Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mashhurlikning qiyofasi

3.7.2026 23

Mohinur ISMATOVA, O‘zJOKU talabasi

Har bir davrning el og‘ziga tushgan qahramonlari, mashhurlari bo‘ladi. Biroq vaqt o‘tib, mashhurlik haqidagi tasavvurlar o‘zgarib ketdi. Bir paytlar inson tanilishi uchun undan katta iste’dod, yillar davomida qilingan mehnat yoki jamiyatga foydasi tegadigan biror faoliyat talab qilingan. Taniqli jurnalist, yozuvchi, olim yoki san’atkor bo‘lish uchun yillar chig‘irig‘idan o‘tish shart bo‘lgan. Endi mezonlar mutlaqo o‘zgardi.

Internet asrida odamlarning diqqatini qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham jalb qila olishning o‘zi mashhurlik poydevoriga aylandi. TikTok, Instagram va YouTube kabi global platformalar klassik, qat’iy me’yorlarni buzib tashladi. Ijtimoiy tarmoqni ochsangiz, kechagina hech kim tanimaydigan kishi biror g‘alati ishi, bema’ni bir gapi yoki shunchaki ahmoqona qilig‘i bilan bir kunda trendga chiqib olganini ko‘rasiz. O‘z-o‘zidan mashhurlik tarozisi pallasiga obunachilar soni, videolarga bosilgan “yoqtirma”lar va internetdagi shov-shuvli muhokamalar qo‘yilyapti.

Tarmoqlar minbarni hammaga teng tarqatib yubordi. Lekin buning badaliga havas qilinadigan, namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan insonlar haqidagi tushuncha o‘zgardi yoki xas orasida yo‘qolgan ignadek ko‘rinmay qoldi, mashhurlik esa arzonlashib ketdi. Ammo bunday oson kelgan maqom xuddi shunday tez qo‘ldan ketyapti. Bugungi tomoshabin juda injiq va besabr. Internet olami yangilikka shu qadar tez to‘yadi va zerikadiki, sizni kecha millionlab odam ko‘rib, olqishlagan bo‘lsa, ertaga qiziqroq yangi tomosha chiqishi bilan unutib yuborishlari turgan gap.

Bugungi internet mashhurlari odamlarning e’tiborini saqlab qolish, tarmoqlar tasmasida doim aylanish uchun ijtimoiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilishga, o‘z shaxsiy hayotini, oilasini, kundalik turmushini ham ko‘rsatib muhokamalar yaratishga urinyapti. Ertalab nima yegani, qayerga borgani, xotini yoki eri bilan qanday urishgani ommaga olib chiqilyapti.

Lekin bu poyganing jamiyat uchun eng xavfli asorati – mehnatsiz e’tibor topish istagi. Mashaqqat chekish, yillar davomida ilm olish, kasb-hunar o‘rganish yoki fanga umrini baxsh etish bugungi aksar yoshlar ko‘zicha g‘irt vaqt yo‘qotish. “Nima qilaman, besh yil o‘qib, baribir blogerchalik pul topolmayman-ku” degan fikr o‘smirlar ongini zaharli tuman kabi qoplab bormoqda. Hamma hayotda osongina va kalta yo‘l bilan puldor va mashhur bo‘lishni istayapti.

Biroq unutmaslik kerak: mashhurlikning haqiqiy mezoni hech qachon telefondagi quruq sonlar bilan o‘lchanmaydi. Tarix sahifalarida iz qoldirgan buyuk insonlar vaqtinchalik trendlar yoki bir kunlik e’tibor bilan emas, jamiyat hayotini o‘zgartirgan katta xizmatlari bilan qadrlanadi. Vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rishlar soni unutiladi, o‘sha sahifalar ham o‘chib, yo‘qolib ketar, ammo haqiqiy iste’dod va xalqqa teggan foyda yillar o‘tsa ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydi.

Nima bo‘lganda ham, vaqt baribir o‘z so‘zini aytadi va hamma narsani o‘z joyiga qo‘yadi. Bir kunlik arzon trendlar bilan haqiqiy hurmatni, xalqning chinakam sevgisini hech qachon sotib olib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar hammamizga minbar berdi, yaxshi imkoniyat. Lekin minbardan turib nima deyishimiz va odamlar xotirasida kim bo‘lib qolishimiz baribir eng asosiy masala.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish