Xursand Karlibayev 17 yoshda. Qo‘ng‘irot tumanidagi Hakim ota mahallasida yashovchi bu yigit tengqurlaridan bir jihati bilan ajralib turadi: u 11-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay, o‘z mehnati bilan oyiga 2–4 million so‘m daromad topayotgan yosh mutaxassis. Xursandning bu natijasi tizimli ishlangan yoshlar siyosati, to‘g‘ri yo‘naltirilgan imkoniyatlar va mahalladagi samarali muhit natijasidir.
– Mahallamizda yaratilgan imkoniyatlar, to‘garaklar va ustozlar ko‘magida o‘z yo‘limni topdim. Bu jarayonda mahallamiz yoshlar yetakchisi Sevara opaning ko‘magi katta bo‘ldi. Hozir o‘qish bilan birga ishlayapman. Dastlab qiyin bo‘ldi, lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgandim. Kelajakda ham o‘qishimni davom ettirib, o‘z kasbim bo‘yicha yanada rivojlanmoqchiman, – deydi Xursand Karlibayev
Bugun Xursand kabi yoshlar Hakim ota mahallasida anchagina. Bu yerda yoshlar o‘z kelajagini qurish bilan band. Natijalar ortida esa mahalladagi yoshlar yetakchisi Sevara Abdikarimovaning izchil va tizimli faoliyati turibdi.
Hakim ota mahallasi balansi:
Aholi: 4012 nafar;
Yoshlar: 1037 nafar;
Xotin-qizlar: 1867 nafar.
“Yashil” toifa: 484 nafar;
“Sariq” toifa: 122 nafar;
“Qizil” toifa: 4 nafar.
Mahalla drayveri: chorvachilik va dehqonchilik.
Nazariyadan amaliyotga
Hakim ota mahallasida “Besh muhim tashabbus” yoshlarning kundalik hayot tarziga aylanib ulgurgan. Hozir 186 nafar yosh kutubxonaga muntazam qatnasa, 273 nafari turli to‘garaklarga jalb etilgan. Umumiy qamrov esa 459 nafarni tashkil etadi.
Sport yo‘nalishida esa “Besh tashabbus olimpiadasi” orqali yoshlarning 60 foizdan ortig‘i sportga jalb qilingan.
AT va zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi “Ustoz AI” loyihasi doirasida 102 nafar yosh kompyuter savodxonligini oshirib, 23 nafari onlayn faoliyat orqali daromad topyapti. Ular orasida oyiga 700–1200 dollar daromad qilayotganlar ham borligi alohida e’tiborga loyiq.
Xotin-qizlar bandligi yo‘nalishida esa “Qizlar akademiyasi” va “Ushshoq” loyihalari orqali 107 nafar qiz kasb-hunar egasiga aylangan.
– Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat boshlaganimga 9 oy bo‘ldi, – deydi Sevara Abdikarimova. – Bu davr men uchun katta sinov va bir vaqtning o‘zida ulkan imkoniyatlar maktabi bo‘ldi. Dastlab ishni tizimli yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdik. Har bir yosh bilan individual ishlash, ularni band qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali sezilarli natijalarga erisha boshladik. Bugun Xursand kabi o‘z yo‘lini topgan, o‘qish bilan birga daromad topayotgan yoshlarimiz ko‘payayotgani ishlarimizning natijasidir. Qisqa vaqt ichida mahallamizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga erishdik. Kelgusida ham ishlarimizni yanada kengaytirib, ayniqsa AT, tadbirkorlik va kasb-hunar yo‘nalishlarida yoshlarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni rejalashtiryapmiz.
“Nol” jinoyatchilik
Mahalladagi eng katta yutuqlardan biri 2025-yil va 2026-yilning hozirgacha bo‘lgan davrida yoshlar tomonidan birorta ham jinoyat sodir etilmaganidir.
1037 nafar yoshning har biri bilan individual ishlash, ularni band qilish, qiziqishlariga mos yo‘naltirish orqali ularning dunyoqarashi tubdan o‘zgargan. Bugun bu yerda yoshlarning “bo‘sh vaqti” degan tushuncha deyarli yo‘q: ular o‘qishda, kasb o‘rganishda yoki daromad topish bilan band.
Hakim ota mahallasida yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yer – xazina” tashabbusi orqali 12 nafar yoshga yer ajratilib, ular mavsum davomida 4–5 million so‘mgacha daromad qilyapti.
Prezidentning “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 62-sonli qarori asosida bir yoshga 80 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Ushbu mablag‘larni samarali yo‘naltirgan Ikram Uzaqbayev sartaroshxona ochib, 5 ta ish o‘rni yaratgan. 10 ga yaqin shogird tayyorlamoqda. U imkoniyatdan unumli foydalangan yosh tadbirkorlar sifatida o‘z tajribasini quyidagicha ifodalaydi:
– Avvaldan sartaroshlikka qiziqardim, lekin o‘z ustaxonamni ochish uchun imkoniyat yetishmas edi. Shu dastur orqali o‘z orzumni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun nafaqat o‘zim ishlayapman, balki yana 5 nafar yigitni ish bilan ta’minladim. 10 ga yaqin shogird tayyorlab, ularga kasb o‘rgatyapman. Mahallamizdagi yoshlar yetakchisining faoliyati natijasida ko‘plab yigit-qizlar o‘z yo‘lini topyapti. Men ham aynan yetakchining yo‘naltirishi va tavsiyalari orqali ushbu imkoniyatdan xabardor bo‘ldim. Oddiy qiziqishdan boshlagan edim, bugun esa o‘z jamoamga ega tadbirkorman. Faoliyatimni kengaytirib, yana ko‘proq yoshlarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilganman.
Yoshlar yetakchisi mahallada “hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyili asosida ish olib boradi. Hozir 7 nafar yosh xorijda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Migratsiyadan qaytgan 9 nafar yosh darhol band qilingan. 64 nafardan ortiq yosh ustoz-shogird an’anasi orqali kasb o‘rganyapti. Ulardan biri Tazabay Davletyarov oyiga 4–6 million so‘m daromad topyapti.
Shuningdek, 19 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlangan. “Yoshlar daftari” orqali 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berildi.
Bugun Hakim ota mahallasi yoshlari imkoniyatdan foydalanishni biladigan, o‘z ustida ishlaydigan, maqsadli avlod. Mahallada ishsiz yosh deyarli yo‘q. Harakat, izlanish va natija ustuvor.
Sevara Abdikarimova boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar yoshlar bilan manzilli va izchil ishlansa, har qanday hududni taraqqiyot nuqtasiga aylantirish mumkin.
