi, yashash xarajatlari, xavfsizlik, ta’lim tili, universitet marketingi va mamlakatlararo aloqalar kabi ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ammo xalqaro reputatsiya ana shu omillar orasida tobora hal qiluvchi o‘rin egallamoqda.

Tadqiqotlarda ham xalqaro talabalarni jalb qilishda universitet reputatsiyasi juda kuchli omil ekani isbotlangan. Masalan, Yasemin Nuhog‘lu Soysal (Yasemin Nuhoğlu Soysal) va hammualliflarning universitetlar tomonidan xorijiy talabalarni jalb etish bo‘yicha o‘tkazgan tahlili talabalar oqimida OTM nufuzi va reytingi muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi.

Shunday ekan, xalqaro reytingdagi 458-o‘rin — shunchaki universitet nomi yoniga yozib qo‘yiladigan raqam emas. Uning haqiqiy qiymati OTM uchun yaratiladigan yangi imkoniyatlarda: dunyoning boshqa nuqtasidagi talabaning e'tibori, xorijiy professorning qiziqishi, yangi ilmiy hamkorlik, xalqaro loyihalar va eng muhimi — O‘zbekiston oliy ta'limiga nisbatan global ishonchning ortishida namoyon bo‘ladi.

Bugun dunyo universitetlari nafaqat auditoriya va laboratoriyalarda, balki global reputatsiya uchun ham shiddat bilan raqobatlashmoqda. Shu ma'noda, O‘zbekiston universitetlarining xalqaro reytinglarda yuqorilashi bir oliy o‘quv yurtining alohida yutug‘i bilan cheklanib qolmaydi. Har bir yuqori pog‘ona dunyoga O‘zbekiston oliy ta’limi haqida yangi va ijobiy signal yuboradi. Demak, masala universitetning 458-o‘rinda ekanida emas, asosiy masala — bu ko‘rsatkichni mamlakat uchun 458 ta yangi imkoniyatga aylantira olishdadir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish