Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tuproqxo‘r, yelimxo‘r va shamxo‘rlar - nega ba’zi odamlar yeb bo‘lmaydigan narsalarni yegisi keladi?

21.12.2023 1310

Kun.uz

Yeb bo‘lmaydigan narsalarni yeyishga xohish – Pika sindromi deb ataladi. Dunyo bo‘yicha bu sindrom qancha odamda kuzatilishi aniq emas, sababi kattalar uni kasallik deb hisoblamaydi va shifokorga murojaat qilib o‘tirmaydi.

Irlandiyalik 20 yoshli Meri olov yoqishda ishlatiladigan o‘t yoqqichlarni yeyish odatidan yaqindagina qutuldi. O‘t yoqqich – zich shaklda ishlangan maxsus o‘t oldirgichlar bo‘lib, ular asosan yog‘och va ko‘mir kabilarni yoqishda ishlatiladi. Merining aytishicha, u o‘smirligida har 6 oyda bir quti o‘t oldirgichni yeb tugatgan. Imtihonlari mavsumida esa 3 haftaga borar-bormas bitta qutini tugatib qo‘ygan.

Meridagi bu holat Pika sindromi deb ataladi. U nooziq-ovqat mahsuloti bo‘lgan narsalarni yeyishdan iborat ovqatlanishning buzilishi hisoblanadi. Ammo Pika holatida ham Merining keysi anchayin g‘aroyib. Qizning o‘zi ham "men xuddi o‘zim kabi holatga tushgan biror kimni uchratmadim. Internetdan izlasam, zaharlanish holatidagi ishonch telefonlari yoki o‘t o‘chirgich yonganda hidlashni yaxshi ko‘radigan homiladorlar toifalari chiqadi. Ammo aynan ularni men kabi yeydigan kimdir topilmagan", deydi.

Bu holat yetarlicha o‘rganilmagan

Pika — tumshug‘ida noodatiy narsalar olib yurishi bilan tanilgan o‘zimiz bilgan oddiy qarg‘aning lotincha atalishi. Pika sindromi, asosan, bolalar o‘rtasida ko‘proq uchraydi. Merida esa u 9 yil oldin (11 yoshida) boshlangan. "Boshida qalamlarning uchidagi o‘chirg‘ich qismini chaynardim, qog‘oz va sham mumini yerdim. Bularning hammasi Pika jamoalarida keng tarqalgan", deydi Meri. Qiz benzin hidini ham yoqtirgan. Ota-onasi yonilg‘i quyish shoxobchasida to‘xtaganda tushib benzin hidlashni yaxshi ko‘rgan. Qish paytlari esa o‘zi o‘tin yoqishni yoqtirgan. 11 yoshida hayotida sodir bo‘lgan stressli voqeadan keyin olov yoqib o‘tirganda o‘t oldirgichlarining hidiga qiziqib, ulardan tatib ko‘radi.

Pikaning odamlar orasida qanchalik keng tarqalganini aytish qiyin. Sababi bu holat yetarlicha o‘rganilmagan va u haqida hisobotlar ham kam. AQShning Indiana shtatida joylashgan Purduye universiteti psixologiya va ovqatlanish buzilishi bo‘yicha tadqiqotchisi Melinda Kartning qayd etishicha, Pika atamasining bir nechta ko‘rinishlari bor. Kattalar ko‘pincha o‘zlarining noodatiy narsalar yeyishini tan olishni ham xohlamaydi.

2022 yilda 2,4 ming odam ishtirokida o‘tkazilgan nemis tadqiqotida ishtirokchilarning 5 foizida kamida bitta bo‘lsa ham Pika holati sodir bo‘lgani, bir foizida esa bu takroriy ekani aniqlandi.

Aqliy buzilish yoki miya shikastlanishi bo‘lgan odamlarda ko‘proq uchraydi


Kartning ta’kidlashicha, pika aqliy buzilish yoki miya shikastlanishi bo‘lgan odamlarda miya faoliyati normal bo‘lgan odamlarga qaraganda ko‘proq uchraydi. Bolalarda bu holat autizm bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Yana pika sindromining yoshlarda ko‘proq kuzatilishiga kattalarning o‘z holatlariga davo izlamasliklari sabab ham bo‘lishi mumkin.

Pika sindromiga duch kelgan odamlarning bo‘r, qalam uchini, gips, muz va tuproq yeyishlari ko‘proq kuzatiladi. Bu sindrom aynan nimalardan kelib chiqishi uning qanchalik ko‘p uchrashiga oid raqamlar kabi ma’lum emas. Boshqa ovqatlanish buzilishi holatlari kabi Pika sindromida ham ikkita aynan bir-birini takrorlaydigan simptomli odamni topish qiyin.

Pikaning kuzatilishi ruhiy buzilish bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Depressiya va boshqa ruhiy holat buzilishlarida ham sodir bo‘ladi degan qarashlar bor. Ba’zi ruhiy holat buzilishlarida miyada serotonin gormoni kamayadi. Bundan kelib chiqib, miyada serotonin kamayishi Pika sindromiga sabab bo‘ladi deb aytish mumkin.

Noodatiy narsalarni yeyishga minerallar yetishmovchiligi ham sabab bo‘lishi haqida uzoq vaqtlardan beri qayd etib kelinadi. Odamlar ba’zida tanga, batariya kabi xavfli narsalardan tortib, tuproq va xom makkajo‘xori kraxmaliga ham xohish bildirishi mumkin.

Qo‘rg‘oshin bilan zaharlanganlarning 76 foizida Pika sindromi bor

Xalqaro salomatlik bo‘yicha professor Sera Yangning aytishicha, Pika sindromli odamlar yoqtiradigan gil ming yillardan beri tibbiy dorivor maqsadida ishlatiladi. Yuzlab hayvon turlari ularni iste’mol qiladi. Masalan, qushlar gilni iste’mol qilganda u toksinlarni hazm qilishga yordam beradi. Gil odamlarga ham shu ko‘rinishda foydali bo‘lishi mumkin. Lekin xavotirli joyi u temir moddasini ham so‘rib oladi va shuning uchun ham Pika sindromi ko‘pincha anemiya bilan bog‘lanadi.

Sera Yang Tanzaniya qirg‘oqlarida homiladorlik davrida anemiya mavzusida ilmiy izlanish olib boradi. Uni ayollarning “Homilador bo‘lishimiz bilan tuproq yegimiz keladi”, deyishlari hayron qoldiradi. Sera Yang uni ham quyoshda qizib turgan tuproqni tatib ko‘rishga undagan ayolni eslaydi.

Uning aytishicha, yuqori daromadli davlatlarda ham ko‘p ayollar tuproq tatib ko‘rishadi. Bu, asosan, homiladorlik, mikroelementlar yetishmovchiligi, ayniqsa, kamqonlik bilan bog‘liq. Va kamqonlikni kuchaytirib yuborishi bilan xavfli.

Tuproq iste’mol qilish qanchalik zararli ekani haqida o‘ylanganda birinchi javob uning iste’mol dozasi bilan bog‘liq. Agar juda kam miqdordagi iste’mol (bu ham ayrim odamlar uchun) foydali bo‘lsa, doimiy va ko‘p iste’mol qilish xavfli. Ba’zan tuproqda radioaktiv moddalar, ba’zan esa boshqa zararli narsalar bo‘ladi. O‘tgan yili Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash agentligi bolalarda qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish holatlarini ko‘rib chiqqanda zaharlanganlarning 76 foizida Pika sindromi borligi aniqlanadi. Bolalar, asosan, tuproq yoki bo‘yoq sabab zaharlangandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish