Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gaz-svet tariflari qimmatlagani bois ayrim shaxslarga kompensatsiya to'lab beriladi

17.4.2024 212

Yoshlar ovozi

2024-yilning may oyidan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflar o‘zgarishi munosabati bilan kam ta’minlangan oilalarga va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

Pensiya va nafaqalarning minimal miqdorlari oshiriladi

1-maygacha bo‘lgan muddatda yoqilg‘i-yenergetika resurslari narxlari oshishini hisobga olib, minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.

Bunda, 1 millionga yaqin eng kam pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya va nafaqa miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblanadi.

Kam ta’minlanganlarga noyabrda 270 ming so‘m moddiy yordam beriladi

Aholining muhtoj qatlamlarini isitish mavsumida qo‘shimcha ijtimoiy himoyasini ta’minlash uchun 2024-yil noyabrda “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi. Bu kompensatsiya bilan qariyb 1,5 millionta kam ta’minlangan oilalar qamrab olinadi.

Kompensatsiya “mahalla yettiligi” xulosalari asosida, “Ijtimoiy himoya” yagona reyestriga kirmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq muhtoj oilalarga ham to‘lab beriladi. Bunda, “mahalla yettiligi” tomonidan muhtoj oilalar ro‘yxatlari uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi.

Gaz va svetdan bazaviy me’yordan ortiq foydalanilganda xarajatlarning bir qismi qoplanadi

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:

tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;

elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kWh'gacha.

Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza beradi va kompensatsiya keyingi oyda haqiqiy iste’molidan kelib chiqib to‘lab beriladi.

Mazkur kompensatsiya to‘lovlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lab beriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish