Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BANDLIK VA FAROVONLIK YO‘LI

7.10.2025 87

Muhammadshukur Muhammadjonov

Davlat rahbarining 2024-yil 6-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 153-sonli qarori yoshlarning mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlash, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Qaror ijrosini ta’minlashda respublika bo‘ylab yoshlar yetakchilari oldiga ulkan vazifalar qo‘yildi. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov ham tashabbuskorligi, tizimli ishlari bilan yoshlar bandligini ta’minlash borasida namunali faoliyat olib bormoqda.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yoshlarga ajratilgan yer maydonlarida “Zilol mirishkor dehqonlari” kooperatsiyasi tashkil etilgan. 46 nafar yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan bo‘lsa, shundan 30 nafari kooperatsiya tarkibiga qamrab olindi.

Eng muhim yangilik yerlarning 10 gektariga issiqxonalar qurilishi bo‘ldi. Natijada yozgi mavsum davomida har bir yosh 35–40 million so‘mdan ortiq daromad olishga erishdi. Kuzgi mavsumda ham ularning daromadi 40–45 million so‘mdan oshishi kutilmoqda.

Bu bir guruh yoshlar hayotida iqtisodiy burilish, mahalla darajasida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash yo‘lidagi katta qadam bo‘ldi.

– Oltiariq tumani dehqonchilik madaniyati, mehnatsevar xalqi va boy agrar an’analari bilan mashhur, – deydi Zilol mahallasi yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonov. – Zilol mahallasi bir paytlar bandlik masalasida muammolar mavjud maskan edi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgargan. Mahalla yoshlari o‘zini band qilish bilan birga, oilasiga ham yordam keltirmoqda. Kooperatsiyani tashkil etishdan maqsad yoshlar issiqxonada yetishtirgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotishga ko‘maklashishdir. Bu yoshlarning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi, daromadini ko‘paytiradi.

Mahalla balansi:

Aholi: 3385 nafar;

Yoshlar: 837 nafar;

Xotin-qizlar: 376 nafar

“Yashil” toifa: 653 nafar;

“Sariq” toifa: 184 nafar;

“Qizil” toifa: 3 nafar;

Mahalla drayveri: dehqonchilik va bog‘dorchilik.

Kambag‘allikdan farovonlik sari

Jumavoy Sulaymonovning ish uslubida uchta asosiy jihat yaqqol ko‘rinadi: tashabbuskorlik – u yoshlarni faqatgina mavjud imkoniyatlardan foydalanishga emas, yangi imkoniyatlarni yaratishga ham undaydi; tizimlilik – ishlar “kampaniyabozlik” tarzida emas, aniq rejaga asoslangan holda olib boriladi; samaradorlik – har bir tashabbus o‘z natijasini berishi, yoshlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Ayni shu jihatlar uni o‘z hududida mashhur, yoshlarga yaqin va ularning ishonchini qozongan yetakchiga aylantirdi.

2025-yilda Zilol mahallasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida 25 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlandi, 11 nafar yosh xususiy sektorga ishga joylashtirildi, 35 nafar yosh o‘zini o‘zi band qildi. 6 nafar yosh “ustoz-shogird” an’anasi asosida mahalladagi hunarmandlarga biriktirilgan bo‘lsa, 2 nafar yoshning kontrakt to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam ko‘rsatildi. 5 nafar yoshga jami 165 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi.

Sport – birlashtiruvchi kuch

Qahramonimiz mahallada sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etadi. Shaxsiy namuna sifatida har kuni tongda bir guruh yoshlar va mahalla ahli bilan yugurishni odatga aylantirgan. Mahalla yoshlari 2023-yili “Besh tashabbus olimpiadasi”ning voleybol bahslarida respublikada g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun mahallaga universal sport maydonchasi qurib berilgan edi. Voleybolchi yoshlar joriy mavsumda yana g‘oliblikni maqsad qilgan. Hududda 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Bundan tashqari, yetakchi tashabbusi bilan hududdagi bo‘sh joy obodonlashtirilib, homiylik mablag‘lari asosida yoshlar uchun zamonaviy sport zali barpo etildi. Hozir bu yerda sport to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan va yosh-u qari birdek sport bilan shug‘ullanmoqda.

300 dan ortiq kitob mutolaada

Mahallada “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 110 nafar yosh xorijiy tillarni o‘rganayotgan bo‘lsa, ulardan 6 nafari sertifikat olishga erishdi. Qahramonimizning o‘zi ham joriy yilda xorijiy tillarni bilish sertifikatini oldi. “Mutolaa” loyihasi yordamida 120 nafar yosh 300 dan ortiq kitobni mutolaa qilmoqda. 120 nafar yosh “Ustoz AI” dasturidan faol foydalanyapti. “Uzchess” loyihasiga 95 nafar yosh qamrab olingan. Ular shaxmatdan 3 209 ta elektron, audio va video darslarni o‘rganyapti. “Qizlar akademiyasi”da 48 nafar qiz darslarni o‘zlashtirmoqda.

Bundan tashqari, mahallada kitobxonlik tanlovlari, ijodkorlar bellashuvlari, sun’iy intellektga asoslangan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar maktab bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Yetakchi kunni maktabga borib yoshlar bilan suhbatlashish, ularning qiziqish va imkoniyatlari, muammo va takliflarini eshitishdan boshlaydi. Kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar beradi. Zarur bo‘lsa mutaxassislarga yo‘naltiradi yoki maktabda uchrashuvlar tashkil etadi.

Namunaviy model

Zilol mahallasida 2025-yilning o‘tgan davrida jinoyatchilik yoki huquqbuzarlik sodir etilmadi. Mahalla darajasida to‘g‘ri tashkillashtirilgan ishlar butun respublika uchun namunaviy model bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Avvalo, yer ajratish va kooperatsiya mexanizmi yoshlar bandligini ta’minlashda eng samarali vositalardan biri sifatida o‘zini oqladi. Qisqa fursatda bir guruh yigit-qizlar tomorqadan unumli foydalanib, dehqonchilik va bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ydi, kooperatsiya orqali ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga erishdi.

Ikkinchidan, ustoz-shogird an’anasining tiklanishi yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishda muhim omil bo‘ldi. Tajribali ustozlar yonida hunar o‘rgangan yoshlar kasb sir-asrorini egallamoqda. Sport va madaniyat sohasida erishilgan g‘alabalar yoshlarni birlashtirmoqda. Bu jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali omildir. Mahalladagi to‘garak va turli musobaqalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkonini bermoqda.

Kelajakka nigoh

Yoshlar yetakchisining asosiy maqsadi Zilol mahallasini nafaqat Oltiariqda, balki butun Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yoshlarga oid eng ilg‘or loyihalar markaziga aylantirishdir. Uning maqsadlari ko‘p mehnat va izlanish talab qiladi. Ammo juda hayotiy:

Dehqonchilik va agrobiznes. Mahalladagi issiqxonalar kengaytirilib, ularga zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatiladi. Bu hosildorlikni oshiradi, xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tomorqa yerlarini kooperatsiya asosida birlashtirish tajribasi davom ettiriladi. Kelgusida “Zilol brendi” ostida mahsulotlarni qadoqlab, ichki bozorga va eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Yoshlar bandligi. Jumavoy Sulaymonov 2026-yil oxirigacha kamida 50 nafar yoshni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Buning uchun hunarmandchilik ustaxonalari kengaytiriladi, yangi yo‘nalishlarda ustoz-shogird tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xotin-qizlar uchun tikuvchilik va pazandachilik kooperativlari ochilishi ko‘zda tutilgan.

Intellektual va ma’naviy rivojlanish. Mahallada zamonaviy axborot-kutubxona markazi barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yerda bepul internet, elektron kitoblar va ta’lim resurslari mavjud bo‘ladi.

Sport va sog‘lom turmush tarzi. Sport yoshlarni tarbiyalashning eng ta’sirchan vositalaridan biri. Shu bois mahallada universal sport maydonchalari soni ko‘paytiriladi, yangi mini futbol stadioni qurilishi rejalashtirilmoqda. Yetakchi ayniqsa qizlarni sportga keng jalb etish tarafdori. Mahalla qizlaridan voleybol jamoasi tuzish ko‘zda tutilgan. Professional murabbiylar jalb qilinib, to‘garaklarda muntazam mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlar tadbirkorligi. Yoshlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun Jumavoy Sulaymonov amaliy yordam berishga bel bog‘lagan. Kredit, grant va subsidiyalarni olishda maslahat va hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, “Yosh tadbirkorlar klasteri” tashkil etilib, bir nechta yoshlar birgalikda biznes yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika. Yoshlarni huquqbuzarlikdan asrash maqsadida “Bir yoshga bir mentor” tamoyili asosida har bir xavf toifasidagi yigit-qizga doimiy mas’ul biriktiriladi. Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda muntazam uchrashuvlar o‘tkazilib, yoshlarga huquqiy bilimlar singdiriladi. Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish uchun sport musobaqalari, madaniy tadbirlar yo‘lga qo‘yiladi.

“Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasi

Jumavoy Sulaymonovning eng katta orzusi “Zilol yoshlar qishlog‘i” loyihasini amalga oshirish. Bu loyiha doirasida mahallada yoshlar uchun zamonaviy uy-joy massivlari, ishlab chiqarish sexlari, ta’lim va madaniyat markazlari, sport va rekreatsiya hududlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning tasavvurida bu qishloq yoshlarga yashash, o‘qish, ishlash va dam olish uchun barcha sharoitlarni birlashtirgan yangi avlod maskaniga aylanadi.

Bugun Zilol mahallasi yoshlariga qarasangiz, ularning yuzida ishonch, qalbida orzu, qo‘lida mehnat, hunar borligini ko‘rasiz. Bu o‘zgarishlar bevosita yoshlar yetakchisi Jumavoy Sulaymonovning fidoyiligi, tashabbuskorligi va tizimli ishlari natijasidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish