Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ALLOMADAN BIR HIKMAT

19.4.2024 159

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi (O‘zA)

O‘g‘il bolani to‘qchilik buzadi, qiz bolani yo‘qchilik...

Sadriddin Ayniy

 

XX asr o‘zbek va tojik adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878-yilning 15 aprelida Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi Soktare qishlog‘ida dunyoga kelgan.

Olti yoshidan maktabga qatnay boshlagan Sadriddin 1890-yilda Buxoroga kelib Mir Arab, Badalbek, Olimxon, Hoji Zohid, Ko‘kaldosh madrasalarida tahsil oladi.

Buxorolik Ahmad Donish va boshqa ko‘plab ma’rifatparvarlar asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Madrasa tahsili tugagach, Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, xalqni ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she'r va hikoyalardan iborat «Tahsib us-siyobon» – «Yoshlar tarbiyasi» darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi.

Sadriddin Ayniy zullisonayn ijodkor bo‘lib, oktabr to‘ntarishidan keyin o‘zbek va tojik tillarida da’vatkor she’rlar, marshlar yaratadi, ularni “Inqilob uchqunlari” to‘plamida nashr etadi.  

Yozuvchi “Buxoro jallodlari” qissasida amir amaldorlarining dahshatli jabr-zulmini, gunohsiz kishilarning qatl etilishlari, “Odina” qissasida esa xalqning og‘ir qismati va fojiali hayotini jonli tasvirlab berdi.

S.Ayniyning dastlabki “Doxunda” romani 1929-1930-yillarda yaratilgan. Unda ma’rifatga intilgan yosh yigitning hayot yo‘li umumlashtirilgan. Keyingi “Qullar” romani 1934-yilda Toshkentda o‘zbek tilida, 1935-yilda esa Dushanbeda tojik tilida nashr qilindi.

“Sudxo‘rning o‘limi” qissasining bosh qahramoni Qori Ishkamba jahon adabiyotidagi Plyushkin va Gobsek kabi mumtoz obrazlar bilan bir qatorda turadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida S.Ayniy “Marshi intiqom”, “Muqanna qo‘zg‘oloni”, “Temur Malik” kabi vatanparvarlik ruhidagi ilmiy va badiiy asarlarini yaratdi. U xalq ijodidan, folklor asarlaridan keng foydalangan holda “yetti boshli dev” asarini yozdi.

Yigirmanchi yillarda e'lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi», «Puling halol bo‘lsa, to‘y qil», «Mashrab bobo», «Bilganim yo‘q», «Kengash» kabi o‘zbekcha feletonlari, hajviy she'r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo‘rning o‘limi» hajviy qissasi yozuvchining mohir satirik ham ekanligini ko‘rsatadi.

S.Ayniyning Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda yaratgan asarlari orasida to‘rt jildlik “Esdaliklar”i alohida ajralib turadi. “Esdaliklar”, “Sudxo‘rning o‘limi” qissalari, shuningdek, “Doxunda” va “Qullar” romanlari bolgar, nemis, polyak, venger, xitoy, fransuz, rumin, hind, chex va boshqa tillarga tarjima qilingan.

S.Ayniy zukko olim, tarixchi va adabiyotshunos sifatida o‘zbek va tojik adabiyoti tarixi borasida salmoqli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Uning O‘rta osiyolik buyuk shoir, olim va mutafakkirlar – Rudakiy, Sa’diy, Ibn Sino, Vasfiy, Bedil, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi siymolar haqida yozgan ilmiy asarlari nihoyatda qimmatli. Ana shunday salmoqli tadqiqotlari uchun unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan.

Adib O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi, Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi. Bir necha yillar Samarqand davlat dorilfununining professori, Tojikiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan kundan boshlab uning prezidenti sifatida xizmat qilgan.

Sadriddin Ayniy 1954-yilning 15-iyulida Dushanbe shahrida vafot etdi. Vafotidan keyin O‘zbekiston va Tojikistondagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalariga Sadriddin Ayniy nomi berildi.

Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochildi. Vatan va xalq oldidagi unutilmas xizmatlari inobatga olinib, 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Olimning xalq og‘zida tarbiyaviy hikmatlar sifatida yashab kelayotgan bir ibrati zamon va makon tanlamay, yuksak ma’nolarni o‘zida jamlagan.

Sadriddin Ayniyning o‘g‘li va qizi Moskvada o‘qib yurgan kezlari o‘g‘liga oz pul yuborar, qiziga esa – ko‘p. Buning sababini so‘raganlarida, shunday tushuntirish beribdi:  o‘g‘il bolani to‘qchilik buzadi, qiz bolani yo‘qchilik.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish