Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Nobel olgan ayollar

18.12.2023 1444

Davomi keying sonda

Nobel mukofoti tarixida o‘ziga xos yorqin nom qoldirgan, o‘z ilmiy faoliyati bilan insoniyatga katta naf keltirgan 15 nafar olima ayol haqida ma’lumot ulashmoqchimiz. Ular o‘z fan sohasida eng yetakchi olima o‘laroq, erkak hamkasblarini ham zakovat bobida ortda qoldirgan, fanning eng ilg‘or qanotlari bilan parvoz qilgan. Ular bilan tanishar ekansiz, ayollarning aqliy salohiyatiga bepisandlik mutlaqo noto‘g‘ri qarash ekanini yana anglaysiz.

  1. Mariya Kyuri. Yo‘nalishi: fizika (1903-yil) va kimyo (1911-yil).

Mariya Kyurining radioaktivlik hodisasini tadqiq qilish borasidagi mehnatlari fizika uchun katta poydevor bo‘lgan. Asli kelib chiqishi polyak, asil familiyasi Sklodovska bo‘lgan Mariya Parijda ta’lim olgan va shu yerda fizik olim Pyer Kyuri bilan tanishib, u bilan turmush qurgan. Shu sababli ham uning ilmiy ishlari Mariya Kyuri nomi ostida tanilgan. Mariya Kyuriga avvaliga 1903-yilda radioaktivlik hodisasini kashf qilgani uchun fizika yo‘nalishidagi Nobel mukofoti berilgan bo‘lsa, 1911-yilga kelib endi u kimyo yo‘nalishida – poloniy va radiy elementlarini kashf qilgani uchun Nobelga musharraf bo‘ldi.

  1. Iren Kyuri. Yo‘nalishi: kimyo (1935-yil).

Iren Kyuri Mariya va Pyer Kyurining qizi. U ilm-fanda onasining davomchisi bo‘lgan. Iren Kyuri ham asosiy ilmiy faoliyatini radioaktivlik hodisasini tadqiq qilishga bag‘ishlagan. U o‘z Nobelini sun’iy radioaktivlik hodisasini kashf qilganligi uchun olgan edi.

Iren Kyurining ilmiy ishlari asosida olingan ko‘plab sun’iy radioaktiv izotoplar zamonaviy tibbiyotdagi muhim yutuqlar uchun, chunonchi, saraton kasalliklarini davolovchi preparat va uskunalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qilgan.

  1. Gerta Tereza Kori. Yo‘nalishi: tibbiyot (1947-yil).

Gerta Tereza Kori Chexiyada, Pragada tug‘ilgan. Asosiy ilmiy faoliyatini Avstriya va AQShda olib borgan. Korining tadqiqotlari asosan odam tanasidagi metabolizm jarayonlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Xususan, u sut kislotasining hosil bo‘lishi va uning jigarda glikogenga aylanish jarayonini kashf etgan. Hozir fanda bu jarayon “Kori jarayoni” deyiladi.

Korining ilmiy ishi diabet kasalliklarining mohiyatini anglashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Gerta Tereza Kori – AQShlik ayollar ichida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol hamdir.

  1. Mariya Gyoppert Mayer. Yo‘nalishi: fizika (1963-yil).

Nemis fizigi va matematigi Mariya Gyoppert Mayer atom fizikasi sohasidagi ulkan xizmatlari bilan yodga olinadi. U atom yadrosi qobig‘ining modelini fanga taklif etgan edi va bu ishi unga Nobel mukofotini keltirdi. U shuningdek, atom bombasini tayyorlash jarayonida, maxsus izotoplarni ajratib, yetkazib turish vazifasi bilan ham shug‘ullangan.

  1. Doroti Meri Kroufut Xojkin. Yo‘nalishi: kimyo (1964-yil).

Garchi, Doroti Kroufutga Nobeli kimyo yo‘nalishida berilgan bo‘lsa-da, aslida uning ilmiy ishlarining ahamiyati tibbiyot sohasi uchun qadrliroq. 1910-yili Qohirada tug‘ilgan olima o‘z ilmiy faoliyatini Angliyada – Kembrij universitetida olib borgan.

U rentgen nurlari vositasida turli biokimyoviy strukturalarni tadqiq qilgan bo‘lib, aynan shu usul bilan, penitsillin va B12 vitaminining strukturasini aniqlab bergan edi. Uning mazkur ishlari Anemiyani davolashda katta istiqbollarni taqdim etgan.

Doroti Kroufut – rentgenoskopik strukturaviy tahlil sohasining asoschisi sifatida, ilm-fan tarixida o‘z nomini zarhal harflar bilan bitdi hamda rentgenologik kristallografiya sohasi rivoji uchun ham salmoqli hissa qo‘shdi. Uning ishlari asosida, insoniyat biokimyoviy birikmalarning uch o‘lchamli strukturalarini olish va tushunish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

  1. Rozalin Sussman Yalov. Yo‘nalishi: tibbiyot (1977-yil).

Nyu-Yorkda tug‘ilib, shu yerda faoliyat yuritgan fizik olima Rozalin Sussmanning ilmiy ishlari o‘z sohasi – fizikadan ko‘ra ko‘proq tibbiyot uchun ahamiyatli bo‘lgan. U radioimmunoanaliz sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgan.

Bu analiz vositasida, radioaktiv izotoplar yordamida organizmdagi gormonlar, viruslar, vitaminlar, ferment va hokazolarning umumiy konsentratsiyasini aniqlash mumkin. Tashxis qo‘yishda bu ma’lumotlarning nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini tushunish uchun esa professional medik bo‘lish shart emas, albatta...

  1. Barbara Mak-Klintok. Yo‘nalishi: tibbiyot (1983-yil).

1902-yilda AQShda tug‘ilgan olima butun ilmiy faoliyati mobaynida makkajo‘xori genetikasini tadqiq qilish bilan shug‘ullangan. U makkajo‘xorining bir avlodidan ikkinchisiga irsiy axborotning o‘tishini o‘rganish asnosida, mobil gen elementlarini kashf qildi. Uning sitologik va genetik tadqiqotlari asosida odam va hayvonlarda uchraydigan, Bezgakka o‘xshash, parazitar kasallik – Afrika tripanasomozasi (uyqu xastaligi)ning davosi topilgan edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish