O‘lkamizda mana Kuz … Naqadar go‘zal va serjilo fasl … Har bir faslning o‘z chiroyi bo‘lganidek, bu faslning ham o‘zgacha, hech qaysi faslnikiga o‘xshamagan husn-tarovati bor. Shoir hamda yozuvchilarimiz aytganidek, bu fasl “Hazon” barglari bilan ajralib turadi … Kuz fasli kirib kelganda tabiat manzaralariga e’tibor bersangiz ona tabiatimiz oltin libosga burkanadi.
OLTIN KUZ
Ko‘z-ko‘z qilib bor bisotini,
O‘lkamizga kuz fasli keldi.
Ona yerning saxovatini
Ko‘rib, qalbim quvonchga to‘ldi.
Kuzning qaynoq nafasi dastlab
Dalalarda, bog‘da sezilar.
Tolning sarg‘ish yaproqchalari
Bandlaridan chirt-chirt uzilar.
Egilibdi anor shoxlari
Ko‘tarolmay o‘z hosilini.
Uchratasiz ko‘rkam bog‘larda
Mevalarning eng asilini.
Paxtazorlar oppoq libosda
Qamashtirar boqsam ko‘zimni.
Qo‘shiq qilib kuylayman bugun
Ona yurtim oltin kuzini.