Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Oliy attestatsiya komissiyasida ijro intizomi masalalari muhokama qilindi

22.10.2025 2952

O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida (OAK) Prezidentning 2025-yil 25-iyuldagi PF–117-son Farmoni ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar muhokama qilindi. Tadbirda OAK raisi hisobot berdi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi va OAV vakillari ishtirok etdi.

OAKda ijro intizomini kuchaytirish maqsadida har kuni rahbariyatga hisobot berish, haftalik yig‘ilishlarda ijro holatini ko‘rib chiqish hamda oy yakunida Rayosat majlisida umumlashtirilgan tahlilni taqdim etish tizimi joriy etilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilning 9 oyi davomida komissiya zimmasiga yuklatilgan barcha topshiriqlar 100 foiz bajarilgan. Shu davrda:

Prezident va Hukumat hujjatlari bo‘yicha 5 ta farmon, 2 ta qaror, 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori hamda 7 ta hukumat topshirig‘i to‘liq ijro etilgan;

325 ta fuqarolik murojaati qabul qilinib, ularning barchasiga belgilangan muddatlarda javob berilgan;

O‘zbekiston ilmiy muhitida 15 ta yangi ilmiy kengash tashkil etilgan, shundan 4 tasi mintaqaviy oliygohlarda faoliyat boshlagan;

2 ta yangi ilmiy ixtisoslik — “Xoreografiya san’ati” va “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” yo‘nalishlari ro‘yxatga kiritilgan;

Xorijiy ilmiy darajalarni tan olish (nostrifikatsiya) bo‘yicha 200 dan ortiq ariza ko‘rib chiqilgan, shulardan 187 tasi ijobiy hal etilgan.

Muhokama davomida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, “Yashil makon” umumxalq loyihasi va ilm-fan sohasiga oid farmonlar ijrosida OAKning ishtiroki ham alohida ta’kidlandi.

Oliy attestatsiya komissiyasi kelgusida ham ijro intizomini mustahkamlash, ochiqlik va samaradorlik tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishni davom ettiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish