Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gʻulom Zafariy

13.12.2023 7282

Sardor SA’DULLAYEV tayyorladi.

Shoir va dramaturg Zafariy 1889-yilda Toshkentning Beshyog‘och dahasiga qarashli Kattabogʻ mahallasida tavallud topgan. Mutafakkir hayoti va ijodini o‘rgangan adabiyotshunos Olim Usmonov “Gʻulom Zafariy. Hayoti va ijodi” (2022) risolasida dramaturgning ota-onasi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotni bergan: “Uning otasi Muzaffar miskar hunarmand kishi boʻlib, hazil-mutoyibaga moyil, sanʼatsevar kishi edi. Onasi Fayziniso otin maʼlumotli, gapga chechan ayol boʻlib, koʻpgina xalq dostonlari va ertaklarini yoddan bilardi”...

Gʻulom Zafariy avval eski maktabda, keyin xususiy rus maktabida, Xoʻja Ahmad va Ko‘kaldosh madrasasida taʼlim oldi. 1914-yil 15-yanvarda Toshkentdagi “Kolizey” teatrida “Padarkush” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtadi. Shu yili “Turon” teatrida Ozarbayjon musiqali teatrining “Arshin mol olon”, “Layli va Majnun” singari mashhur dramalari ham katta muvaffaqiyat bilan namoyish etiladi.

Bular Gʻulom Zafariyning hayotini, yashash tarzini butunlay oʻzgartirib yuboradi. U otasining misdan yasalgan patnislarini chertib, turli ritm va ohanglar chalib, hatto oʻzi ham yangi-yangi kuylar ijod qila bosh­laydi. 1914-yildan boshlab Toshkentda Abdulla Avloniyning “Turon” truppasida aktyor va dramaturg sifatida faoliyat yuritadi. Oʻsha yillarda ilk sheʼrlarini yoza boshlagan Gʻulomning yoshlar hayotidan olingan “Bahor”, “Gunafsha”, “Tilak”, “Quyon”, “Erk bolalari” singari bir koʻrinishli dramalar havaskorlik toʻgaraklarida ijro etiladi.

1920-yilda “Karl Marks” truppasida (avvalgi “Turon” teatri) Mannon Uygʻur sahnalashtirgan “Halima” spektakli 1937-yili muallif qamalgunga qadar oʻnlab teatrlarda zoʻr muvaffaqiyat bilan namoyish etilgan. Oʻzbek teatri tarixida Gʻulom Zafariyning “Halima”si bilan bahslasha oladigan dramani ­topish qiyin.

Choʻlpon “Halima” spektaklining namoyishida dramaturgning doʻsti sifatida qatnashib, katta hayajon bilan bunday yozgan edi: “11-dekabrda oʻzimiz koʻrgan qishki ­“Turon” binosida — yuzinchi marta boʻlsa kerak – “Halima” oʻynaldi... Asarning alla nechanchi martaba qoʻyilishiga qaramasdan, xalq toʻladir, joy tegishmaydir...”.

Oʻzbek operasini yaratish jazavasi avj olgan 30-yillarning oʻrtalarida bu asarni ham opera “tili”ga moslashmoqchi boʻlishgan. Musiqashunos B.A.Pestovskiy shu hol haqida “Bu kunda oʻzbek operasining asosini solgʻuvchi Gʻulom Zafariydir”, deb yozgan va bu soʻzlar tarixiy haqiqatga zid emas edi.

Gʻulom Zafariy 1937-yilda qatagʻonga uchradi. Dastlab 1933-yil 21-mayda “aksilinqilobiy millatchilik faoliyati” uchun uch yilga gʻarbiy Sibirga surgun qilingan. Qaytib kelgach, ikkinchi bor 1937-yil 28-oktabrda hibsga olingan va 1937-yil 4-dekabrda otishga hukm qilingan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish