Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

G‘alaba hikoyasi

12.12.2025 1440

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

To‘rtko‘l tumani G‘alaba mahallasida tong uyg‘onib atrofga nazar tashlagan odam ko‘chalar osoyishtaligidan, sport maydonidagi yengil shovqinlardan, maktabga shoshayotgan bolalarning mehrli qadamlaridan xotirjamlik topadi. Mahalla hayoti bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin, ammo bu yerda o‘zgarish shamoli esib turibdi. Bularning markazida esa yosh va g‘ayratli yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilova turadi.

G‘alaba mahallasi balansi:

Aholi: 2148 nafar;

Yoshlar: 575 nafar;      

Xotin-qizlar: 297 nafar;

“Yashil” toifa: 385 nafar;

“Sariq” toifa:  176 nafar;

“Qizil” toifa: 14 nafar;

Mahalla drayveri:  xizmat koʻrsatish.

2024-yilda yetakchi nomi faqat mahallada emas, balki tumanda va respublikada ham tanila boshladi. “Yetakchi spartakiadasi” doirasidagi shaxmat musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida qo‘lga kiritilgan ikkinchi o‘rin, “Eng yosh ma’naviyatchi” tanlovida tumandagi ikkinchi o‘rin, “Yilning eng namunali mahalladagi yoshlar yetakchisi” tanlovida tuman g‘olibligi – bularning bari uning shijoatidan darak. 2025-yilda ham yetakchimizning turli yutuqlari uzilmay kelyapti.

200 nafar yosh til o‘rganyapti

Muhayyo faoliyatining eng muhim qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashdir. 2025-yilda u 6 nafar yoshni “Yoshlar daftari”ga kiritib, ularning har biriga alohida yondashdi. 3 nafar yoshning kontrakti to‘lab berildi, 1 nafar yosh o‘ziga kerakli asbob-uskunaga ega bo‘ldi, yana 2 nafar yosh esa zamonaviy kasb-hunar kurslariga yuborildi.

Shohruh Sa’dullayev kontraktini to‘lashda qiynalgan paytda Muhayyo yordam qo‘lini cho‘zdi. Bugun esa u maktabda ingliz tili o‘qituvchisi, shuningdek, “Platina” o‘quv markazida 200 dan ortiq yoshga ingliz tilini o‘rgatyapti.

– Mahallamiz yoshlar yetakchisi Muhayyo Kamilovaning yordami bilan mening hayotim o‘zgardi, u menga ishonmaganida, balki, men bugun bu joyda bo‘lmasdim, – deydi Shohruh Sa’dullayev. – Kontraktni to‘lay olmay, o‘qishni tashlash arafasida yurgan edim. Muhayyo opa esa meni birinchi gaplashganimizdayoq qo‘llab-quvvatladi. O‘qishimni davom ettirdim. Bugun maktabda o‘qituvchiman, yuzlab bolalarning ko‘zidagi ishonchni ko‘rganimda o‘zim ham kuch olaman. O‘quv markazda esa 200 yuzdan ortiq yoshga ingliz tilidan dars bermoqdaman. Yoshlar yetakchisi menga bergan imkoniyatni endi men boshqalarga berishga harakat qilaman.

2025-yilda G‘alaba mahallasi yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida shaxmat, stol tennisi va streetbol bo‘yicha tuman g‘olibi bo‘lishdi va viloyat bosqichida munosib qatnashdi. Mahalla binosida ochilgan shaxmat to‘garagida esa bir necha musobaqalar g‘olibi bo‘lgan murabbiy yoshlarga saboq berib kelyapti.

2025-yilda 14 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlangani ham tasodif emas. Muhayyo har bir yosh bilan shaxsan suhbatlashadi, ularning qiziqishlarini o‘rganadi, ishga moslashtiradi.

– Ba’zan yosh hayotidan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘ladi. Ularga avval ishonchni qaytarish kerak. Ish oson topilmaydi, lekin maqsad bo‘lsa yo‘l topish mumkin, – deydi Muhayyo Kamilova.

Jinoyatchilikdan xoli

2022-yildan buyon G‘alaba mahallasida birorta jinoyat sodir etilmagan. Chunki yoshlar bilan doimiy suhbatlar, uyma-uy profilaktika, kiberjinoyatlardan ogohlantirish, maktab bilan hamkorlik, bo‘sh vaqtlarini to‘ldirish bo‘yicha qilingan keng qamrovli ishlar samara beryapti.

Mahalla yoshlari “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida faol ishtirok etdi. Mahalladan “Mutolaa” loyihasi doirasida 150 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular hozir 190 dan ortiq kitobni o‘qib chiqishgan. “Qizlar akademiyasi”da 90 nafar qiz bepul o‘qimoqda. “UzChess” loyihasi orqali 50 nafar yosh 420 ta shaxmat darsini mutlaqo bepul o‘rganyapti.

Muhayyo og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida 14 nafar yoshga ko‘mak berdi. Ularning 7 nafariga kredit olib berildi, 2 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi. Yana 1 nafariga subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 1 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. Bu yoshlar To‘rtko‘l tumani hokim o‘rinbosari Bobur Yangibayevga biriktirilgan.

Nizomaddin Bekchanov ana shunday yoshlardan biri. Onasi vafot etgan, otasi og‘ir kasal bo‘lgan bu yigitga g‘ildirakni muvozanatlash uskunasi (balansirovka) va havo siqish qurilmasi (kompressor) berilib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun u oilasiga tayanch bo‘lib turibdi.

– Yoshlar yetakchisining o‘sha yordami bo‘lmaganda, qayerdan boshlashni bilmasdim, – deya eslaydi Nizomaddin Bekchanov. – Avvaliga qo‘rqardim: ishni boshlay olamanmi, mijoz topiladimi, oilamni boqishga kuchim yetadimi deb o‘ylardim. Bugun esa kichkina ustaxonamda odam qadami uzilmaydi. Har kuni mo‘maygina daromad topyapman. Hayotimda ilk bor ertangi kunimga qat’iy reja qiladigan bo‘ldim.

Tohirbek Komiljonovning taqdiri ham e’tibordan chetda qolmadi. U 1-sinfdan boshlab og‘ir ijtimoiy sharoitda voyaga yetgan bo‘lsa-da, zamonaviy kasblar bo‘yicha o‘qitilib, o‘z yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun u oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovini o‘zi to‘lab, Toshkentdagi “Hilol Edu” o‘quv markazida ishlayapti.

Qizlat taqdiri

Muhayyoning faoliyatida qizlar taqdiriga alohida e’tibor bor. Nazokat Ramonovaning 100 million so‘m kredit asosida ochgan “Desert kafe”si va non sexi, Zuhra O‘rinbayeva uchun ajratilgan yordam, Guli Yusupovaning hamshiralik faoliyati – bularning barchasi bir yetakchining mas’uliyat bilan yondashgan mehnati evaziga yuzaga kelgan.

Zuhra Oʻrinbayeva hozirda Farg‘ona davlat universiteti talabasi. U bir necha bor jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. Yoshlar yetakchisi tomonidan oilaviy sharoiti o‘rganilib, davolanishi uchun 6 mln soʻm miqdorida moddiy yordam ajratilgan. Shuningdek, u o‘qishdan tashqari vaqtida bolalar kiyim doʻkonida sotuvchilik qiladi. Oylik daromadi – 5 mln so‘m.

Hikoya davom etadi

Muhayyoning rejalariga nazar tashlansa, uning har bir niyati yana o‘sha: yoshlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish, mahalla hayotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadiga xizmat qiladi. U eng birinchi zamonaviy bilimlar markazini tashkil etish ustida bosh qotiryapti. Bu markazda AT yo‘nalishlari, grafika dizayn, robototexnika, tezkor ingliz tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, u qizlar uchun alohida “Psixologik ko‘mak va ijtimoiy faollik maktabi”, “Mahalla kitob uyi”ni ochishni maqsad qilgan. Bundan tashqari ham sport musobaqalari, boshqa ijtimoiy loyilar rejalashtirilyapti.

Rejalari haqida gapirar ekan, Muhayyo shunday deydi:

– Yoshlar har kuni o‘sib borayapti. Ularning bugungi imkoniyati – ertangi kunimizning poydevori. Biz imkon yaratib bersak, ular natija ko‘rsatadi. Mahallamizda hech kim orqada qolmasligi kerak. Rrejamlarning barchasi mana shu g‘oyaga xizmat qiladi.

Qahramonimizning hikoyasi oddiy natija haqidagi raqamlar emas. Bu hikoya o‘zgalarga yo‘l ko‘rsatish, yoshlar hayotiga mustahkam poydevor qo‘yish hikoyasidir. Eng muhimi, bu hali davom etmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish