Xabar berganimizdek, joriy yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda shaxmatning tezkor va blits yo‘nalishlari bo‘yicha FIDE jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilarini jamlaydigan chempionatda kimlar ishtirok etishi, ishtirokchilarning ro‘yxatdan o‘tishining so‘nggi kunlari etib qaysi sanalar belgilanganligi hamda Qatnashchilarning yakuniy ro‘yxati qachon e’lon qilinishi borasidagi so‘rovlar natijasida kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi mazkur musobaqa tafsilotlari xususida ayrim ma’lumotlarni chop etdi.
Unga ko‘ra, bugungacha Samarqandda o‘tadigan jahon chempionatida o‘z omadini sinab ko‘rish uchun tezkor(rapid) va blits bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen (Norvegiya), shuningdek, Gukesh Dommaradju (Hindiston), Vinsent Keymer (Germaniya), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon), Yan-Kshishtof Duda (Polsha), Yu Yangi (Xitoy), Levon Aronyan (AQSH), Maksim Vashiyer-Lagrave (Fransiya), Daniil Dubov (FIDE), Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston) erkaklar o‘rtasidagi bahslarda qatnashish istagini bildirgan.
Jahon chempionatining ayollar guruhida Szyuy Venszyun (Xitoy), Tan Jun’i (Xitoy) va Bibisara Asaubayeva (Qozog‘iston), Aleksandra Goryachkina (FIDE), Katerina Lagno (FIDE), Humpy Koneru (Hindiston), Harika Dronavalli (Hindiston), Aleksandra Kosteniuk (Shveysariya) ishtirokchilar qaydnomasini to‘ldirgan.
Joriy yilning 25-31-dekabr kunlari o‘tadigan Samarqand musobaqalarining kun tartibiga binoan 25-dekabrda jahon chempionatining ochilish marosimi, 26-28-dekabr kunlari tezkor(rapid) musobaqalar, 29-30-dekabrda esa blits bahslari va yopilish marosimi tashkil etiladi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi 11-dekabrni ishtirokchilarni ro‘yxatga olishning oxirgi sanasi ekanligini e’lon qildi.