Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

0,5 ball va 2 million soʻm Tez yordamga yo‘l bermaslik shunchalik arzonmi?

8.10.2026 44

Shaxruza Sattorova

Ijtimoiy tarmoqlarda tez tibbiy yordam va maxsus xizmat mashinalariga yo‘l bermagan haydovchilar aks etgan videolar tez-tez tarqalib turadi. Sirenasi yoqilgan, mayoqchalari yoniq tez yordam mashinasi tirbandlik orasidan yo‘l izlaydi. Kimningdir hayoti uchun sanalayotgan soniyalar...

Oldinda ketayotgan haydovchi esa xotirjam. Go‘yo orqasida tez yordam emas, oddiy avtomobil kelayotgandek. Ba’zan u yo‘l bermaydi, ba’zan esa tezlikni oshirib, shunchaki oldinga o‘tib oladi. Bunday tasvirlar tarqalib ketsa, ijtimoiy tarmoqlarda g‘azabli izohlar yog‘iladi: “Bunday haydovchini jazolash kerak!”, “Guvohnomasini olib qo‘yish shart!”, “Odamning jonidan muhim nima bor?”

Tez yordam mashinasi sirena yoqqan holda harakatlanayotgan bo‘lsa, uning ichida yordamga muhtoj bemor yoki unga yetib borishga shoshayotgan shifokorlar bor. Bir manzilda yurak xuruji, boshqa joyda og‘ir qon ketishi, yana bir xonadonda ahvoli og‘irlashgan yosh bola bo‘lishi mumkin.

O‘t o‘chiruvchi mashina esa yong‘in tomon shoshadi, har bir soniya olovning yana bir xonaga, yana bir qavatga yetib borishi yoki yana bir inson hayotiga nuqta qo‘yishi degani. Shunday paytda yo‘l bermayotgan haydovchi uchun bu atigi bir necha soniyalik yutuqdir. Lekin yordam kutayotgan odam uchun o‘sha soniyalar butunlay boshqa qiymatga ega.

Amaldagi jazo yetarlimi?

Har safar shunday video tarqalganda haydovchi tarmoqda qoralanadi. Shaxsiy ma’lumotlari izlanadi, haqorat qilinadi, ommaviy ravishda uyaltirishga urinishadi. Lekin bu muammoni hal qilmaydi. Bugun bitta haydovchini sazoyi qilish mumkin, ertaga esa boshqa biri xuddi shu xatoni takrorlayveradi.

Chunki tizim ijtimoiy tarmoqdagi g‘azab bilan emas, aniq qoida, muqarrar jazo va yuqori madaniyat bilan ishlaydi. Shuning uchun masalani “Bu haydovchini qanday jazolaymiz?” emas, “Boshqalar ham bunday qilishga jur’at etmasligi uchun nima qilish kerak?” degan rakursga burish lozim.

Yaqindagina Samarqandda tez yordamga yo‘l bermagan “Mercedes-Benz” haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, maxsus xizmat transportining o‘tishiga xalaqit berish BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarimaga va 0,5 jarima baliga sabab bo‘ladi. Xoʻsh, inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bunday qoidabuzarlik uchun amaldagi jazo yetarlimi?

Jazo qanday bo‘lishi kerak?

Bu borada mutaxassislar va jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan bir nechta qat’iy takliflar bor:

 * Jarima miqdorini oshirish: bunday qoidabuzarlik uchun dastlabki holatdayoq kamida BHMning 15 baravari miqdorida jarima belgilash. Agar haydovchi bir yil ichida xuddi shu qilmishni takrorlasa, haydovchilik huquqidan mahrum qilish.

 * Jarima balini ko‘paytirish: inson hayotiga xavf soluvchi holat uchun 0,5 ball o‘ta yengil jazo. Jarima balini kamida 1,5 balga ko‘tarish zarur.

 * 50 foizlik chegirmani bekor qilish: qoidabuzarlik uchun jarimani tezroq to‘lashda qo‘llanadigan 50 foizli chegirma mexanizmini inson hayotiga daxldor bunday holatlar uchun qo‘llamaslik.

Bu majburiyat!

Toʻgʻri, tez yordamga yo‘l berganingiz uchun sizga medal berishmaydi, hech kim qarsak ham chalmaydi. Chunki siz shunchaki o‘z majburiyatingizni bajargan bo‘lasiz. Lekin o‘sha oddiy harakatingiz kimningdir shifoxonaga bir necha daqiqa oldin yetib borishini ta’minlaydi. O‘sha sanoqli daqiqalar esa kimningdir hayotini saqlab qoladi.

Yo‘llardagi tartib faqat svetofor va chiziqlar majmui emas. Bu – jamiyatning bir-biriga bo‘lgan hurmati. Sirena eshitilganda yo‘l ochish esa qoidaga bo‘ysunishdan ham kattaroq narsa. O‘z harakatingiz orqali taqdim etgan o‘sha bir necha soniya hayot va o‘lim o‘rtasidagi masofa vaqti bo‘lishi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish