Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Diqqat savdosi

12.12.2025 1445

Shahobiddin Luqmon

Axborot oqimi haddan oshgan zamonda inson diqqatining o‘zi iqtisodiy qiymat kasb etyapti. 1971-yilda amerikalik iqtisodchi Herbert A. Simon “Axborotga boy dunyoda muammo endi ma’lumot yetishmasligi emas, e’tibor tanqisligidir” degan fikrni ilgari surgan edi. Quyida aytiladiganlar konspirologik gaplarga o‘xshashi mumkin, ammo bular bugunning bor gapi.

Raqamli iqtisodiyotda bu jarayon aniq ko‘rinishga ega. Ijtimoiy platformalar foydalanuvchining onlayn vaqtini uzaytirishga intiladi, reklama tizimlari esa shu vaqtni pulga aylantiradi. Har bir ko‘rish, biror sahifaga kirish, izoh o‘qish uchun o‘tkazilgan vaqt – bularning barchasi iqtisodiy qiymat hosil qiladi. Shu tariqa e’tibor bozordagi mahsulotga o‘xshash qiymat olgan. Foydalanuvchi diqqatini jalb etish raqobati bor, bu raqobatda kimdir inson vaqtini, kimdir uning hissiyotini, kimdir esa qarashini egallashga urinadi.

Axborot ko‘paygani sayin e’tibor yanada qisqaryapti. Shu sabab raqamli iqtisodiyotda foyda oqimi endi mahsulotdan emas, insonning ongini qancha vaqt band qilishdan kelib chiqadi. Bu esa butun biznes modelni o‘zgartirdi. Diqqat iqtisodiy tizimning yangi valyutasiga aylandi, deyish mumkin.

Boshqarilish

Har bir ijtimoiy tarmoq, mobil ilova insonning foydalanish vaqtini uzaytirish uchun yaratilgan murakkab mexanizmlarga tayanadi. Platformalar foydalanuvchi nima ko‘rishini, qachon ko‘rishini va qancha vaqt ko‘rishini oldindan hisoblay oladi. Algoritmlar insonning qiziqishini aniqlash, uni yanada kuchaytirish va shu yo‘l bilan diqqatni band qilish uchun ishlaydi.

Bu tizimning markazida e’tiborni saqlab qolish g‘oyasi yotadi. Masalan, “infinite scroll” degan interfeys shakli foydalanuvchining to‘xtash ehtimolini kamaytiradi. Ekranni “varaqlagan” sari yangi ma’lumot o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Bu jarayon ongda yakun yo‘q degan tasavvurni yaratadi, shuning uchun inson vaqt o‘tganini sezmaydi. Avtoijro funksiyasi esa navbatdagi videoni avtomatik boshlaydi. Shu tariqa foydalanuvchi o‘zi tanlov qilayotgandek bo‘ladi, aslida esa tizim uni o‘z oqimiga tortadi.

Har bir “like” yoki fikr bildirish ham algoritmlar uchun signal hisoblanadi. Bu ma’lumotlar asosida platforma insonning kayfiyati, siyosiy qarashlari yoki kundalik odatlarini o‘lchay oladi. Shundan so‘ng unga ayni shu yo‘nalishda kontent taklif etiladi. Natijada foydalanuvchi o‘xshash fikrlar, obrazlar va qarashlar ichida qoladi. Bu holat algoritmik izolyatsiya deb ataladi. Diqqat bir yo‘nalishga to‘planadi, lekin umumiy ko‘lam torayadi. Masalan, YouTube foydalanuvchilarining o‘rtacha 70 foiz vaqtini algoritmik tavsiyalar orqali ushlab turadi.

Parchalanish

Har kungi yuzlab xabar, surat, video va bildirishnomalar diqqatni mayda bo‘laklarga ajratadi. Inson bir vaqtning o‘zida ko‘p ma’lumot bilan yuzlashadi, biroq bu ko‘p vazifalik faqat tashqi ko‘rinishda samarali. Aslida kishi ongi bir lahzada birgina narsaga to‘liq e’tibor bera oladi. Shu sabab doimiy diqqat bo‘linishi holatida bo‘lgan inson fikrini jamlay olmaydi, yuzaki idrok qiladi xolos.

Kaliforniya universiteti olimi Gloria Mark olib borgan tadqiqotga ko‘ra, inson biror ish jarayonida chalg‘iganidan so‘ng diqqatni qayta tiklash uchun o‘rtacha 23 daqiqa-yu 15 soniya vaqt sarflaydi.

So‘nggi yillarda e’tibor davomiyligi qisqarayotgani haqidagi fikr keng tarqalgan. 2015-yilda “Microsoft Canada” iste’molchilarning axborot iste’moli bo‘yicha hisobotida insonning o‘rtacha diqqat davomiyligi 12 soniyadan 8 soniyagacha kamaygani aytilgan. Biroq bu raqam ilmiy tadqiqot emas, marketing tahliliga asoslangan.

Psixologik nuqtayi nazardan bu holat diqqatning parchalanishiga olib keladi. Miya har lahzada yangi signallarni qayta ishlaydi, biroq ularni bog‘lab, umumiy ma’no hosil qilishga ulgurmaydi. Bu jarayon uzoq muddatda charchoq, hissiy toliqish va fikr beqarorligiga sabab bo‘ladi.

Hissiy toliqish

Axborot oqimi uzluksiz bo‘lganda inson miyasi dam ololmaydi. Har daqiqada yangi bildirishnoma, yangi post yoki video ongni faollikka majbur qiladi. Bu jarayon dastlab sezilmaydi, lekin uzoq muddatda inson ruhiyatida chuqur iz qoldiradi. “Digital fatigue” deb ataluvchi holat shundan kelib chiqadi. Bu insonning raqamli muhitdan ruhiy charchashi, diqqatni jamlay olmasligi va ichki tinchlikni yo‘qotish holatidir.

Tadqiqotlarda ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanish miya faoliyatida stress gormonlari ishlab chiqilishini kuchaytirishi aniqlangan. Axborot ortiqchaligi hissiy toliqish va ichki rag‘bat pasayishiga olib keladi. Yangi ma’lumotlarga qiziqish yo‘qoladi, biroq shu bilan birga kishi ulardan uzila olmaydi. Bu paradoksal holat doimiy dopamin stimulyatsiyasining natijasi hisoblanadi.

Ruhiy toliqish asta-sekin hissiy befarqlikka aylanadi. Inson doimiy ma’lumot oqimida yashaydi, lekin hech bir ma’lumot unga yetarlicha ta’sir qilmaydi. Tashqi dunyo shovqinli, ichki dunyo esa bo‘shab qoladi. Miya ma’lumotni filtrlash qobiliyatini yo‘qotadi, hissiyotlar kuchsizlanadi, vaqt ritmini his qilish buziladi. Bu holat ong toliqqanini bildiradi.

“Diqqat iqtisodiy tizimi” inson ruhiyatini faol iste’molchiga aylantirgan. U har doim yangi axborot izlaydi, bu izlanish unga tinchlik bermaydi. Raqamli muhitda charchoq tabiiy holga aylanishi ham shundan. E’tibor shaxsning o‘z tanlovi sifatida ma’nosini yo‘qotyapti, chunki u endi ongli tanlov emas, algoritm boshqaruvidagi jarayon.

“Diqqat iqtisodiyoti”

Raqamli muhitda diqqat shaxsiy hodisa emas, ijtimoiy resursga aylandi. Platformalar insonlarning umumiy e’tiborini o‘lchaydi va yo‘naltiradi. Kim ko‘proq ko‘rinish hosil qilsa, kim ko‘proq bahs uyg‘otsa, o‘sha shaxs yoki mavzu e’tibor markaziga chiqadi. Natijada diqqat adolatli taqsimlanmaydi. Ayrim g‘oyalar, shaxslar yoki mavzular ortiqcha e’tibor oladi, boshqalari esa butunlay chetda qoladi. Shu tariqa e’tibor maydoni ijtimoiy tengsizliklarni chuqurlashtiradi.

“Diqqat iqtisodiyoti”ning oqibatlariga oid ilmiy yondashuvni britaniyalik tadqiqotchi Maksi Heitmayer “The Second Wave of Attention Economics” (2025-yil) maqolasida tahlil qiladi. Muallifning xulosasiga ko‘ra, diqqat iqtisodiyoti raqamli platformalar orqali shakllanadigan ijtimoiy kuch munosabatlarini mustahkamlaydi va e’tibor oqimi ko‘proq resursga ega bo‘lgan subyektlar tomon og‘adi. Muallif shunday deydi: “raqamli muhitda diqqat universal ramzli valyutaga aylanadi, bu esa axborot oqimini boshqaruvchi tizimlarning jamoaviy idrok shakllanishiga ta’sirini kuchaytiradi”.

“Diqqat iqtisodiyoti” ma’lumot sifatini ham o‘zgartiradi. Kontent yaratuvchilar o‘quvchini jalb etish uchun qisqa, hissiyotli va ziddiyatli shakllarni tanlaydi. Shunday qilib, mazmun ustuvorligi yo‘qolib, shakl ustunlikka chiqadi. “DataReportal” e’lon qilgan “Digital 2024: Uzbekistan” hisobotida mamlakatda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining soni 8,7 million, umumiy internet foydalanuvchilari 29,5 million ekani aytilgan. “Diqqat raqobati” muhitida yoshlar ko‘proq tez, vizual va hissiy kontentlarga murojaat qilyapti.

Axborotning haddan ortib ketishi, platformalarning algoritmik boshqaruvi va tezkor kontentning ustuvorlashuvi diqqatni bo‘linuvchi resursga aylantirdi. Bu jarayon shaxsning ruhiy holatidan tortib jamiyatdagi axborot oqimi va ijtimoiy idrok shakllanishigacha ta’sir ko‘rsatyapti. Tadqiqotlar e’tiborning cheklanganini, chalg‘ishning kognitiv qiymatlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentning ustuvorligini va auditoriya odatlarining o‘zgarishini ko‘rsatadi. O‘zbekiston misolidagi kuzatuvlar ham global tendensiyalar bilan uyg‘un: yoshlar drayver bo‘lgan raqamli maydon ko‘proq qisqa, hissiy va tez qabul qilinadigan axborot shakllariga yo‘nalgan. Diqqat esa ijtimoiy jarayonlarning markaziy o‘lchoviga aylanib boryapti.

Shahobiddin LUQMON tayyorladi.

AKU:

Insonning o‘rtacha diqqat davomiyligi 12 soniyadan 8 soniyagacha kamaygan.

***

Doimiy diqqat bo‘linishi holatida inson fikrini jamlay olmaydi, yuzaki idrok qiladi xolos.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish