Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Janubiy Koreyada o‘qish uchun maxsus grant dasturlari

10.2.2025 4463

Zarina BO‘RONOVA tayyorladi

Bugungi kunda chet elda tahsil olayotgan yoshlarimiz soni oshib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yil 10-oktabr holatida 150,5 ming nafar yurtdoshlarimiz dunyoning turli davlatlarida taʼlim olmoqda. Bu raqam bilan 2024-yilda o‘zbekistonlik yoshlar chet elda ta’lim olish bo‘yicha jahonda 3-o‘rinda qayd etilgan. Janubiy Koreyada tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz soni ham ko‘paymoqda. Shu jumladan, 2023-yildagi statistika maʼlumotlariga qaraganda, Janubiy Koreyada taʼlim olayotgan chet davlat talabalari soni bo‘yicha ham o‘zbekistonliklar 3-o‘rinni band etgan. Mos ravishda bugungi kunda Janubiy Koreyada talaba bo‘lishni xohlovchi abituriyent yoshlarimiz soni koʻpayib boryapti. Quyida Janubiy Koreyada o‘qish uchun 6 ta eng mashhur bepul grand dasturlari va ularning talablari haqida toʻliq maʼlumot berishga harakat qilamiz.

Global Korea Scholarship (GKS)

GKS Koreyada o‘qishni xohlovchi talabalar xarajatlarini to‘liq qoplovchi grant dasturi bo‘lib,  quyidagilarni moliyalashtiradi:

– borish-kelish xarajatlari;

– o‘qish xarajatlari;

– tibbiy sug‘urta;

– turar joy;

– stipendiya.

GKSga topshirish uchun talabgordan ingliz tili (IELTS) yoki koreys tili xalqaro sertifikati (TOPIK) talab etiladi. Bundan tashqari, bu dastur orqali nafaqat bakalavriat, balki magistratura, doktoranturaga ham hujjat topshirish mumkin. Topshirish usuli ikki xil:

  1. Elchixona orqali topshirish. Ya’ni bunda abituriyentlar o‘z mamlakatlaridagi Janubiy Koreya elchixonasi orqali hujjatlarini 3 tagacha unversitetga topshirishi mumkin. Elchixona tomonidan saralash boshqichi o‘tgach, nomzodlarning hujjatlari universitetlarga yuboriladi.
  2. Universitet orqali grant qo‘lga kiritish. Bunda abituriyentlar hujjatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri universitet email manziliga yuborib, grantni qo‘lga kiritishi mumkin boʻladi.

Har bir universitetning qabul muddati har xil bo‘lishi mumkin. Shu sababdan topshirayotganda muddat va yo‘nalish turlariga eʼtiborli bo‘lish talab etiladi. GKSga 2018-yilda birgina magistratura va doktorantura uchun 138 ta mamlakatdan 665 ming nafar talaba topshirgan. Bakalavriat esa bu dasturda eng koʻp nomzod topshiradigan bosqich hisoblanadi.

Talab etiladigan hujjatlar roʻyxati quyidagicha:

ariza shakli;

shaxsiy bayonot;

o‘quv reja:

tavfsiyanomalar;

diplom va baholar nusxalari;

til sertifikatlari (IELTS, TOEFL yoki TOPIK);

tibbiy maʼlumotnoma;

pasport nusxasi.

Korean Government Scholarship Program (KGSP)

Bu ham GKSga o‘xshash boʻlib, xuddi shunday imkoniyatlarni taqdim etadi. Hujjat tayyorlash jarayoni ham deyarli bir xil. Koreyadagi koʻplab unversitetlar ushbu dastur bilan hamkorlik qiladi.

Korean Foundation Scholarship. Bu dastur Koreya va Koreya madaniyatiga oid tadqiqot olib bormoqchi boʻlganlar uchun mo‘ljallangan boʻlib, o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

Research Grands dasturi ham tadqiqot olib boruvchilar uchun mo‘ljanllangan. IT, muhandislik, biologiya va ijtimoiy fanlar sohalarida ommalashgan.

Korean Language Training Program. Dastur aynan koreys tilini o‘rganuvchilar uchun mos, u orqali koreys tilini moliyalashtirilgan holda o‘rganish mumkin. Bu dastur GKS kabi dasturlarda ham talabalarga oʻquv yili boshlanishidan avval koreys tilini yaxshi o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi.

University Scholarship. Bu Koreya universitetlari tomonidan talabalarga ajratiladigan grantlar boʻlib, sertifikat darajasi va taʼlim jarayonidagi talaba faolligidan kelib chiqib beriladigan grant hisoblanadi. Asosan Seoul milliy universiteti, KAIST (Korea Advanced Institut of Science and Technology, Yonsei University, Ewha Women’s University kabi unversitetlar tomonidan taqdim etiladi.

Janubiy Koreyada o‘qish uchun grant va stipendiyalar haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi rasmiy va ishonchli vebsaytlardan foydalanishingiz mumkin.

Study in Korea (studyinkorea.go.kr) GKS haqida barcha ma’lumotlar: ariza topshirish jarayoni, universitetlar ro‘yxati va talablar.

Korean Embassy in Uzbekistan. O‘zbekistondagi Koreya elchixonasining rasmiy sayti. GKS haqida mahalliy e’lonlar va elchixona orqali topshirish bo‘yicha ma’lumotlar.

NIIED (National Institute for International Education) GKS dasturini boshqaruvchi tashkilot. Yangi e’lonlar va stipendiyalar statistikasi.

Koreya universitetlari stipendiyalari

Seoul National University (SNU): http://en.snu.ac.kr – universitet tomonidan taqdim etiladigan stipendiyalar va GKS dasturi.

KAIST (Korea Advanced Institute of Science and Technology): https://www.kaist.ac.kr – IT va texnika sohalaridagi grantlar.

Yonsei University: https://www.yonsei.ac.kr – Xorijiy talabalar uchun moliyaviy yordam va stipendiyalar.

Ewha Womans University: https://www.ewha.ac.kr – xotin-qizlar uchun maxsus grant va stipendiya imkoniyatlari.

Ushbu saytlarda grantlar, talablar, qabul ochilish sanalari, kerakli hujjatlar, yo‘nalishlar   va ariza topshirish muddatlari haqida to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish