Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“SHAXMAT ABADIYDIR...” O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabiga sayohat

3.4.2024 209

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

 

Joriy yil 15-fevral kuni davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Marhamat tumanidagi shaxmat maktabida bo‘lib, yoshlar bilan samimiy muloqot qilgandi. Aytish joizki, bu dargohda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni ko‘rgan har qaysi kishi, avvalo, bundan unumli foydalanayotgan yoshlarning kelgusida ulkan marralarni qo‘lga kiritishiga amin bo‘ladi.

“Yoshlar ovozi” mehmonda loyihasining navbatdagi manzili ushbu shaxmat maktabi bo‘ldi.

Fidoyi tadbirkor tashabbusi

Marhamatning “Alitepa” mahallasida joylashgan shaxmat maktabi loyihasining umumiy qiymati 4 milliard 300 million so‘mni tashkil etadi. Bu dargohni barpo etish va yuzlab yoshlarni shaxmatga jalb etish tashabbusi mahalliy tadbirkor Qobiljon Obidovga tegishli bo‘lgan. Tadbirkor sport zali qurib, sport mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Inshoot qurilishi yakunlangach, Qobiljon Obidov bu joyni to‘liq davlat tasarrufiga o‘tkazishga qaror qildi. Tadbirkorning ezgu tashabbusi bilan dargohda bir vaqtning o‘zida 150 nafar o‘g‘il-qiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishiga yo‘l ochildi. “Alitepa”dagi shaxmat maktabidan tashqari, Qobiljon Obidov 2018-yilda qurib bitkazilgan 150 o‘rinli “Bolalar akademiyasi” nomli maktabgacha ta’lim muassasasini ham davlat tasarrufiga o‘tkazgan.

 

O‘ziga xos g‘oya

Shaxmat maktabiga O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomi berilgani bejizga emas. Shoir suhbatlarining birida “Shaxmat abadiydir, she’r ham abadiy!”, deb ta’kidlagandi. Negaki, Erkin Vohidovning shaxmatga ixlosi baland bo‘lganini va yosh shaxmatchilarni doimiy qo‘llab-quvvatlaganini adabiyot ahli ko‘p ta’kidlaydi. Nom tanlashda loyiha tashkilotchilarining topqirligi tahsinga loyiq.

Taniqli ma’rifatparvarlarimiz Erkin Vohidov va Ozod Sharofiddinov ijodkorlar, adabiyot ahli o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqalarida peshqadam bo‘lgan, – deydi Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabi murabbiyi Najmiddin Umarov. – Shunday ekan, maktabimizga sevimli shoirimizning nomi berilishi ramziy ahamiyatga ega. Hozir shaxmat darslaridan tashqari, sport zalida ham qo‘shimcha sport mashg‘ulotlarini muntazam o‘tkazyapmiz. Maqsadimiz nafaqat intellektual qobiliyatli, balki sog‘lom va barkamol yoshlar safini kengaytirishdan iborat. Maktabga 200 ga yaqin o‘quvchi jalb etilgan bo‘lib, ular tumanning 48 ta mahallasi va Asaka, Andijon tumanlaridan keladi.

Respublikada yetakchi o‘rinda!

Tarixsiz kelajak yo‘q, deyishadi. Maktab qoshida ham shaxmat va voleybol muzeylari tashkil etilgan. 1-qavatda joylashgan muzeylardan shaxmat va voleybolning ommalashishi, bu sport turlari bilan shug‘ullangan sportchilar, jahon va Osiyo chempionatlarida ishtirok etgan marhamatlik yoshlar haqida ma’lumotlar, fotosurat va boshqa o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar o‘rin olgan. Bu o‘z navbatida, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga, pirovardida, yangi yutuq va zafarlarni qo‘lga kiritishdagi mashaqqatlarni yengishga da’vat etadi. Negaki, yuqoridagi kabi muzeylar yurt bayrog‘ini dunyoga tanitgan har qaysi sportchining muvaffaqiyatga erishishi oson bo‘lmasligi, harakat va izlanishdan to‘xtamasligini kirib kelayotgan yoshlar ongiga singdirishida muhim ahamiyatga ega.

Maskanda Yoshlar ishlari agentligining “Uz-Chess” loyihasi asosida tashkil etilgan interaktiv shaxmat hamda 10 dan ortiq zamonaviy kompyuterlarga ega axborot texnologiyalari xonalarining mavjudligi o‘qitish tizimi bo‘yicha boshqa shaxmat maktablaridan farq qilishini anglatadi.

Natijalar chakki emas!

Maktabda yaratilgan zarur shart-sharoit va imkoniyatlardan yoshlar qay darajada unumli foydalanayotgani qo‘lga kiritayotgan natijalari, yutuqlarida namoyon bo‘ladi.

Maktab murabbiyi Najmiddin Umarovning ma’lum qilishicha, “Besh tashabbus olimpiadasi” 2-mavsum bellashuvlarining shaxmat yo‘nalishi 16-21 yosh toifasi bo‘yicha respublika bosqichida shaxmat maktabi o‘quvchisi Shohjahon Murotaliyev ikkinchi o‘rinni egallagan. 12 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Abdulboriy Abduvaliyev kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Odinaxon Yo‘ldoshboyeva “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” respublika musobaqasining viloyat bosqichi g‘olib bo‘lib, Osiyo chempionatida ham munosib ishtiroki bilan ustozlari ishonchini oqladi.

 

Rejalar aniq, harakatlar dadil!

Yurtimizda yuqori malakali murabbiy kadrlarni jalb qilgan holda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmatni insonning aql va tafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatida yanada ommalashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu bo‘yicha Prezidentimizning 2022-yil 5-avgustdagi “Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aholi, ayniqsa, yoshlarni shaxmatga jalb etishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotir.

Shaxmat maktabi ham ayni qaror ijrosini ta’minlash maqsadida faoliyat olib bormoqda. E’tiborlisi, maktab viloyatda shaxmatni rivojlantirish maqsadida tanlab olingan umumta’lim maktablariga tayanch vazifasini o‘taydi. Mahalliy va xalqaro shaxmat musobaqalarida munosib ishtirok etuvchi yoshlar zaxirasini shakllantirish, jahon va Osiyo chempionatlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda maktabda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Osiyo chempionatiga nomzodlarni saralab olgan holda ular bilan chuqurlashtirilgan darslar olib borilmoqda.

Biz maqola tayyorlash jarayonida sport, xususan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga birgina ushbu maktab faoliyati misolida guvoh bo‘ldik. Erkin Vohidov nomidagi shaxmat maktabining qisqa davr mobaynida e’tirof etsa arziydigan yutuqlarni qo‘lga kiritgani har quvonarli, albatta.

 

 

AKU:

Dunyo miqyosida 605 million kishi shaxmat bilan shug’ullanadi. Ularning 40 foizga yaqin qismini yoshlar tashkil etadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish