Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Musiqiy filmlar — kino sanʼatida tub burilish

23.5.2025 717

Sevinchoy RAHIMOVA, O‘zJOKU talabasi

Bugungi kunga kelib, dunyo kino sanoati o‘zining yangicha yondashuv va uslubini qo‘llagan holda musiqali filmlar yaratmoqda. Musiqali filmlar ham yetuk bir sanʼat asari darajasida tarix sahifalariga muhrlanayotganligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Insonlarning fikr va dunyoqarashiga sezilarli taʼsir ko‘rsatadigan omil kino bo‘lsa, musiqali filmlar esa taʼsir ko‘rsatish bilan birgalikda butunlay boshqacha qarashlarni ham uyg‘otishi mumkin. Bunday filmda musiqa asosiy o‘rinni egallab, filmning janri va dramatik qurilishini belgilaydi, syujet rivojlanishi, asar g‘oyasi va qahramonlar ichki dunyosini ochishga xizmat qiladi.

1920-yillarning oxirida ovozli kino bilan bir vaqtda musiqali film ham rivojlana boshladi. Rivojlanishning turli davrlarida musiqali filmlarning tuzilishi dramaturgiya, musiqa, vokal, xoreografiya va ijrochilik sanʼati sintezi turli ko‘rinishlarini o‘zida mujassamlashtirgan holda shakllandi.

Tarixda birinchi musiqali film 1927-yilda AQShda yaratilgan bo‘lib, uning nomi “The Jazz Singer” (“Jazz xonandasi”) deya nomlangan. Rejissyor Alan Crosland tomonidan yaratilgan ushbu film kino sanʼatida yangi tub burilish yasagan asar sifatida qaraladi. Bungacha hech bir filmda ovoz va sinxronlashtirilgan dialoglardan foydalanilmagan edi. Shunday qilib, musiqali filmlar kino sanoatiga o‘zining yangicha uslubi bilan kirib keldi. Keyinchalik bunday turdagi filmlar Germaniyada ham (“Tabassumlar mamlakati”, “Ko‘rshapalak” va boshqalar) yaratilgan. 1930-yillarga kelib esa musiqali filmning asosiy janrlari — lirik komediya, film-revyu, operetta, opera, balet kabi yo‘nalishlarda shakllandi.

Musiqali filmlar yo‘nalishida multfilmlarda ham musiqalardan foydalanila boshlandi. Yangicha uslub kino sanʼatining bu yo‘nalishida ham katta burilish yasay oldi. 2018-yilda Chris Buck va Jennifer Lee tomonidan suratga olingan “Muz yurak” multfilmida bu holat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Undagi har bir sahnani yoddan biladiganlar ham topiladi oramizda. Uning asosiy qo‘shiqlaridan biri bo‘lgan “Let It Go” qo‘shig‘i ham film ssenariysining butunlay o‘zgarib ketishiga sabab bo‘lgan. Aslida yovuz qahramon sifatida gavdalantirilishi kerak bo‘lgan Elsa obrazini rejissyor Jennifer Lee chiroyli qo‘shiq tufayli butunlay o‘zgartirishga qaror qiladi. Shunday qilib, yovuz malika o‘rniga Disney malikalari orasida eng kuchli qirolicha yaratiladi va multfilm katta mashhurlikka erishadi.

Musiqali kinolar faqatgina bu bilan cheklanib qolmadi. Bolaligida jazz barabanchisi bo‘lishni orzu qilgan Damien Chazelle ushbu yo‘nalishdagi tartiblar va qoliplarni butunlay o‘zgartirib yubordi. U 2014-yilda suratga olingan “Whiplash” filmi orqali nafaqat tanqidchilarni, balki tomoshabinlarni ham larzaga soldi. Ushbu filmdagi psixologik to‘qnashuvlar, fidoyilik va o‘qituvchi bilan shogird o‘rtasidagi kuchli qarama-qarshilikning musiqa va kadrlar orqali mahorat bilan ochib berilishi ko‘pchilikni o‘ziga rom etdi. Film namoyishidan so‘ng 3 ta “Oscar” mukofotini qo‘lga kiritdi. Emma Stone va Rayan Gosling ishtirokidagi 2016-yilda namoyish etilgan “La La Land” filmi orqali Chazelle “Eng yaxshi rejissyor” nominatsiyasida “Oscar”ni qo‘lga kiritgan eng yosh rejissyorga aylandi — bu paytda u atigi 32 yoshda edi. Film o‘zining musiqiy, vizual va hissiy uyg‘unligi bilan tarixda qoldi. Aktyor Tom Hanks bu film haqida shunday degan: “Studiyalar bugun bunday filmga mablag‘ ajratishga jur’at etolmaydi. Yaxshiyamki, film suratga olingan”.

Chazellening filmlari ko‘pincha musiqa asosida quriladi, lekin u musiqani vosita sifatida ishlatadi, maqsad emas. Bunday yondashuv unga kinoni yangi badiiy darajaga olib chiqish imkonini beradi. Tanqidchilardan biri u haqda shunday degan:

“U kamerani asbobdek chaladi. Har bir sahna — simfoniya.”

2025-yilda Chazelle yana bir yangi loyihani boshlashi kutilmoqda. Bu safar mavzu — inson va ozodlik. Rejissyorning o‘zi bu filmni “ko‘ngil tubidagi og‘riqli savollarga” bag‘ishlamoqchi ekanligini aytgan.

Chazelle — zamonaviy Hollivudning ritmiy yuragi. U bilan tomoshabinlar nafaqat ko‘radi, balki filmlardagi musiqiy tuyg‘ularni eshitadi, sezadi va o‘ylaydi. Ehtimol, u hali eng katta simfoniyasini suratga olmagandir, lekin uning filmlari o‘ziga xos uslubi bilan allaqachon kino tarixining eng nozik notalariga aylangan. Filmlarida u g‘oyalarni va kechinmalarni kadrlarga jamlaydi, musiqa vositasida uni namoyish etadi va, ehtimol, aynan shu bois uning filmlari zamonaviy kino ixlosmandlari orasida katta mashhurlikka erishgan.

Shuni aytish joizki, musiqali filmlar bugun shunchaki ko‘ngilochar mahsulot emas, balki inson ruhiyati, hissiyotlari va hayot falsafasini musiqiy obrazlar orqali ifodalovchi kuchli badiiy vositaga aylangan. Ayniqsa, Chazelle kabi rejissyorlarning yondashuvi tufayli bu janr zamonaviy sanʼatda o‘ziga xos yuksak o‘rinni egallamoqda.

O‘zbekistonda musiqali film yaratish 1940-yillardan boshlandi. Ikkinchi jahon urushi yillarida yaratilgan filmlarning aksariyatini film-konsertlar tashkil etdi: “Film-konsert” (Y. Aʼzamov), “Frontdagi do‘stlarga”, “Vatan sovg‘asi” (K. Yormatov), “Besh respublika konserti” (Z. Sobitov) va boshqa filmlar shular jumlasidan. “Doyra raqsga chorlaydi”, “Musiqiy torlarimiz siri” film-konsertlari, “Dilbarim” film-komediyasi, “Dilorom” — birinchi o‘zbek film-operasi, “Jonlangan miniatyuralar” (“Suhayl va Mehri”, L. Fayziyev; M. Leviyev) filmbaleti va boshqa filmlarda musiqadan o‘rinli foydalanishga, mavzuga hamohang ekran tilini kashf etishga muvaffaq bo‘lindi. “O‘zbektelefilm”da yaratilgan “Shashmaqom” (T. Akromov), “Menga qo‘shiq chizib ber” (L. Inozemseva), “Men balerina” (Sh. Mahbubov) kabi filmlarda milliy madaniyatni, o‘zlikni anglash, qadriyatlarni eʼzozlash va yangi ijodiy izlanishlar ko‘zga tashlanadi. An’anaviy o‘zbek aytim (vokal) va cholg‘u musiqa sanʼatini tiklash va rivojlantirishni targ‘ib qiluvchi “Xiva vaqti bilan soat yettida”, “Boysunda qor eriganda”, “Qalbingda xalq ohanglarini eʼzozla” kabi film-konsertlar o‘zining milliyligi bilan ajralib turadi.

1987-yilda O‘zbekiston televideniyesida birinchi bor “To‘maris” (rej. N. Mahmudov; U. Musayev) telebaleti sahnaga qo‘yildi. “Maysaraning ishi” (M. Abzalov), “Yulduzimni ber, osmon” (F. Davletshin), “Monolog”, “Sevgi qo‘shig‘i” (Bahodir Zokirov), “Meshpolvon” (M. Abzalov) va boshqa keyingi yillarda yaratilgan musiqali filmlar ham bu yo‘nalishda muhim o‘ringa ega bo‘ldi.

O‘zbek kino sanʼatida ham musiqali kino yo‘nalishida ko‘rinarlik yutuqlarga erishilgan. Ayniqsa, mustaqillikdan keyingi yillarda yaratilgan filmlarda milliy kuy va qo‘shiqlar orqali syujet rivoji, obrazlar ruhiy olami, ijtimoiy-tarixiy kontekstlar ifodalandi. So‘nggi yillarda esa yosh ijodkorlar tomonidan musiqa va vizual estetika uyg‘unligi ustida izlanishlar olib borilayotgani quvonarli hol. Demakki, O‘zbek kinosi ham musiqali film janrini o‘ziga xos milliy ruhda boyitib, yangi bosqichga ko‘tarilish arafasida turibdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish