San’at va adabiyot ma’lum davrni baholashda eng xolis manba. Ijodkor o‘sha davr odamlari qanday dard bilan yashagani, jamiyatning kayfiyati qanday bo‘lgani haqidagi savollarga beixtiyor javob beradi. Shuning uchun san’atni kuzatish juda qiziq, yirik o‘zgarishlarni payqamaslik esa ilojsiz. Bu o‘zgarishlar faqat texnik emas, mafkuraviy jihatdan ham ahamiyatga molik. Masalan, qayg‘uli qo‘shiqlarning nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoda trend bo‘lishi savollar tug‘diradi. Qo‘shiqlarning “kambag‘allashish”i ham sabablar izlashga undaydi.
Qo‘shiqlarni o‘tgan davr bilan solishtirganda ikkita muhim jihat e’tiborni tortadi: birinchisi qo‘shiqlar vaqtining qisqarishi va undagi turli cholg‘u asboblari sadolarining kamaygani bo‘lsa, ikkinchisi – qo‘shiqlardagi tushkunlik ruhi oldinlagani va shunday ruhdagi qo‘shiqlarning trendga aylangani.
Davomiylik haqida gap ketganda birinchi ko‘zga ko‘rinadigan sabab ijtimoiy tarmoqlar bo‘ladi. Bu omilning musiqa industriyasiga ta’sirini rad etib bo‘lmaydi. “Diqqat iqtisodi” san’atni o‘z yo‘rig‘iga solyapti. Odamlarning e’tiborini ushlab qolish eng ustuvor vazifaga aylangan. Bu vazifaning ustiga “qanchalik qisqa bo‘lsa, shuncha yaxshi” degan mezon ham qo‘shiladi. Mezonlar shu darajada qat’iylashganki, 2024-yilgi Grammy mukofotida qo‘shiqlarning qariyb 20 foizi uch daqiqadan kamroq vaqt ichida ijro etilgan.
2025-yilgi Grammy mukofotida esa “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i” nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan ikkita: Sabrina Karpenterning “Espresso” va Charli XCXning “360” qo‘shiqlari ham xuddi shunday qisqa edi. Qisqarishning eng muhim sababi iqtisodiy omil. Spotify, Yandex Music kabi yirik musiqiy platformalar qo‘shiqlarning qayta-qayta eshitilishiga qarab ijrochilarga pul to‘laydi. Tabiiyki, qisqa qo‘shiqlarning eshitilishi ham takror-takror bo‘ladi. Bu esa san’atkorga daromad degani.
Shunday bo‘lsa-da, ijoddagi birlamchi mezon baribir sifat bo‘lib qolaveradi. Aytaylik, “The Weeknd”ning “Blinding Lights” taronasi Spotifyda 4,75 milliard marta eshitilgan. Vaholanki, qo‘shiqning dastlabki 30 soniyasi kirish musiqa bilan boshlanadi. Bunday uzun kirishli musiqalar odatda o‘tgan asrda kuzatilgan.
Botir Zokirov yoki Ravshan Namozovning ijod namunalarini eslaylik. Bu asarlar hozirgacha millionlab tinglovchilariga ega. Chunki qo‘shiqda klassik ohang, zamonaviy uslub va butun boshli orkestr uyg‘unlashuvini topishimiz mumkin. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda gitara yoki pianino bilan kuylayotgan yoshlar to‘lib toshgan. Bu global tendensiya. Butun dunyo yosh musiqachilari bitta cholg‘u asbobi bilan millionlar qalbini zabt etmoqda. Ayni bu shakl ommalashuviga Billie Aylish kuchli ta’sir o‘tkazgan. U xuddi shu uslubda kuylaydigan va dunyo bo‘ylab milliardlab muxlislarga ega ijodkor. Uning muvaffaqiyatlari bu uslubni trend darajasiga ko‘tardi. Trendga aylanishiga sabab shu shakldagi ijro ko‘pchilikka ma’qul kelgani, albatta. Boshqa tarafdan esa ijrochiga qulay. Bu yo‘l tanilish yoki asar yaratish uchun eng kamchiqim variant: o‘zingda bor cholg‘u asbobini ol, kamerangni yoq va kuyla... Ertaga seni mashhurlik kutayotgan bo‘lishi mumkin.
Ming yillardan beri musiqa inson qalbiga malham bo‘lib kelgan. Chunki qo‘shiq inson nutqi bilan ifoda eta olmaydigan tuyg‘ularni ifodalaydi, dardlarni qo‘zg‘aydi.
Shuning uchun ham sotsiolog va psixologlar odamlar qanday qo‘shiq eshitayotganiga e’tibor qiladi. Tadqiqotchilar 1973–2023-yillarda yaratilgan 20 ming 186 qo‘shiq matnini o‘rganib chiqqanda 2000-yildan boshlab qo‘shiqlar mavzusi qorong‘ilasha boshlaganiga guvoh bo‘lgan. Bu borada italiyalik tahlilchi jurnalist Gabriele Amante shunday deydi:
− Musiqa har doim kayfiyatimiz uchun “og‘riq qoldiruvchi” vosita sifatida ishlatilganini unutmaylik. Deyarli barcha madaniyatlarda motam lahzalari musiqa bilan birga bo‘lgan. Chunki tovush nutqning susaygan joyiga yetib boradi va og‘riqni yengillashtirishga yordam beradi. Dardli ashula eshitish bizning tabiiy biologik talabimiz.
Zamonaviy yondashuvlar dramatik film yoki qayg‘uli qo‘shiq orqali yagona jabrdiyda biz ekanimizga ishontiradi. Deyarli barcha qo‘shiq “atrofda bizdan tashqari hamma yomon” degan hissiyotni beradi. Bu hissiyot odam o‘zini yengilroq his qilishiga yordamlashadi. Bu yordam depressiyaga moyil deyilayotgan avlod uchun juda muhim. Michigan universiteti professorlari Fred Konrad va Jeyson Kori o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, inson g‘amgin qo‘shiqlarni 800 martagacha eshitishi mumkin ekan. Baxtli ruhdagilarini esa 175 martagacha. Tadqiqotga ishonsak, g‘amgin asarlarning muvaffaqiyatli bo‘lish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham shu mavzu g‘oya topolmayotgan prodyuser yoki xonandaga “oltin chipta” bo‘lib xizmat qiladi. Shu asosda yaratilgan asarning qanchalik samimiyligi esa alohida mavzu.
Biz doim dardimizni kuylaganni haq va xolis deb bilamiz. Unga uzoq quloq tutamiz. Bundan esa juda mohirona foydalanishyapti. Qo‘shiqlardagi jabrdiyda o‘zimiz, lekin bizga azob berayotgan “Qorabotir” yoki “bevafo yor” kim?
