Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Internetda mualliflik huquqi yo‘qmi?

10.5.2024 828

Jasurbek NABIJONOV, Toshkent davlat yuridik univeristeti talabasi

Biror telegram kanalida e’lon qilingan yangilik yoki ijtimoiy tarmoqlarda joylangan post, surat yoki video umuman boshqa tarmoqda hech qanday muallif ko‘rsatilmasdan tarqatilganiga juda ko‘p guvoh bo‘lamiz. Va buni oddiy holdek qabul qiladigan bo‘lib qolganmiz. Aslidachi? Internet tarmoqlaridagi materiallarning egasi yo‘qmi? Ularga intellektual mulk sifatida qaralib, mualliflik huquqi amal qilmaydimi?

Intellektual mulk o‘zi nima?

Intelektual mulkka oid qonun hujjatlariga ko‘ra, insonning aqliy mehnat faoliyati natijasida ya’ni fan, adabiyot, san’at, ishlab chiqarish sohasidagi adabiy, badiiy, ilmiy asarlar, ijrolar, radio, televideniye asarlari, kashfiyotlar, ixtirolar, kompyuter dasturlari, nou-xau ekspert tizimlari, tovar belgilari, firma nomlari va boshqa aqliy mulk obyektlari intellektual mulk obyekti bo‘la olishi belgilangan. Ko‘rib turganingizdek, intellektual mulk tushunchasi keng qamrovli bo‘lib, uning turlari muntazam kengayib borishi bilan ham boshqa fuqarolik huquqi tushunchalaridan farq qiladi.

Demak ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan materiallar ham agar u insonning aqliy mehnati natijasida yaratilgan va individual ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa, intellektual mulk obyekti deb tan olinishi mumkin. Qolaversa, internetdagi ijodiy materiallarga ham mualliflik huquqi tatbiq etiladi. Chunki 2006-yil 20-iyuldagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasida: “mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biror-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi”, deb ko‘rsatilgan. Mazkur normadan kelib chiqsak, internet platformalaridagi video materiallar, audioyozuvlar va postlar ham muallifning intellektual mulki hisoblanishi mumkin. Bunda internet tarmog‘idagi material muallifning aynan ijodiy ishi bilan bog‘liq bo‘lishi lozim. Sababi, yuqoridagi qonunning 5-moddasiga asosan, mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usul yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

Afsuski, mazkur materiallardan ko‘plab internet foydalanuvchilari mualliflik huquqi qoidalariga rioya qilmasdan foydalanadilar. Natijada intellektual mulkdorlar va iste’molchilar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Bu nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda kuzatilayotgan salbiy jarayondir. Jahon Intellektual mulk tashkiloti (WIPO) statistikasiga qaraganda, 27 foiz internet foydalanuvchisi turli platformalardagi ma’lumotlarni muallif roziligisiz qayta ishlaydi.

Kim nazorat qiladi?

Yurtimizda mualliflik va turdosh huquqlar muhofazasiga oid qonunchilik takomillashtirilgach, 2023-yilning o‘zida Adliya vazirligiga 270 ta shunday mazmundagi murojaat kelib tushgan. Sudlarga kelib tushgan arizalar miqdori esa muallif va turdosh huquqlar buzilishi bo‘yicha 80 tani tashkil etadi. Demak, O‘zbekistonda ham intellektual mulk huquqi muhofazasi dolzarb masalaga aylanmoqda.

Intellektual mulk huquqi va uning muhofazasiga oid ishlarda muallifning tashabbusi juda muhim sanaladi. Garchi O‘zbekistonda mualliflik huquqini himoya qilish va dasturiy ta’minotlardan noqonuniy foydalanishga qarchi kurashish bo‘yicha “O‘zkomnazorat” axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda Ichki Ishlar vazirligi tizimiga qarashli Kiberxavfsizlik markaziga internet tarmog‘ida mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish uchun vakolat berilgan bo‘lsa-da, ularning huquqbuzarlik faktini aniqlashdagi faoliyati muallifning arizasiga asoslanadi.

Qanday javobgarlik bor?

Mualliflik va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 177-1-moddasiga ko‘ra, mualliflik va turdosh huquqlarni buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan 5 baravarigacha (340 ming so‘mdan 1 million 700 ming so‘mgacha) jarima jazosi qo‘llaniladi.

Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha (1 million 700 ming so‘mdan 3 milion 400 ming so‘mgacha) jarima jazosi mavjud.

“Jinoyat kodeksi”ning 149-moddasiga binoan, mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish BHMning 25 baravaridan 75 baravarigacha (8 million 500 ming so‘mdan 25 million 500 ming so‘mgacha) jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlar bilan jazolanadi .

Qolaversa, “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 62- va 65-moddalariga asosan muallif huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan BHMning 20 baravaridan ming baravarigacha (6 million 800 ming so‘mdan 340 million so‘mgacha) kompensatsiya undirishi mumkin.

Ma’lumki, internetdan foydalanishni cheklab bo‘lmaydi va buning iloji ham yo‘q. Biroq internet foydalanuvchilari mualliflik huquqini buzishlarining oldini olish maqsadida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks”ning 177-1 va jinoyat kodeksining 149-moddalaridan tashqari aynan internet tarmoqlarida intellektual mulk obyektlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun alohida javobgarlikni tatbiq etish va bu bo‘yicha kodekslarga yangi norma kiritish hamda yuqoridagi moddalarning sanskiya qismini kuchaytirish to‘g‘ri yechim bo‘lishi mumkin.

Ulug‘ fransuz huquqshunosi Sharl de Monteskyue aytganidek, jamiyat amal qilmasa va o‘z munosabatini o‘zgartirmasa, qonunlar hech qachon ish bermaydi. Qonunlarni tahrirlashda internet tarmog‘idagi intellektual mulk masalasini ham alohida e’tiborga olish va uning muhofazasi bilan bog‘liq yangi normalarni ishlab chiqish zarur.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish