Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Eng namunali yetakchi

11.10.2025 2178

Yoshlarning muammolarini joyida hal etish, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish mahalladagi yoshlar yetakchilarining fidokorona mehnati bilan chambarchas bog‘liq. Shunday faol yetakchilardan biri Toshkent shahri Mirobod tumanidagi Abdulla Avloniy mahallasi yoshlar yetakchisi Maqsud Toshpo‘latov asosiy e’tiborini yoshlar manfaatiga yo‘naltirgan.

U ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan tizimli ishlar olib bormoqda. 84 nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali hal etildi. Himoyaga muhtoj 21 nafar yoshga homiylar yordamida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Natijada yoshlarning moddiy ahvoli yaxshilandi.

Maqsud Toshpo‘latov tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, kitobxonlik kechalari va estafetalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilyapti. Iqtidorli yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol ishtirok etib, 6 yo‘nalishda 29 nafar yosh respublika bosqichiga chiqib, yaxshi natijalar ko‘rsatdi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallada ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida yoshlar bilan individual suhbatlar, profilaktik uchrashuv va seminarlar o‘tkazilib, ularning jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishiga ko‘mak berilmoqda.

Yetakchi tashabbusi bilan “Yoshlar bandligi” dasturi doirasida 72 nafar yosh ijtimoiy faoliyatga jalb etildi. Ulardan ayrimlari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan bo‘lsa, boshqalari kasb-hunar markazlarida tahsil olmoqda.

Mahalla hududida stritbol va vorkout maydonchasi, universal sport maydonchasi hamda tabiiy chim yotqizilgan futbol maydoni barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla binosida kutubxona tashkil etilib, 1000 ga yaqin turli janrdagi kitoblar olib kelindi.

Maqsud Toshpo‘latov bir qator tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Mirobod tumanida “Eng namunali yetakchi” sifatida e’tirof etildi. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2024-yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha “TOP-100” yetakchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish