Samarqand tumanidagi Mirishkor mahallasida yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – ularning bandligini ta’minlash. Yil boshida ishsiz sifatida ro‘yxatda turgan 24 nafar yoshning qiziqishi, kasbiy salohiyati va oilaviy sharoiti o‘rganilib, manzilli choralar belgilandi. Natijada 15 nafari tadbirkorlar bilan tashkil etilgan uchrashuvlardan so‘ng mebel sexi va asfalt zavodiga ishga joylashtirildi. Yana 16 nafar yosh doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
5 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratildi, 2 nafari subsidiyalar asosida zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi, yana 2 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Mazkur chora-tadbirlar yoshlarning uzoq muddatli bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
– Mahallamizdagi har bir yoshning bandligi va kelajagi biz uchun eng muhim vazifalardan ekanligi uchun ishsiz yoshlarning har biri bilan yakka tartibda ishlashga, ularning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojidan kelib chiqib amaliy yechimlar topishga alohida e’tibor qaratdik, – deydi Mirishkor mahallasi yoshlar yetakchisi Sabina Ahmedova. – Bugungi natijalar – jamoaviy sa’y-harakatlar samarasi. Kelgusida ham mahallamizda yoshlar bandligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida izchil ishlashda davom etamiz.
Mirishkor mahallasi balansi:
Aholi: 3239 nafar;
Yoshlar: 812 nafar;
Xotin-qizlar: 420 nafar.
“Yashil” toifa: 536 nafar;
“Sariq” toifa: 276 nafar;
“Qizil” toifa: 3 nafar.
Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik.
“Bitiruvchi yoshlar” dasturi
Mirishkor mahallasida 2025-yilda amalga oshirilgan muhim loyihalardan biri “Bitiruvchi yoshlar” dasturi bo‘ldi.
Dastur doirasida 24 nafar bitiruvchi yosh to‘liq qamrab olindi. Ularning mehnat bozoriga kirishi, ta’limni davom ettirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi bo‘yicha individual yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.
Natijada:
11 nafari mehnat bozoriga kirib keldi;
3 nafari oliy ta’limni davom ettirdi;
2 nafari o‘qishini davom ettirishga qaror qildi;
4 nafari kredit asosida qo‘llab-quvvatlandi;
2 nafari doimiy ishga joylashtirildi.
Yil yakuniga kelib dastur ishtirokchilarining 23 nafarining bandligi ta’minlandi.
Mahalla iqtisodiyotining tayanchi
Sabina Ahmedovaning faoliyatida yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish alohida o‘rin tutadi.
17 nafar yoshga jami 230 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar evaziga yoshlar xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘z bizneslarini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, migratsiyadan qaytgan 28 yoshli Diyor Uralboyevga ko‘rsatilgan amaliy yordam e’tiborga molik. Unga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda uning ustaxonasi yaxshigina daromad keltiryapti, shuningdek, yana ikki nafar yosh – Xurshid Ismatov hamda Ruslan Sayitqulov ham doimiy ishli bo‘ldi.
– Xorijiy migratsiyadan qaytgach, o‘z faoliyatimni boshlash va oilam uchun barqaror daromad manbayi yaratishni maqsad qilgandim. Yoshlar yetakchisi ko‘rsatgan amaliy yordam, xususan, imtiyozli kredit olishdagi ko‘mak orzularimni ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutdi. Ustaxonam orqali yana ikki nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minladim, – deydi Diyor Uralboyev.
Mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan og‘ir toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham izchil olib borildi. Homiylar ko‘magida 25 yoshli Gulsanam Tilabovaga tikuv mashinasi olib berildi. Endi u tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oilasiga daromad keltirmoqda.
27 yoshli Shahboz Abduvohidov esa payvandlash apparati bilan ta’minlandi. Hozir payvandlash xizmatlarini ko‘rsatish orqali barqaror daromadga ega.
Mirishkor mahallasida xorijda mehnat qilayotgan 43 nafar yosh bilan muntazam onlayn muloqot olib boriladi. Migratsiyadan qaytgan 6 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Sport va intellektual tanlovlarda yuqori natijalar
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va musobaqalarda mahalla yoshlari faol qatnashib kelmoqda.
Rayhona To‘lqinboyeva shaxmat bo‘yicha viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni egalladi. Ozoda Abdujabborova shashka bo‘yicha viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Azizbek Umarov “Yoshlar ovozi” tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Shaxsina Usmonova esa “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida faol ishtirok etdi.
Sabina Ahmedovaning o‘zi ham “Yetakchi camp” loyihasining 4-avlod ishtirokchisi. 2026-yilning ikkinchi choragida eng namunali yetakchilarning top 100 reytingidan joy oldi. Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan.
Mahalladagi ijtimoiy muhit
Yoshlar bilan tizimli ishlash natijasida Mirishkor mahallasi ishsizlik va jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida e’tirof etilmoqda.
Mahalladagi umumta’lim maktabiga tashabbusli byudjet loyihasi orqali zamonaviy texnologiyalar va jihozlar olib kelindi. Homiylar bilan hamkorlikda maktab kutubxonasi 420 dona yangi badiiy adabiyot bilan boyitildi.
