Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xotira (Abdulla Oripovga)

28.3.2024 2098

Gulzoda O‘RINBOYEVA

Issiq yoz kechasi, onam, men, yulduz,

Bizni qabul qilgan supa va hayot.

Onam she’r aytardi, yod olgin derdi:

“Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot”.

 

Menda qaytarardim, so‘z qoldirmasdan,

Bolalik havasi etganicha lol.

“…do‘stlarga …mehribon” desam, voajab,

Yodimga tushadi qo‘shni qiz Laylo.

 

Balki his qilmasdim, o‘n yil muqaddam,

Ulug‘ xalq nima-yu, ne edi ochun.

Balki she’r onamga bahona bo‘lgan,

Dada deb yig‘lamay uxlashim uchun.

 

“Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni” –

Bobomga qiyoslab yodlangan misra.

Urushdan bir qo‘lsiz qaytgan bo‘lsa ham,

Negadir hayotdan nolimas sira.

 

Biroq xotirimdan ketmaydi bugun,

Bobomning iymoni, onam bardoshi.

Dahlizda she’r aytib o‘tirgan paytim,

Musofir otamning achchiq ko‘z yoshi.

 

Yolg‘iz anglaganim ushbu hur bayot,

Asrlar tegrasin o‘tolar yorib.

Hali million qalbga Vatan ekadi,

Vatan deb yaralgan Abdulla Orif.


Yozilgan ertaklar

Ma’lumki men Zumrad emasman,

Ko‘ylagimning ranglari ham to‘q.

Mening dadam tashlab ketmagan,

Tilla to‘lgan sandiqlarim yo‘q.

 

O‘n sakkiz yil ichra adashdim,

Sig‘may qolgan qizil qalpoqcham.

Endi dunyo bo‘rilarining

Ichidan ham tirik chiqolmam.

 

Sog‘inch tekkan kipriklarimga

Begonamas qahri qattiq qish.

Lekin qiyin muzlagan qalbni

Gerda bo‘lib qutqarib qolish.

 

Ming yil yashash endi befoyda,

Daraxtlardan to‘kildi barglar.

Kelgunimcha yozilib bo‘lgan,

Dunyodagi ezgu ertaklar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish