Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Baloga qolgan tandir

11.12.2025 1448

Asliddin ABDUG‘AFFOR o‘g‘li

Toshkent, Andijon, Farg‘ona aholi eng zich joylashgan manzillar hisoblanadi. Atmosfera havosining eng yuqori darajada ifloslanishi shu shaharlarda yaqqol sezildi. Bu tasodifiy yoki vaqtinchalik muammo emas. Bu muammo transport tizimi, isitish usullari, urbanizatsiya, ekologik siyosat va tabiiy sharoitning o‘zaro uyg‘unlashmaganidan kelib chiqmoqda.

Havo ifloslanishi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy muammo sifatida ham dolzarblashmoqda. Ayni voqealar fonida 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar doirasida reydlar o‘tkazilib, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda atmosfera havosiga salbiy ta’sir etayotgan issiqxonalar faoliyati, qurilish obyektlari, sanoat korxonalari o‘rganildi.

Nega doim Prezident tanqid qilganidan keyin o‘zgarish bo‘ladi?

Joriy yil 5-fevral, 6-oktabr, 22-sentabr va 3-noyabr kunlarida ham Toshkent bir necha bor dunyodagi “eng iflos” shaharlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. 2023-yilda poytaxt 22-o‘rinni egallagan. 2024–2025-yillarda havosi “eng iflos” shaharlar top 10 taligida tez-tez tilga olinadi. Davlat rahbari tanqid qilmasidan oldin nega bu masalaga mas’ullar e’tibor bermagan? Tandir qurib non yopishni targ‘ib etayotgan yoki tandirni buzishga kirishgan hokimlar qayerga qarayotgan edi?!

Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar boshlangandan so‘ng qisqa vaqt ichida natija sezildi. Maxsus komissiya tuzilishi, keng ko‘lamdagi reydlar, Toshkent shahrida boshlangan choralardan so‘ng havo sifati yaxshi tomonga o‘zgardi.

Viloyati hokimi foydali degan tandirlarni tumani hokim buzdirib tashladi

Joriy yil 11-noyabr kuni “Andijonda havo ifloslanishi keskin oshdi: PM2,5 me’yordan qariyb 9 barobar yuqori” deya, xabar bergan edi UzReport.news. Ya’ni bu Andijonda diametri 2,5 mikrometrdan kichik zararli chang miqdori odatdagi xavfsiz chegaradan 9 marta ko‘p degani. Bu chang zarralari nafas yo‘llari orqali tanaga kirib, butun vujudni qon tomirlar orqali aylanib chiqa oladi.

3-dekabr kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida hokim Hikmatillo Dadaxonov ekologik reyd davomida somsaxona tandirlarini buzdirib tashlagani aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach viloyati hokimligi tuman hokimiga intizomiy chora ko‘rilgani haqida xabar berdi.

Aholi atmosfera havosining ifloslanishini unutib, hokimlarning tomoshasini e’tibor bilan kuzatishmoqda. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev tandirda non yopish foydali ekanini aytgan edi. Shahrixon tumani hokim Hikmatillo Dadaxonov esa tandir atmosfera uchun zararli deya buzdirib tashladi. Andijon viloyati hokimligi tandirlarni buzdirgan hokimni “Hayfsan” bilan jazoladi.

Demak, tandirni buzishda mantiq yo‘q

Toshkent viloyati hokimi mahallalarda ayollar orasida onkologik kasalliklar ko‘payishiga sabab – “ayollar tandirda non yopmay qo‘yganlari” deb aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tandirda non yopish – jismoniy faoliyat, organizm issiqligi va qon aylanishiga ta’sir qiluvchi amaliyot, Zoir Mirzayev “tandirda non yopgan ayolda rak bo‘lmaydi” deya ta’kidladi.

Mirzayevning bu so‘zlari shaxsiy fikr. Unda ilmiy asos ko‘rsatilmagan. Sog‘liqni saqlash bo‘yicha ekspertlar yoki biror tibbiy muassasa tomonidan bu fikr tasdiqlangani haqida ma’lumot berilmagan. Andijonda tandirlar tuman hokimi qarori bilan buzilgan, asos sifatida “ekologik vaziyat”, “sanitariya-gigiyena” kabi holatlar ko‘rsatilgan. Ammo viloyat hokimligi tandirlar buzilishini ma’qullamagan, aksincha, hokimga chora ko‘rgan. Demakki, Shahrixon tumani hokimining ko‘rsatmasi bilan tandirlarning buzilishida ham asosli mantiq yo‘q.

Hokimlar aholini chalg‘itmoqdami?

Atmosfera havosining ifloslanishida issiqlik stansiyalarining ulushi 28 foiz, transport – 16 foiz, sanoat – 13 foiz ta’sir ko‘rsatayotgani haqida asosli ma’lumotlar bor. Biroq bunga tandirning ta’siri haqida biror dalil yo‘q. Ekologiya bo‘yicha oldimizda jiddiy muammolar turganda aholida fikrlar qarama-qarshiligini keltirib chiqargandan ko‘ra, farmonda belgilangan vazifalar ijrosiga jiddiy kirishish eng to‘g‘ri yo‘l, nazarimizda. Axir davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari ekologiyani asrash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surmoqda.

P.S.: Ayni kunlarda yurtimizda mayin yomg‘irlar yog‘moqda. Tabiatning himmati bilan osmonimiz ancha tiniqlashdi. Ammo hali oldinda uzun qish bor. Demak ekologiya muammosi hali kun tartibidan tushmasa kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish