Talabalik o‘ziga xos sarf-xarajatlarni talab qiladi. Nafaqat kontrakt to‘lash majburiyati bor, balki yashash, transport, kitob va oziq-ovqat xarajatlari ham og‘ir. Bir talabaning ehtiyojini qoplash uchun qishloqdagi ho‘kizdan tortib, tovuqgacha sotilishi hech gap emas. Hozirgi moddiy kamchilik tufayli odatda kelajak haqida umuman o‘ylab ham ko‘rilmaydi. Kelajakda biron yaxshi kasbning egasi bo‘lish, o‘qish-izlanish emas, balki erta uchun pul topish muammosi ko‘proq qiynaydi.
Ko‘plab talabalar o‘qish bilan birga ishlashga tirishadi. Ayniqsa, kuryerlik va taksichilik kabi sohalar yoshlar hayotida “trend”ga aylanmoqda. Bir qarashda bu ishlar qulay grafik, yaxshi daromad va hayotiy tajriba orttirish uchun imkoniyat bo‘lib tuyuladi. Biroq ular bunday ishlarning qiyinchiliklarini ishga kirishganlaridan so‘nggina tushunib, hafsalasi pir bo‘ladi.
Bu ishlarni ko‘pchilik juda oson deb o‘ylaydi. Ishni boshlash uchun oddiygina ro‘yxatdan o‘tish yoki o‘z transport vositasini topish kifoya(!). Lekin birinchi kunlardanoq kasbning qiyinchiliklari oshkor bo‘ladi. Kuryer va kirakashning asosiy muammolaridan biri bu – mijozlar bilan muloqotdir. Har bir mijoz o‘ziga xos, ularning talab va muomalasi turlicha. Ko‘pincha ular tushunmovchiliklar, noto‘g‘ri manzillar va mijozlarning salbiy munosabati bilan yuzlashadi. Kuryerlar ko‘pincha mijozlarning buyurtmani vaqtida yetkazib bermagani yoki tovarning holati kabi noroziliklar bilan to‘qnash keladi. Ayniqsa, kechqurun yoki tungi smenalarda mijozlar bilan bog‘liq hodisalar yana-da murakkablashadi.
Kirakashlar esa mijozlar bilan joy tanlash, yo‘l xaritasi va to‘lov masalalarida ko‘p marta nizolarga duch keladi. Ularning xavfsizligi muammosi eng dolzarb masalalardan biridir. Ayniqsa, tungi ish paytida xavf darajasi oshadi. Tungi paytda talabalar o‘zlarini himoya qilish uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Ular ko‘pincha og‘ir ishdan charchagan holda o‘z xavfsizligini to‘liq taʼminlay olishmaydi. Spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mijozlar bilan ishlash, yomon niyatli odamlarning mashinaga chiqishi, yo‘nalishni o‘zgartirish va turli bahs-munozaralar kechki smenalarda tez-tez uchraydi. Kuryerlar uchun velosiped, skuterlardagi nosozliklar jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Mashinaning buzilishi yoki uni tuzatish uchun kerakli ehtiyot qismlar xarid qilish, kutilmagan xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Bu qiyinchiliklar talabalar hayotiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Keling, so‘zimiz isboti sifatida shu sohada ishlagan va ishlayotgan talabalarning hikoyalarini tinglaylik.
“Kuryer ham odammi?!”
Mo‘minjon KELDIYEV, kuryer:
– Yetkaib berish xizmatida ish boshlaganimga endi 6 oy bo‘ldi. Ishga kirishdan oldin boshqa ishlar ham qidirgan edim. Lekin bunisi qulayroq bo‘lib tuyuldi. Avvaliga velosiped sotib oldim va sifatida ish boshladim. Menda vaqtni mustaqil boshqarish imkoniyati mavjuddek, o‘qish jadvali bilan moslashib olishim mumkindek edi. Dam olish kunlari ko‘proq ishlayman deb o‘yladim. Chunki boshida buni juda oson ish deb o‘ylardim. Manzilga buyurtmani yetkazib bersam, bo‘ldi. Lekin aslida hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi.
Birinchi kunlarda eng katta muammo – mijozlarni topish edi. Baʼzan mijozlar manzilni noto‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yadi yoki telefoniga javob bermaydi. Ko‘cha-ko‘yda u yoqdan bu yoqqa o‘tib, mijozning uyini qidiraman. Yana, kechikmaslik talabi ham bor. Bu kundan-kunga asabimni buzar edi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli, lifti ishlamaydigan yoki lifti umuman yo‘q joylarga borib qolsam...
Odamlar bilan ishlash doim murakkab. Ko‘p mijozlarga duch kelaman: xushmuomalali ham, bee’tiborlari ham, juda asabiylari ham bor. Baʼzi mijozlar buyurtmani o‘z vaqtida yetkazmagan bo‘lsam, darrov asabiylashadi. Bunday vaziyatda ular bilan muloqot qilish yana-da qiyinlashadi. Mijozni tinchlantirish, kechirim so‘rash va tushuntirish kuryerning yana bir yoqimsiz vazifasi.
Yaqinda shunday voqea bo‘ldi. Buyurtmani 10 daqiqa kech yetkazib kelganim uchun mijoz shikoyat qilmoqchi bo‘ldi. Meni haqorat qildi, baqirdi. O‘sha payt juda noqulay vaziyatga tushib qoldim. Kechirim so‘radim, vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldim. U esa meni eshitishni ham xohlamadi va buyurtma pulini yerga otib, eshikni “tars” etib yopdi. Jamiyatda men ham odam ekanimga shubhalanib qoldim.
Mijozlar buyurtmani qabul qilgach, minnatdorchilik bildirishsa, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Lekin yuqoridagidek yomon hodisalar xotirada uzoqroq saqlanadi. Ha, ishim ko‘p sabr-toqat talab qiladi. Hozir boshqa ish topishni o‘ylayapman. Qish kunlarida ishlash juda qiyin bo‘ladi.
Kunda talaba, tunda kirakash
Farrux YO‘LDOSHEV, haydovchi:
– Kirakashlik qilayotganimga ikki yil bo‘ldi. Dastlab, oilaviy holat sababli bu ishga kirishganman. O‘qish bilan birga ishlashni boshlash zarur edi. Chunki ota-onamni qiynashni xohlamadim. Avvaliga ijaraga mashina oldim. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda yoki dam olish kunlarida ishlar edim. Ishlagan pulim ijara to‘loviga ham yetmasligini tushunganimdan keyin ko‘proq ishlashga harakat qildim. O‘qishga deyarli eʼtibor bermay qo‘ydim. Darslarda uxlab qolardim, umuman eshitmasdim. Bironta darsda yaxshi baho olganimni eslay olmayman. Keyinchalik uydagilar yordami bilan Matiz oldim. Ijara mashinada foyda qilish deyarli imkonsiz ish ekan. Keyinchalik dadam yig‘gan-terganlarini to‘plab, uydagi 2 ta qoramolni sotib, mashina olib berdi.
Haydovchilik qiziqarli va bir vaqtning o‘zida juda og‘ir. Mijozlar har xil – kimdir muloyim va tushunadigan, kimdir esa tajang va asabiy. Taksist bo‘lishning asosiy qiyinchiliklaridan biri – insonlar bilan ishlash, ularning turli kayfiyatlariga moslashishdir.
Men avvaliga asosan tungi vaqtda ishlar edim. Lekin tezda tushundimki, kechasi ishlash oson emas. Tungi ishning yagona yaxshi tomoni tirbandliklar deyarli bo‘lmaydi. Boshqa yaxshi tomoni yo‘q. Tungi mijozlar ko‘pincha spirtli ichimlik ichgan bo‘ladi. Ulardan baʼzilari tajovuzkor. Bir safar kechasi mijoz bilan shunday muammo bo‘ldi. U manzilga kelganimizda to‘lov qilmayman deb, mashinadan tushmaslikka urindi. Shunda uni tinchlantirishga va kelishuvga erishishga bir soatcha vaqt ketdi. Bunday holatlarda pul oxirgi o‘ringa tushib qoladi. Asosiysi, katta muammo yaratmaslik hamda xavfsizlik.
Ko‘pincha ishdan charchab, darslarga borishga kuch topolmayman. To‘g‘risini aytsam, bu borada muvozanatni topish imkonsizdek. O‘zimga vaqt ajratish, dam olish imkoniyati yo‘q va bu ruhiy holatimga ham taʼsir qiladi. Borgan sari asabiy bo‘lib qolyapman. Men kabi talabalar, mendan maslahat so‘rashganida agar imkoniyati bo‘lsa, hech qanday ishda ishlamasliklarini va o‘qishga ko‘proq eʼtibor berish kerakligini aytgan bo‘lardim. Bu ishda vaqtincha daromad topib turishingiz mumkin. Ammo butun umr kirakash bo‘la olmaysiz-ku!
Vaqt borida yaxshi kasbni egallash uchun o‘qib-izlanish kerak deb o‘ylayman. Ertaga farzandingiz “Mening dadam yurist”, “Mening dadam iqtisodchi”, “Mening dadam jurnalist”, “Mening dadam direktor” deb gapira olishi uchun hozirdan harakat qilishimiz kerak. Axir, tanlov o‘z qo‘limizda.
“Kriminal zona”dagi so‘nggi mijozim
Niyozbek SAFAROV, haydovchi:
– Men taksichilik qilayotganimga 10 kun ham bo‘lmadi. Allaqachon bu ishni yig‘ishtirdim. Ayrim mijozlar juda qo‘pol muomalada bo‘ladi. Tezroq haydashimni, hatto svetofor qizil chirog‘ida yurishimni, belgilanmagan joylardan qayrilishimni so‘rashadi. Baʼzilarni manziliga eltish uchun mashina yurmagan yo‘llardan yurishga to‘g‘ri keladi. Ayrim yo‘llar shu darajada notekiski, allaqachon 2 marta mashinamni “qorni” yerga tegdi. Topganim servisga ketdi. Faqat ziyon ko‘rdim, foyda ko‘rmadim.
Ayniqsa, kechqurungi mijozlar...
Bir kuni odatiy mijoz olishga borganimda, yo‘lovchi avtoraqamimni ko‘rib, bir viloyatdan ekanmiz deb shevada gapirishni boshladi. Tungi soat 2:05. Men juda charchagan edim. Biroq savollariga samimiy javob qaytarardim. Mijoz do‘stlari bilan – 4 kishi bo‘lib chiqishdi va shahar bo‘ylab 2 soatdan ortiq, u yoqdan bu yoqqa yurdik. Yo‘lda har xil narsalarni gaplashib, shovqin qilib, baqir-chaqir bilan miyamni egovladi. Orada bir do‘konga to‘xtashimni so‘rashdi. Do‘konga kirib chiqgan bir sherigi qaytib kelib, do‘konda kartadan kartaga o‘tkazib to‘lav qilish imkoni yo‘q ekanini, naqd pul berib tursam, safar yakunida kartaga o‘tkazib berishini aytdi. Mendan 230 ming so‘m pul oldi. Nihoyat safar yakunlandi. Narx 170 ming so‘m bo‘ldi. Jami 400 ming berishi kerak edi. “Aka, bu kam, sizga 500 o‘tkazaman, “otdushi”, charchagan bo‘lsangizam xizmat qildingiz” dedi. Mashinadan tushib kartamni so‘radi, aytdim. “O‘tkazdim” dedi, telefonimni tekshirsam, hali tushmabdi. Shundoq qarasam, mijoz allaqachon yo‘q. Ozgina kutdim, pul hali tushmadi. Ular qaysi tomonga ketganini izlashga harakat qildim, topolmadim. Ilovadan haydovchini qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga yozdim, ular mijozning telefon raqamini berishdan bosh tortib, ichki ishlarga xabar berishini aytdi. Tezda 102 ga telefon qildim. Voqeani aytdim. “Hozir qayta qo‘ng‘iroq qilamiz, voqea joyidan ketmang” dedi. Keyin qayta qo‘ng‘iroq qilib, menga bittasi baqiryapti:
“Shunchalik soddamisan, yana ko‘proq pul berish kerak edi, yo‘qmi yoningda yana 1-2 million, uniyam berib yubor! Topganingni berginda, keyin bizdan so‘ra! Kelib-kelib meni navbatchiligimda shunaqa qilasanmi? Uxlading o‘sha pulingga “karochche”!
To‘g‘risi, men hech narsaga tushunmay qoldim. Nima qilishni bilmay, yo‘l chetida turib qoldim. Keyin oldimga bir xodim keldi va meni idoraga olib ketdi. Voqeani eshitdi, tushuntirish xati va ariza yozdirdi. Keyin “sizga o‘zimiz bog‘lanamiz” deb kuzatib qo‘ydi. To‘g‘risi, ularni topishlariga ishonmayman. Chunki ko‘rinishidan organ xizmatchilariga ham ortiqcha bosh og‘riq kerak emas. Oldin shunga o‘xshash holatlar haqida eshitgandim, biroq o‘zim bilan bunday voqea sodir bo‘ladi deb o‘ylamagan edim. Men odamlarda yomon niyat yo‘q deb bilar edim.
Shundan so‘ng uyga bordim. O‘ylab yotib, sog‘ligimga shukr qildim. To‘g‘risi, ular menga va avtomobilimga ham zarar yetkazib ketishlari mumkin edi. Ko‘chada menga yordam berishi mumkin bo‘lgan tirik zot bo‘lmasa!
Bilasizmi, menda odamlarga nisbatan nafrat paydo bo‘ldi va endi hammadan shubhalanadigan (balki yomon) odamga aylandim. Endi men hech qachon odamlar bilan ko‘p muloqot qiladigan ishda ishlamayman va boshqa bunday tavakkal qilmayman. Bir-ikki so‘m topaman deb, hayotimni xavfga qo‘yishni xohlamayman.
Men 100 yil oldingi voqeani aytmayapman. Bu o‘ylab topilgan ham emas. Yaqinda Toshkentda sodir bo‘ldi. Toshkent tunda haqiqatda “kriminal zona”ga aylanadi.