Konstitutsiya (lotincha: constitutio — „tuzilish“, „tuzuk“) — bu davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.
“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimda paydo bo‘lgan, ya’ni imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun ishlab chiqilgan, yaratilgan, unda jamiyatni boshqarish, jinoyatlarga jazo berib, adolatsizliklarga barham berish, jinoyatchilarni qonun talablari asosida jazolab, xalqni davlatga ishontirib, davlatga suyangan va adolatga tayangan holda yashashini ta’minlash bo‘lgan. Keyin bu ommalashib, butun dunyoga turli shaklda kirib borgan.
Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan. Har davlatning podshohlari va xalqining muammolaridan kelib chiqib, vazirlar bilan birgalikda qomuslar ishlab chiqilgan, musulmon mamlakatlari qonun ishlab chiqishda shayxulislomlarning maslahatlariga quloq solib, din tamoyilidan kelib chiqib, tuzgan.
Konstitutsiyaviy huquqning paydo bo‘lishiga va taraqqiyotiga bir qator konstitutsiyaviy ahamiyatga molik hujjatlar katta ta’sir ko‘rsatgan. Bunday hujjatlar jumlasiga 1215-yilda Angliyada qabul qilingan “Erkinliklarning buyuk Xartiyasi’, 1697-yilgi “Habeas Corpus Act” va boshqa bir qator hujjatlar kiradi.
Yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar hozirgi kunda ham Buyuk Britaniyada amaldagi konstitutsiyaviy hujjatlardan bo‘lib hisoblanadi. Shunday qilib, konstitutsiyaviy huquq mоduli o‘ziga xos tarixiy taraqqiyot davomida vujudga kelgan. Ko‘pgina davlatlarda huquq va qonun hujjatlarining asosiy manbai - Konstitutsiya hisoblanadi(ba’zi bir musulmon davlatlari bundan istisnodir).
Ammo Konstitutsiya davlat hayotining eng muhim masalalarini hukumatga havola qilib, ko‘pgina hollarda umumiy qoidalargina o‘zida aks etadi. Har bir davlatning hududida eng asosiy qonun bo‘lmish Konstitutsiyadan o‘ng doim qonunlar va qonun osti hujjatlari o‘rin egallaydi.