Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

1 017 TA TAQDIR VA MEN: Imkoniyatni men ko‘rsataman, eshikni yoshlarning o‘zi ochadi

8.10.2026 38

Ozodaxon HOTAMOVA, Qiziltepa tumanidagi G‘amxo‘r mahallasi yoshlar yetakchisi

Har bir kasbning o‘z mas’uliyati, o‘ziga yarasha sharafi bor. Men esa bundan to‘rt yil avval mahalladagi yoshlar yetakchisi bo‘lishdek mas’uliyatni tanladim. Mutaxassisligim pedagogika bilan bog‘liq bo‘lgani uchun yoshlar bilan ishlash men uchun avvaldan qiziqarli edi. Ammo yetakchilik faoliyati menga bu kasb oddiygina lavozim emasligini, yoshlarning chinakam hamsuhbati, do‘sti va yordamchisi bo‘lish kerakligini anglatdi.

Bugun men faoliyat yuritayotgan Qiziltepa tumanidagi G‘amxo‘r mahallasida 2 408 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 1 017 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar. 14–30 yoshdagi 585 nafar yoshning 290 nafari xotin-qizlar. Ular bilan ishlash katta mas’uliyat talab qiladi.

Alohida taqdirlar

Yoshlar bilan ishlashda eng muhim jihatlardan biri – manzillilik. Shu maqsadda “Yoshlar balansi”ni shakllantirish jarayonida har bir yoshning xohish-istagi, bandligi, ta’limi, oilaviy va ijtimoiy holatini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdik.

Yoshlarning yomoni bo‘lmaydi. Ba’zan u shunchaki hayotda o‘z yo‘lini topolmay qolishi yoki noto‘g‘ri tanlov asoratida qolishi mumkin. Yetakchining vazifasi esa shu pallada yoshni qo‘llab-quvvatlash, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va imkoniyat yaratish.

2026-yil davomida mahallamizdan 2 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Buning uchun 13,7 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, bir nafar yoshning harbiy xizmat to‘lovi uchun 9,2 million so‘m, yana birining zamonaviy kasbga o‘qishi uchun 4,5 million so‘m ajratildi.

Yil boshidan buyon mahallamizda 26 nafar ishsiz yosh aniqlandi va ular ish bilan band qilindi. Shundan 8 nafari zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga o‘qitildi. 6 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratildi, 12 nafari esa doimiy ish bilan ta’minlandi.

Ayniqsa, yoshlarning tadbirkorlikka qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapmiz. Masalan, Sirojiddin Hakimov sartaroshlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z daromadiga ega bo‘ldi va shogirdlarga kasb sirlarini o‘rgatmoqda. Ozodbek Qo‘ldoshev toshga ishlov beruvchi kichik sex ochib, uch nafar yoshning bandligini ta’minladi. Rushana Azimova esa tikuvchilik faoliyatini boshladi.

Bitiruvchi e’tibordan chetda qolmasligi kerak

Bitiruvchilar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qarataman. 2025–2026-o‘quv yilida mahallamizdagi 58 nafar bitiruvchi bo‘yicha bandlik va ta’lim masalalari o‘rganildi.

Maktab bitiruvchilarining 17 nafari oliy ta’limga, 3 nafari professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Ikki nafar yosh mahalladagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda.

Professional ta’lim bitiruvchilarining 7 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirdi, 3 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Oliy ta’lim bitiruvchilarining 23 nafari ish bilan ta’minlandi, 2 nafari magistraturada o‘qishini davom ettirmoqda.

Mahallamizda sportsevar yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu sababli “Besh tashabbus olimpiadasi”ni targ‘ib qilish va yoshlarni sportga jalb etishga harakat qilamiz.

Joriy davrda 526 nafar yosh ushbu loyiha doirasidagi musobaqalarga jalb qilindi. Mahalla jamoasi voleybol bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Gandbol bo‘yicha qizlarimiz ham faol qatnashmoqda. Paralimpiadaning shaxmat yo‘nalishida Dilshodjon Suvonov yaxshi natijalarga erishdi.

Mahallamizda sport uchun sharoit yaratilishiga ham jamoatchilik vakillari katta hissa qo‘shmoqda. Yoshlarimizning bunga munosib javobi esa musobaqalardagi natijalarida namoyon bo‘lmoqda.

Bilim va tafakkur

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga ularning intellektual salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratyapmiz. Mahallamizdagi 28-maktabda “Zakovat”, shaxmat-shashka va sport to‘garaklari tashkil etilgan.

“Zakovat” klubimiz a’zolari ikki yil davomida hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda “Mutolaa” loyihasidan 62 nafar yosh foydalanib, jami 310 dan ortiq kitob mutolaa qilmoqda. “Ibrat academy” platformasida 70 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan va ulardan 7 nafari sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan. “Ustoz AI” loyihasida 36 nafar yosh qatnashib, 3 nafari sertifikat olgan. “UzChess”dan 30 nafar yosh faol foydalanmoqda. “Qizlar akademiyasi”ga esa 42 nafar xotin-qiz jalb etilgan bo‘lib, 4 nafari sertifikat olgan.

Menimcha, yoshlarga berilgan eng katta yordam imkoniyatlardan qanday foydalanishni o‘rgatishdir.

E’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlash

Mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining qiziqishi va ehtiyojlaridan kelib chiqib, individual dasturlar ishlab chiqildi. Ayrim yoshlar davlat va nodavlat ta’lim muassasalaridagi to‘garaklarga yo‘naltirildi, ayrimlari esa mahalladagi kasb egalari va tadbirkorlarga biriktirilib, ustoz-shogird tizimi asosida kasb o‘rganmoqda.

Faoliyatim davomida shuni his qildimki, ayrim yoshlarga moddiy yordamdan ham ko‘ra, uning dardini eshitadigan inson kerak. Ba’zan yoshlar ota-onasiga yoki yaqinlariga aytolmagan gaplarini men bilan o‘rtoqlashadi. Ana shunday paytlarda yetakchi sifatida emas, inson sifatida ularni tinglashga va qo‘limdan kelgancha yordam berishga harakat qilaman.

Mahallamizda harbiy sohaga qiziqadigan, jamoat ishlarida faol yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Men ularni mahallamizning chinakam qalqonlari deb bilaman. Ular bilan hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etish, tungi tadbirlarda jamoat tartibini ta’minlash kabi ishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida mahallamiz ikki yil davomida jinoyatchilik qayd etilmagan “yashil” mahallalar qatorida bo‘lib kelmoqda.

Faoliyatimni tahlil qilar ekanman, men uchun eng katta natija yoshlarning hayotidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Yoshlar yetakchisi o‘z mahallasidagi yoshlarni birlashtira olishi, ularning muammosiga befarq bo‘lmasligi, tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi va eng muhimi, ularga ishonishi kerak.

G‘amxo‘r mahallasining har bir yoshini katta imkoniyatlarga ega, ulkan maqsadlar sari intilayotgan avlod vakili sifatida ko‘raman. Asosiy maqsadim esa shu imkoniyatlar asosida maqsadlari ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish