Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Nobel olgan ayollar ( 2-qism)

5.1.2024 3375

Shahruza Sattorova

Rita Levi Montalchini.Yo‘nalishi: tibbiyot(1986-yil)

Italiyalik neyrofiziolog olima Montalchini o‘z atrofidagilarni nafaqat o‘ta kuchli zehni va aqli bilan, balki dangal va qo‘rqmas xarakteri bilan ham lol qoldirgan. 97 yil umr ko‘rgan olima 1907-yilda Turinda tug‘ilgan edi.

U o‘sish omili va u bilan bog‘liq biokimyoviy jarayonlarni tadqiq qilgan bo‘lib, xususan, NFG-oqsilini kashf qilganligi uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan. Montalchini ilmiy ishlari, ayniqsa, alsgeymer kasalligining sabablarini aniqlashda katta o‘rin tutadi.

Gertruda Elion.Yo‘nalishi: tibbiyot (1988-yil)

Gertruda Elion tibbiyotning xilma-xil sohalarida izlanish olib borgan bo‘lib, uning kashfiyot va ixtirolari o‘zidan boshqa yana bir necha kishining nomini ilm-fan tarixiga muhrlashga yetgan bo‘lardi.

Xususan, uning izlanishlari asosida bezgak, OITS hamda oqqon kasalliklarida bemorlarga katta naf beruvchi dori vositalari yaratilgan.

Shuningdek, tanaga tushgan yot to‘qimalarning faoliyatini to‘sib qo‘yuvchi “Imuran” preparatini ham Elion ishlab chiqqan. Gertruda Elionning ixtirolari ko‘plab kasalliklarni davolash metodikasida keskin ijobiy o‘zgarishlar bergan.

 Xristiana Nyuslayn-Folxard. Yo‘nalishi: tibbiyot (1995-yil)

Germaniyalik biolog olima Xristiana Nyuslayn-Folxard 1942-yilda Magdeburgda tug‘ilgan. Uning ilmiy ishlari embrional rivojlanish sohasiga taalluqli bo‘lib, ko‘plab tug‘ma kasalliklarning oldini olish hamda o‘z vaqtida davolash borasida g‘oyat muhim yangi imkoniyatlarni taqdim etgan.

 

Fransuaza Barri-Sinussi. Yo‘nalishi: tibbiyot (2008-yil)

1947-yilda Parijda tug‘ilgan olima hozirgi kunda XXI asr vabosi deya nom olgan bedavo kasallik – OITS xastaligini qo‘zg‘atuvchi retrovirusni kashf qilgan shaxsdir.

U 1983-yilda limfa tugunlari shishib ketgan bemorlar qonida aynan limfositlarga hujum qilayotgan retrovirusni aniqladi. Keyinchalik bu virus tibbiyotda immun tanqisligi virusi deb nom olganini ko‘pchilik yaxshi biladi.

 Donna Strikland. Yo‘nalishi: fizika (2018-yil)

Kanadada tug‘ilib o‘sgan olima Donna Strikland, fizikaning optika sohasi mutaxassisi hisoblanadi. U yaratgan yuqori intensivlikdagi ultraqisqa lazer impulslarini hosil qilish texnologiyasi juda keng amaliy qo‘llash sohasiga ega bo‘lib, birinchi navbatda, ko‘rish qobiliyatini tiklash va davolash yo‘nalishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Frensis Gamilton Arnold. Yo‘nalishi: kimyo (2018-yil)

Bu olimaning tadqiqotlari biomuhandislik va biokimyo sohalarida bo‘lib, asosan, inson tanasida fermentlarning ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishlanadi. 1956-yilda tug‘ilgan Gamilton 2018-yilda “yo‘naltirilgan evolyutsiya sohasidagi ishlari uchun” Nobel mukofotiga erishgan. U kashf qilgan bir necha oqsillar orqali biokimyo sohasidagi zalvorli masalalarga yechim topilishi kutilmoqda.

Linda Bak. Yo‘nalishi: tibbiyot (2009-yil)

Sietl shahrida 1947-yilda tug‘ilgan biolog olima Linda Bak o‘z ilmiy ishlari orqali odamning hid bilish sistemasi mexanizmlarini ochib bergan edi. Unga ko‘ra, odam burni hidlarni kodlash uchun maxsus kombinatorika sxema qo‘llashi ma’lum bo‘lgan hamda hid bilish sensor neyronlari kashf qilingan edi.

 

Ada Yonat. Yo‘nalishi: kimyo (2009-yil)

Isroil mamlakatidan chiqqan birinchi Nobel mukofoti sohibasi Ada Yonatning ishlari asosan kristallografiya sohasida bo‘lib, u o‘zining ribosoma strukturasini tadqiq qilishga bag‘ishlangan ilmiy ishlari uchun mazkur nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish