Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kakliklar

4.6.2026 41

Laziza MURODULLAYEVA, SamDU talabasi

Chor atrofi baland tog‘lar bilan qurshalgan Baxmalsoy kengliklari kakliklar makoni. Har gal quyosh charaqlab bo‘y ko‘rsatgan pallada bu ko‘rkam qushlar mayin va yoqimli sayrab ko‘ngillarga zavq ulashadi.

Tog‘ kakliklarining dum tomonida yog‘ chiqaradigan popukchasi bo‘lib, yog‘ingarchilik oldidan ular tumshug‘i, dum va qanotlarini unga tez-tez ishqab turadi. Bu esa qanotlarining ivib, nam bo‘lib qolmasligini ta’minlaydi hamda parvoz chog‘ida quvvatni tejash imkonini beradi. Ammo kakliklar ko‘p vaqtini yerda yurib o‘tkazadi.

Tog‘ kakliklari erta bahorda oila qurishga hozirlik ko‘radi. Ko‘p zahmat chekib, shuvoq, jingil va yirik butalar tagiga in quradi. Bu esa juftlikni yanada mustahkamlaydi. Nihoyat nar kaklik uyasi ustida qanotlarini qoqib, juftining tashrifini kutadi. Makiyoni tanasining og‘irlashib ketgani tufayli pastlab uchib, zo‘rg‘a yo‘rg‘alab uyasiga joylashadi. Qisqa vaqt ichida u o‘n ikkitadan yigirmatagacha tuxum qo‘yishi mumkin. Boshqa parrandalardan farqli o‘laroq tuxum bosish, jo‘ja ochish va parvarishlash faqat makiyon kaklik zimmasida bo‘ladi. Bu vaqtda nar kaklik belgilangan hududdan tashqariga chiqmay, uya atrofidan ko‘p uzoqlashmaydi.

Polaponlar tuxumni yorib chiqqan zahoti, ozuqa topish ilinjida yo‘rg‘alaydi, qurt-qumursqa, chuvalchang va mayda hasharotlar bilan oziqlanadi. Zaifroqlari esa nobud bo‘ladi.

Tog‘-u tosh va adoqsiz keng dalada polaponlar g‘amxo‘r ona kaklik ortidan ergashadi. Ehtiyotkor ona kaklik xavf-xatarni sezgan zahoti ular uchun tashvish chekadi. Qo‘rquvga tushgan polaponlar ona pinjiga suqiladi. Shunda katta kakliklar ular oldida mudofaa halqasini tashkil qiladi... Hademay polaponlar qanot boylab uchishga chog‘lanadi.

Bahor va yoz oylarida beozor qushlarni ovlash taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, ayrim kaslar kaklik solingan qafasni yashirincha havza bo‘ylari, anhor va buloq yonlariga o‘rnatib, atrofiga jela (tuzoq) qo‘yishadi. Jela ot yolidan tayyorlangan bo‘ladi. Qafasdagi kaklik sayray boshlaganida tevarak atrofdagi kakliklar o‘z hududiga begona qush kelib qolganidan bezovtalanib, u tomon xezlanadi. Lekin tepalikda qanotlarini yozib turgan nar kaklik sayrashi bilan qafasdagi qushning ovozi o‘chadi. Aftidan nar kaklik zo‘rroq chiqadi chog‘i, qafasdagi qush tag‘in sayrashga botinolmaydi. Ovchilarning rejalari barbod bo‘lgach, ular o‘ljani havoga uchirib, ov qilishga o‘tadilar. Ko‘kda to‘s-to‘polon boshlanadi. Bu yovuzliklar oldida beozor qushlar chorasiz qoladi. Hayot uchun kurash. Bunday hol yuz berganda tog‘begi Abulfayz amaki tezda yetib kelib, qonunbuzarlar bilan ro‘baro‘ bo‘ladi va tegishli jazo qo‘llashga kirishadi.

Bu jozibali, ko‘rkam qushning ko‘kda charx urib parvoz qilishi, tabiat shaydolariga huzur-halovat va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Onda-sonda uchrab turadigan nopok “ovchi”larning qilmishlari esa kishi g‘ashini qo‘zitadi. Beozor sayroqi qushlarning bekordan bekor uvol bo‘layotganiga achinadi kishi.

                                                                           

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish