Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

ODIL SUDLOVGA ERISHISH SUDGA MUROJAAT QILISHDAN BOSHLANADI

11.10.2024 642

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi T.Annayeva, Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi E.Kurbonov

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasining 130-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi.

Odil sudlov deganda taraflarning turli xil nizo bo‘yicha kelishmovchiliklarini qonun hujjatlariga asoslangan holda sud tomonidan adolatli hal etilishini tushunish mumkin. Huquqi buzilgan shaxs o‘zining buzilgan huquqlarini qonuniy himoya qilish maqsadida eng oxirgi “nuqta” sifatida sudga murojaat qiladi va odil sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlanishini xohlaydi.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslarning odil sudlovga erishish yo‘lidagi eng birinchi qadami bo‘lgan sudlarga murojaat qilishlarida ular uchun muhim qulayliklar yaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturining sud-huquq sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlarida sudlar faoliyatiga “yagona darcha” tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq tashabbus ilgari surilgan edi. Buning amaliy natijasi sifatida “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2023-yil 26-aprelda O‘RQ-833-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Qonunda belgilangan eng muhim masalalardan biri bu ish fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy sudga taaluqli bo‘lishidan qat’i nazar, fuqarolarga o‘z arizasini sudga “yagona darcha” prinsipi asosida topshirish imkonini yaratilganligidir.
Buning natijasida sudga murojaat qiluvchilarga juda ham qulaylik yaratilib, yanglishib sudga taalluqlilik qoidasini buzgan holda boshqa sudga ariza taqdim etilganida, murojaat qiluvchining ortiqcha ovoragarchiligisiz taalluqliligi bo‘yicha sudlar tomonidan ishni o‘sha sudga o‘tkazish amaliyoti joriy etildi.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Iqtisodiy hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi prosessual qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga ham o‘zgartirish kiritilib 311-modda bilan to‘ldirildi. Mazkur moddaga ko‘ra, sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda iqtisodiy sudga taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligi bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi. Agar da’vo arizasi (ariza) sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda qabul qilinganligi sudda ishni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlansa, iqtisodiy sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va iqtisodiy sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Shuningdek, sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha suddan yoki ma’muriy suddan da’vo arizasi (ariza) yoki ish materiallari kelib tushganda sudya da’vo arizasi (ariza) ushbu Kodeksning 149, 150 va 151-moddalarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun o‘n kundan oshmaydigan muddat beradi. Bu ham ariza bilan murojaat qiluvchiga qulay bulib, bunda arizada qanday kamchiliklar borligi yuzasidan sud ajrimida ko‘rsatiladi hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi.

Bunday amaliyotni sudlarga kiritilguniga qadar esa da’vo ariza mazkur sudning sudloviga taalluqli bo‘lmasa, da’vo arizani ish yuritishga qabul qilishni rad qilishi va da’vo ariza da’vogarga qaytarilishi kerak edi.


Da’vogar da’vo arizani qaysi sudga taalluqli ekanligini mustaqil aniqlab keyin uni qaytadan sudga taqdim etishi kerak bo‘lar edi.

Buning natijasida da’vo ariza bilan murojaat qilgan da’vogar qancha sarsongarchiligi yoki ortiqcha vaqt sarflashiga olib kelar edi, oddiy qilib aytganda ovoragarchilikni keltirib chiqarar edi.

Amaliyotdan kelib chiqib aytish mumkinki, bugungi kunda sudlarda ish “yagona darcha” prinsipi asosida to‘liq tashkil etilgan. Agar da’vo ariza sudlarga kelib tushganidan keyin, mazkur da’vo arizaning boshqa sudga taalluqli ekanligi aniqlansa, sudyalar tomonidan da’vo ariza taalluqli sudga o‘tkazilmoqda va bu haqda taraf xabardor etilmoqda, ariza bilan murojaat qilgan shaxs otiqcha ovoragarchiliksiz o‘sha sudda ishtirok etib ketmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda bu kabi xalqchil qonunlarimizning joriy etilishi faqat inson manfaatiga xizmat qiladi va odil sudlovga erishish kafolati ularning bu yo‘lidagi ilk qadamlaridan ta’minlanadi.



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish