Bugungi talaba diplom yoki kurs ishini bir necha daqiqada yozishi, yosh xodim esa bir necha soniyada yillik tahliliy hisobotni tayyorlashi mumkin. Bir qarashda bu texnologik taraqqiyotning yutug‘i, insoniyatni og‘ir intellektual mehnatdan xalos etgan inqilobdek ko‘rinadi. Ammo moliya, ta’lim va neyrobiologiya sohasidagi mutaxassislar xavotirli bir savolni o‘rtaga tashlayapti: sun’iy intellekt ishimizni yengillashtiryaptimi yoki fikrlash qobiliyatimizni zaiflashtiryaptimi?
Nega bilim ko‘paygan davrda mustaqil fikrlash tanqis bo‘lib boryapti? Vaholanki, biz instrumental vositadan intellektual qaramlik omiliga o‘tish chorrahasida turibmiz. Agar ilgari kalkulyator insonning faqat hisoblash tezligini oshirgan, imlo tekshirgichlar esa so‘zlar xatosini to‘g‘rilagan bo‘lsa, bugungi neyrotarmoqlar inson o‘rniga mantiqiy zanjirlar qurish, xulosa chiqarish va qaror qabul qilish vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Biz muammolarni yechishni SIga topshirib qo‘yyapmiz.
Natijada jamiyatda yangi bir tushuncha – “tayyor intellekt” madaniyati shakllanmoqda. Bu madaniyatning xavfi shundaki, u yosh avlodni aslida miyaning eng muhim evolyutsion quroli bo‘lmish tanqidiy va tahliliy fikrlashdan mahrum etyapti. Tizim bizga tayyor yechimlarni taqdim etar ekan, barchasini so‘zsiz qabul qiladigan passiv iste’molchiga aylanib borayotganimizni sezmay qolyapmiz.
Miyaning “tayyor non”ga o‘rganishi
Inson miyasi – tabiatan aql-bovar qilmas darajada tejamkor. U umumiy tana vaznining bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etsa-da, organizmdagi energiyaning qariyb 20 foizini sarflaydi. Psixologiyada “minimal harakat qonuni” deb ataluvchi mexanizm mavjud: agar miya biror vazifani kamroq energiya sarflab bajarish yo‘lini ko‘rsa, u hech ikkilanmay o‘sha yo‘lni tanlaydi va kognitiv (aqliy) dangasalik rejimiga o‘tadi. Sun’iy intellekt insoniyatga aynan mana shu kognitiv daxlsizlikni taklif qildi. Biz endi muammoning yechimi ustida bosh qotirishimiz, o‘nlab kitoblarni varaqlab, ma’lumotlarni bir-biriga solishtirishimiz shart emas. Birgina so‘rov (promt) va bir necha soniya – javob tayyor.
“Google effekti”dan “ChatGPT effekti”ga o‘tish: bundan o‘n yillar avval psixologlar “Google effekti” (yoki raqamli amneziya) fenomenini aniqlashgan edi. Unga ko‘ra, inson miyasi internetdan osongina topish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni xotirada saqlab o‘tirmaydi, ya’ni xotira funksiyasini tashqi diskka yuklaydi.
Bugun esa biz xavfliroq bosqichga – “ChatGPT effekti”ga o‘tdik. Endi yoshlar nafaqat xotirani, ma’lumotni qayta ishlash, mantiqiy xulosalar chiqarish va matn shakllantirish kabi analitik funksiyalarni ham sun’iy intellektga autsorsing qilmoqda. Miyaning ishlatilmayotgan qismlari esa, neyroplastiklik qonunlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan zaiflashib boradi.
Soxta intellektual ishonch va “IKEA effekti”ning yo‘qolishi: neyrotarmoqlar yoshlarda xavfli psixologik illyuziyani – “Danning-Kryuger effekti”ni keltirib chiqaryapti. Talaba yoki yosh xodim SI yordamida mukammal bir tahliliy matn yaratganda, unda “men hamma narsani bilaman va qila olaman” degan soxta intellektual ishonch shakllanadi. Vaholanki, u o‘sha matn tarkibidagi ma’lumotlarning tub mohiyatini anglab yetmagan, ularni miyasida qayta ishlamagan bo‘ladi. Bu jarayonda eng katta yo‘qotishlardan biri “IKEA effekti” bilan bog‘liq.
“IKEA effekti” inson o‘z qo‘li yoki aqliy mehnati bilan, qiyinchilik evaziga yaratgan mahsulotini (qo‘lda yasalgan buyum, o‘zi yozgan oddiy bir insho) boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq qadrlashi va undan intellektual qoniqish hosil qilishi fenomenidir. Qiyinchilik, xatolar ustida ishlash va izlanish azobi insonda muvaffaqiyat hissi va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Sun’iy intellekt esa ushbu jarayondan “mehnat va izlanish” bosqichini butunlay olib tashlayapti. Yoshlar tayyor mahsulotga ega bo‘lsa-da, ularda haqiqiy ijodiy qoniqish, o‘z salohiyatiga bo‘lgan ichki ishonch shakllanmaydi.
O‘z mehnati bilan material yig‘magan, g‘oyalarni bir-biriga taqqoslab azoblanmagan talaba yoki xodim o‘z ishining qadriga ham yetmaydi. Bu esa yakunda shaxsning intellektual jihatdan infantil (bolalarcha passiv) bo‘lib qolishiga, o‘z fikrini himoya qila olmaydigan va har qanday tayyor axborotni tekshirmasdan qabul qiladigan manipulyatsiyaga moyil avlod shakllanishiga zamin yaratadi.
Manipulyatsiya xavfi
Insoniyat tarixida tanqidiy fikrlash shaxs erkinligi va jamiyat daxlsizligining bosh mudofaa chizig‘i vazifasini bajargan. Biz axborotni shubha ostiga olish, savol berish va uni faktlar tarozisiga tortish orqali manipulyatsiyalardan himoyalanganmiz. Biroq neyrotarmoqlarga so‘zsiz ishonadigan va aqliy mehnatni ularga topshirib qo‘ygan yangi avlodning shakllanishi global miqyosda ancha jiddiy va tizimli xavflarni keltirib chiqaradi.
Shaxsiy dunyoqarash yemirilishi: yoshlar har qanday savolga javobni kitobdan, jonli muloqotdan yoki turli qarashlardagi manbalarni solishtirishdan emas, neyrotarmoqning qisqa va qat’iy interfeysidan qidiryapti. Xavf shundaki, sun’iy intellekt neytral vosita emas. U muayyan kompaniyalar, guruhlar tomonidan yaratilgan va uning axborot filtrlari, qadriyatlar tizimi o‘sha dasturchilarning qarashlariga moslab sozlangan.
Tizimli manipulyatsiya: agar butun bir avlod tarixiy voqealarga, ijtimoiy jarayonlarga yoki iqtisodiy islohotlarga baho berishni faqat algoritmlardan so‘rasa va ularning javobini yakuniy haqiqat deb qabul qilsa, jamiyatni mafkuraviy jihatdan global miqyosda bir qolipga solish (indoktrinatsiya qilish) hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Tanqidiy nigoh bo‘lmagan joyda algoritmlar nimani to‘g‘ri deb ko‘rsatsa, yoshlar o‘shani o‘z e’tiqodiga aylantira boshlaydi.
Feyklar va posthaqiqat (post-truth) asrida himoyasizlik: neyrotarmoqlar yordamida haqiqiydan ajratib bo‘lmaydigan soxta tasvirlar, audio va matnlar yaratilayotgan “posthaqiqat” davrida yashayapmiz. Bunday sharoitda jamiyatni yolg‘on va dezinformatsiya girdobidan faqat kuchli tanqidiy fikrlash va faktlarni tekshirish madaniyati asrab qolishi mumkin.
Yakunda bu jarayon jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga daxl qiladi. Mustaqil fikrlashdan uzoqlashgan va faqat algoritmlar chizib bergan intellektual ramka ichida yashaydigan avlodni boshqarish, reklama orqali chalg‘itish va soxta g‘oyalarga ishontirish har qachongidan ham osonroq kechadi. Shaxsiy suverenitetning butunlay yo‘qolishi esa mumkin bo‘lgan eng oliy xavfdir.
Balansni qanday topish kerak?
Ushbu tahlillar SIni insoniyatga tahdid soluvchi mutlaq xavf yoki raqamli dushman sifatida ko‘rishga asos bo‘lmaydi. SI – vosita, inson tafakkurining mahsuli. Muammo texnologiyaning o‘zida emas, biz unga qanday yondashganimizda va aqliy mehnatimizning qaysi qismini unga topshirganimizda. Pichoq nimanidir kesish uchun ham, insonga zarar yetkazish uchun ham xizmat qilishi mumkin bo‘lganidek, neyrotarmoqlar ham fikrlashni kengaytirishi yoki butunlay o‘ldirishi mumkin.
Texnologiya va uning imkoniyatlaridan voz kechish taraqqiyotdan ortda qolish bo‘ladi. Ammo intellektual inqirozni to‘xtatish uchun tezlik va sifat, qulaylik va mustaqil fikrlash o‘rtasidagi balansni topishimiz shart.
Har bir inson raqamli dunyoda o‘z miyasini asrash, tahlil qilish ko‘nikmasini yo‘qotmaslik uchun ichki qoidalarni joriy etishi shart. Buni shaxsiy “intellektual gigiyena” deb atash mumkin.
Miyaga dastlabki imkoniyatni berish: biror mavzuni o‘rganishda yoki muammoga yechim qidirishda avval o‘sha masala ustida mustaqil fikrlash, g‘oyalar o‘ylash lozim. Shundan keyingina neyrotarmoqqa assistent sifatida murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi.
Ma’lumotlarni qayta tekshirish: algoritmlar bergan har qanday tayyor ma’lumot yoki xulosani yakuniy haqiqat deb bilmasdan, ularni kamida uchta mustaqil manba orqali tekshirish madaniyatini shakllantirish kerak.
Rolni to‘g‘ri taqsimlash: SI o‘rnimizga fikrlaydigan “soxta miya” emas, balki biz yozgan g‘oyalarni silliqlaydigan, tuzatish kiritadigan va tahlil ko‘lamini kengaytiradigan raqamli yordamchi bo‘lib qolishi shart.
O‘z ijodimiz mahsuli bo‘lgan algoritmga o‘zligimizni boshqarish huquqini berib qo‘ymasligimiz, qulaylik evaziga eng oliy ne’mat – mustaqil va erkin fikrlashimizni qurbon qilmasligimiz kerak.
