Bugun deyarli har bir yoshning hayoti ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etilmaydi. Telegram, Instagram, Facebook yoki elektron pochtamiz — bu shunchaki akkaunt emas, balki shaxsiy hayotimiz, yozishmalarimiz, hujjatlarimiz va hatto moliyaviy ma’lumotlarimiz saqlanadigan makondir. Afsuski, so‘nggi yillarda akkauntlarni buzib kirish (xakerlik) holatlari tobora ko‘payib bormoqda.
Ko‘pincha bu beparvolik sabab yuz beradi: shubhali havolaga bosish, noma’lum faylni yuklab olish yoki parolni boshqalarga aytib qo‘yish. Natijada esa akkaunt egasi nomidan yolg‘on xabarlar tarqatiladi, tanishlardan pul so‘raladi yoki shaxsiy ma’lumotlar oshkor bo‘lib ketadi.
Agar akkauntingiz buzib kirilganini sezsangiz, avvalo vahimaga berilmang. Darhol parolingizni o‘zgartiring, barcha qurilmalardan chiqish (log out from all devices) funksiyasini yoqing va ikki bosqichli himoyani faollashtiring. Agar tiklash imkoni bo‘lmasa, platformaning rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Eng muhimi — tanishlaringizni ogohlantirib, sizning nomingizdan kelayotgan xabarlarga ishonmasliklarini so‘rang.
Muhim tavsiyalar:
- Parolingiz oddiy bo‘lmasin. Tug‘ilgan sana yoki ism-familiya eng xavfli variant. Harflar, raqamlar va belgilar aralashmasidan foydalaning.
- Bir parol — hamma joyda emas. Har bir tarmoq uchun alohida parol qo‘ying.
- Shubhali havolalarga bosmang. “Siz yutdingiz”, “Akkauntingiz yopiladi” kabi xabarlar ko‘pincha tuzoq bo‘ladi.
- Ikki bosqichli himoyani yoqing. Bu sizning akkauntingiz uchun qo‘shimcha qalqondir.
- Begona qurilmalarda akkauntingizni ochmang. Agar ochgan bo‘lsangiz, albatta chiqib ketishni unutmang.
Raqamli dunyoda xavfsizlik — bu ham madaniyat. Har bir yosh o‘z akkauntiga mas’uliyat bilan yondashsa, firibgarlik va xakerlik holatlarining oldini olish mumkin. Unutmang, ogohlik — eng kuchli himoya.
