Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Darsga kelmasa ham, oshga keladi...

2.5.2024 413

Zebuniso Kamol qizi, talaba

“Agar oʻzbeklar boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yigʻila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat boʻlmas edi”.

Alixontoʻra SOGʻUNIY

Mashinada ketar ekanman yonimdagi hamrohlarimdan biri haydovchiga gap qotdi: “Shu yerda to‘xtab o‘tmaymizmi, zap osh qiladi-da oʻziyam!”

Osh degan so‘zni eshitib, beixtiyor qo‘shnimizning gapi yodimga tushdi: “Ha, qoʻshni, yangi toychoq muborak, qachon endi osh yeymiz?”...

Eh, oʻzbeklar!

Farzand tugʻilsa, elga osh beradi.

Beshik toʻyida osh beradi.

Universitetga kirsa, osh beradi.

Toʻy qilsa, osh beradi... Yo‘q, boshqacha boʻlishi mumkin emas. Aks holda, odamlar nima deydi?!

Nabira koʻrsa, osh beradi.

Va... Va bir kuni abadiy uyquga ketadi... Keyin-chi? Keyin nima bo‘ladi? Farzandlari elga osh beradi.

Ha, biz shunaqa elmiz. Sabab topilsa bas, kimdir o‘ldimi, tug‘ildimi – muhim emas, osh yeyaveramiz. Oʻldirsa ham osh oʻldirsin; tor joyda osh yeguncha, tor joyda musht ye...

Endi haydovchining gapiga quloq tutaman:

— Ha, uncha-munchasi bunaqa osh tayyorlay olmaydi, toʻy oshi! Muhimi qorin toʻyishi, qolgani bir gap boʻlar...

Yana o‘yga tolaman... Insonlar xuddi avtomatlashib borayotgandek. Ishga boradi, ishdan keladi, atrofga, bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarqdek, goʻyo faqat yeyish uchun yashayotgandek. Agar biror joyda qad rostlab turgan bino buzib tashlansa, koʻpchilik e’tibor bermasligi mumkin. Ammo doim tushlik qilayotgan joyi bir kun osh tayyorlamasa, hamma bunga e’tiroz bildiradi.

Yaqinda universitetimizda shunday voqea boʻldi:  Osh(choy va salati bilan) narxi 20.000 soʻmdan 27.000 soʻmga oshgani uchun hamma talabalar faol qarshilik koʻrsatishdi.  Hatto darslarga haftada 2 marta, zoʻrgʻa keladigan kursdoshim ham e’tiroz bildiri, xabar yozibdi. Lekin darslar sifati yaxshilanishi uchun oʻtkaziladigan soʻrovnomada ustozimiz bir necha bor ta’kidlagani uchungina, bor yoʻgʻi 3-4 kishi qatnashadi, xolos.  Na kulishni bilasan kishi, na yigʻlashni...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish