Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Huquq va texnologiya integratsiyasi

6.8.2025 1158

Diyora TOSHPO‘LATOVA, jurnalist

Yoshlar orasida bor bilimini amaliyotga yo‘naltirayotganlar ko‘p. Ulardan ayrimlari biror sohada tajriba orttiribgina qolmay, shu sohaning imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qiladi. Ba’zida o‘qish davridanoq o‘z g‘oyalari bilan ajralib turadi, o‘rganishga shunchaki majburiyat emas, ehtiyoj deb qaraydi. Jamshid Turdibekov ana shulardan biri.

U 2023-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomladi. Talabalik davri yutuqlarga boy bo‘ldi: 2022-yilda “Yil talabasi” tanlovida “Yilning eng faol ixtirochi innovatori” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Talabalarning “Technoways” AT marafonida 1-o‘rinni egalladi. Universitetning “Uzbek Journal of Legal Studies” blogpostlar tanlovida ketma-ket ikki yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘qishdan tashqari vaqtlarida Respublika ijtimoiy-axborot markazi qoshidagi “Istiqbolli avlod” tashkilotida bir necha xalqaro loyiha ustida ishladi. Jumladan, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV) hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti GIZ bilan hamkorlikda olib borilgan dasturlarda loyiha koordinatori sifatida ishtirok etdi. Bu faoliyat yoshlarda huquqiy ong va tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan.

Bularning barchasi faqat ijtimoiy yoki akademik faoliyat bilan bog‘liq emas. Jamshid huquqshunoslik bilan birga Python dasturlash tilini ham mustaqil o‘rgandi. U bu ikki soha – huquq va texnologiyani bir-biriga bog‘lashni maqsad qilgan. Universitetda o‘qib yurgan paytida huquq va texnologiyalarni bir-biriga bog‘lash g‘oyasi amaliy shaklga aylana boshladi. Jamshid Turdibekovning bu yo‘nalishdagi ilk tashabbusi “Legal Point” loyihasi edi. Bu oddiy nazariy g‘oya emas, balki real muammoga yechim topish uchun ishlab chiqilgan tizimdir.

“Legal Point” telegram platformasida ishga tushirilgan chatbot bo‘lib, foydalanuvchilarga Jinoyat kodeksi asosiy qismining uchinchi bo‘limi doirasidagi savollarga avtomatik javob berishga mo‘ljallangan. Chatbot qonun matnlarini oddiy, tushunarli va tezkor shaklda yetkazish bilan ajralib turgan. Uning asosiy afzalligi inson aralashuvisiz, qonunchilikka asoslangan aniq va tizimli javoblarni taqdim etish edi. “Legal Point” katta auditoriyaga mo‘ljallangan emasdi. Lekin u bu orqali huquqni innovatsion yondashuv bilan ko‘rsatish mumkinligini amalda isbotladi.

Jamshid Turdibekov universitetni tamomlagach, o‘z izlanishlarini xorijda davom ettirdi. AQShdagi nufuzli Penn State universitetida magistratura bosqichini tugatdi. Bu yerda u huquqiy texnologiyalar, axborot daxlsizligi va maxfiylik huquqi yo‘nalishida tahsil oldi. O‘qish jarayonida o‘rganganlarini amaliyotda sinab ko‘rishga harakat qildi. “Legal Point” bilan boshlangan tajriba endi yangi bosqichga o‘tdi.

Magistrlik o‘qishi davomida Jamshid “LEX-E” deb nomlangan chatbot loyihasini ishlab chiqdi. Bu tizim huquqiy axborotni oddiy odamlarga tushunarli shaklda taqdim etishga tayanadi. Loyiha g‘oyasi “International Association of Privacy Professionals” (IAPP) tashkil etgan maxsus sertifikatlash kursi CIPP/US yo‘nalishida o‘qiyotgan vaqtida shakllangan. Aynan shu tayyorgarlik jarayoni AQShdagi murakkab huquqiy muhitga e’tibor qaratishga undagan. AQShda axborot maxfiyligi bo‘yicha yagona federal qonun yo‘q. Har bir shtatning o‘ziga xos qonunlari mavjud. HIPAA (sog‘liqni saqlash sohasida), CCPA (iste’molchilar ma’lumotlarini himoya qilish bo‘yicha Kaliforniya qonuni) kabi normativ hujjatlar mavjud, lekin ularni anglash, farqlash, qo‘llash oddiy foydalanuvchi uchun murakkab. Jamshid ishlab chiqqan LEX-E chatboti shu muammoni hal qilishga qaratilgan.

LEX-E foydalanuvchiga huquqiy maslahat bermaydi. U qonunlarni sharhlamaydi va qaror chiqarmaydi. Biroq tizim yordamida foydalanuvchi o‘z huquq va majburiyatlarini anglaydi, muayyan vaziyatda qanday harakat qilish zarurligini tushunadi. Chatbot qonunlarga asoslangan holda sodda, mantiqli va aniq ma’lumot beradi. Bu uni nafaqat huquqshunoslar, balki oddiy internet foydalanuvchilari uchun ham qulay vositaga aylantiradi.

LEX-E oddiy texnik yechim emas, ishlab chiqilish jarayonida zamonaviy sun’iy intellekt usullaridan foydalanadi. Ayniqsa, bu tizimda “prompt engineering” deb ataladigan yondashuv muhim rol o‘ynagan. Boshqa chatbotlar foydalanuvchi savoliga umumiy ma’lumot yoki taxminiy javob bilan kifoyalansa, LEX-E aniq va kontekstga mos javob berishga intiladi. Bunda huquqiy tahlilga oid IRAC – Issue, Rule, Application, Conclusion metodologiyasi asos qilib olingan. Bu metod AQShning ko‘plab huquq maktablarida o‘rgatiladi va savollarga tizimli, tushunarli va izchil javob berishning huquqiy modeli hisoblanadi.

Ayni paytda LEX-E loyihasi O‘zbekiston bilan ham bog‘lanmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Legal Tech laboratoriyasi va 2025-yil kuzida tashkil etilishi rejalashtirilgan sun’iy intellekt laboratoriyasi bilan hamkorlikda loyihani joriy etish masalasi bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Yana bir jihat shuki, LEX-E faqat g‘oya yoki texnik prototip emas. Uni to‘laqonli startapga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Investitsion grantlar, akseleratsiya dasturlari va hamkorlik loyihalari orqali bu tizimni kengroq auditoriyaga taqdim etish maqsad qilingan.

Jamshid Turdibekov kabi huquq, texnologiya va innovatsiyalar chorrahasida faoliyat yuritayotgan yoshlar tobora koʻpaymoqda. Ular zamonaviy muammolarga amaliy yechimlar taklif qilyapti. Eng muhimi, bu yoshlarda tashabbus, fikr, harakat bor.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish