Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahallaga mehr bilan

24.7.2025 2625

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Mo‘g‘ol mahallasidagi ezgu sa’y-harakatlar

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mo‘g‘ol mahallasi qardosh millat vakillari bir oiladek yashayotgan so‘lim maskanlardan biri. Ayniqsa, bu mahallada o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, hamkorlik va mehr-oqibat barchaga ibrat bo‘ladi.

Hududda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha e’tiborga loyiq faoliyat olib borayotgan, tizimning yoshlarga mehr va g‘amxo‘rligi timsoliga aylangan Xursandoy Jumanazarova 2022-yildan buyon yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda.

Mo‘g‘ol mahallasi balansi:

Aholi soni: 1704 nafar

Yoshlar soni: 465 nafar

Xotin-qizlar: 207 nafar 

“Yashil” toifa: 303 nafar

“Sariq” toifa: 162 nafar

“Qizil” toifa: 7 nafar

Mahalla drayveri: dehqonchilik va chorvachilik 

Faqat do‘stlik va hamjihatlik bor

– O‘zbek va qirg‘iz xalqi azaldan bir tuproqda yashab kelgan qardoshlar, – deydi Xursandoy Jumanazarova. – Bu nafaqat tarix, balki hayotiy haqiqat. Mahalla yoshlariga qarasam, ular orasida millat degan to‘siq yo‘q – faqat hurmat, do‘stlik va hamjihatlik bor.

Xursandoy faoliyatining ilk kunidanoq mahalladagi har bir yoshning hayotiy sharoitini, ijtimoiy ahvolini chuqur o‘rganishga kirishdi. U “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan fuqarolarning oilaviy, moddiy va psixologik holatini tahlil qilib, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlashni maqsad qildi.

Bugungi kunda mahallada har bir yosh bilan individual ishlash tizimi joriy etilgan. Xursandoy Jumanazarova, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish bilan band bo‘lmagan, nogiron, yetim yoki yarim yetim, chekka hududda yashayotgan, hayotga nisbatan ishonchini yo‘qotgan yoki jinoyatchilik yoqasiga kelib qolgan yoshlar bilan alohida ishlaydi.

Hamma e’tiborda

Mahallada “Yoshlar balansi” tizimi asosida har bir yoshning holati tahlil qilinmoqda. 6 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ular bilan manzilli ish olib borildi. Jumladan, 1 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi, 5 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari ajratilib, o‘zini o‘zi band qilishiga imkon yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-153-sonli qaroriga asosan 2 nafar yoshga 1,8 gektar yer maydoni ajratildi. Yana 2 nafar yoshga 60 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi. 2 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi doimiy ish o‘riniga joylashtirildi.

Ijtimoiy himoya – ko‘ngildan

2024-yilda surunkali kasallikka chalingan 8 nafar yoshga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Ulardan 4 nafari sog‘lig‘i tiklangach kasb-hunar o‘rganish kurslariga jalb etildi, qolgan 4 nafari esa davolanishni davom ettirmoqda.

Otasi vafot etgan, onasi ishsiz, og‘ir moddiy ahvolda hayot kechirayotgan qizga Xursandoy Jumanazarova pasport rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatdi. Yana 2 nafar yoshga haydovchilik kursida o‘qishi uchun zarur xarajatlar to‘lab berildi.

Boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 2 nafar yoshga homiylik mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi. Ular vaqtincha kunlik ishlarga jalb etilib, hozir oilasiga daromad keltirmoqda.

Bir yurak – bir orzu

Mo‘g‘ol mahallasining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, bu yerda o‘zbek va qirg‘iz elatlari azaldan ahil va inoq hayot kechiradi. Millatlararo totuvlik, madaniy xilma-xillik va o‘zaro hurmat yoshlarda ham uyg‘unlikda namoyon bo‘lmoqda. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan “Bir yurak – bir orzu”, “Biz bir oilamiz” kabi 20 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda ikki xalq vakili bo‘lgan yoshlar faol ishtirok etib, kuy-qo‘shiqlar, raqslar, teatr sahnalari orqali millatlararo birlik va do‘stlikni targ‘ib qildi.

Shuningdek, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 51 nafar yosh ro‘yxatga olinib, ulardan 45 nafari sertifikatga ega bo‘ldi. “Mutolaa” loyihasida 52 nafar yosh kitoblar o‘qimoqda. “Ustoz AI” loyihasida esa 24 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan. “Uzchess” loyihasiga 45 nafar, “Qizlar akademiyasi”ga 58 nafar yosh faol qamrab olindi.

Yoshlar yetakchisining shaxsiy tashabbusi bilan mahalla hududida homiylik mablag‘lari asosida zamonaviy bolalar maydonchasi barpo etildi.

Mahalladan respublikagacha

Xursandoy Jumanazarova 2025-yilning birinchi yarmida 7 nafar “qizil” toifadagi yosh bilan individual reabilitatsiya ishlarini olib bordi. Ular turli o‘quv kurslariga jalb etildi, psixologik maslahatlar berildi, shuningdek, ayrim yoshlarga vaqtinchalik ish topishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu ishlar yoshlarning hayotga ishonchini tiklash, sog‘lom turmush tarziga qaytarish va ijtimoiy muhitga moslashuvini ta’minlashga xizmat qildi.

Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yoshlar ovozi” festivali, “Lider yosh”, “Kitobxon yoshlar haftaligi”, “Yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi loyihalar orqali mahalla yoshlari o‘z salohiyatini namoyon etish, jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Bu ishlarning amaliy samarasini 2024-yilda o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” misolida ko‘rish mumkin. Unda Mo‘g‘ol mahallasi yoshlari voleybol sport turi bo‘yicha tuman va viloyat bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ham faol ishtirok etdi.

Kelajak rejalari aniq

Xursandoy Jumanazarovaning yoshlar bilan ishlash borasidagi yondashuvi nafaqat muammolarni hal qilish, balki ularni ildizi bilan yo‘qotishga qaratilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir sharoitda yashayotgan yoshlar bilan ishlashda u kelajak uchun aniq va manzilli rejalarni belgilab olgan.

Birinchidan, mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yigit-qizlar doimiy monitoring asosida o‘rganiladi. Xursandoyning tashabbusi bilan ularning holatini aks ettiruvchi individual reabilitatsiya kartalari yuritilishi, muammolarni erta aniqlash va hal etish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.

Ikkinchidan, yoshlarning kasbli bo‘lishi – mustaqil hayot sari ishonchli qadam, degan yondashuv asosida har bir ishsiz yoki kasb-hunarga ega bo‘lmagan yigit-qizga ustoz-shogird tizimi, kasb o‘rgatuvchi o‘quv kurslari, subsidiya asosida texnik jihozlar ajratilishi orqali o‘zini o‘zi band qilish imkoniyati yaratiladi. Shu maqsadda mehnat yarmarkalari va tadbirkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. Natijada barcha yoshlar bandligini ta’minlashga erishish mumkin.

Uchinchidan, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yoshlarga ko‘mak ko‘rsatishda faqat davlat emas, balki butun mahalla jipslashishi zarur, degan tamoyil asosida, u homiylar, xayriya tashkilotlari, ta’lim muassasalari va fuqarolar bilan hamkorlikda barqaror yordam tarmog‘ini shakllantirishni maqsad qilgan. Bu yondashuvlar “birorta ham yosh e’tibordan chetda qolmasin” degan insonparvar g‘oyaga tayanadi.

Xursandoy Jumanazarovaning sa’y-harakatlari tufayli Mo‘g‘ol mahallasida yoshlarga oid davlat siyosati samarali amalga oshirilmoqda. U yetakchi emas, mehribon opa, do‘st, maslahatgo‘ydek faoliyat olib borayotgan inson sifatida e’tirof etiladi. Xursandoy aytgandek:

“Yoshlar baxtli bo‘lsa jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam bo‘lsa kelajak porloq bo‘ladi.”

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish