Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga oxirgi kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati

20.5.2024 2459

R.G.Asqarov, Izboskan tumanlararo iqtisodiy sudining raisi ​​​​​

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-888-sonli Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lib, ushbu Qonun 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran qonuniy kuchga kirgan.

Mamalakatimizda so‘ngi yillarda aholini odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini «Yangi O‘zbekiston — yangi sud» prinsipi doirasida yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyasiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘rilishini belgilagan.

Shuningdek, alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, shuningdek apellyasiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishini hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

E’tirob beradigan bo‘lsak, mazkur qonunda apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha: hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga; hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va yangi qaror qabul qilishga; hal qiluv qarorini o‘zgartirishga; hal qiluv qarorini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga yoxud da’voni to‘liq yoki qisman ko‘rmasdan qoldirishga; ushbu Kodeks 279-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, ya’ni ishning sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda ko‘rilganligi hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli deb belgilandi.

Avvalgi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksida, apellyasiya instansiyasi sudining vakolatlarida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksining 279-moddasi to‘rtinchi qismi 4-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda hal qiluv qarorii bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish vakolati mavjud edi.

Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksining 279-moddasi to‘rtinchi qismi 4-bandida, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi sababli ishni yangitdan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish belgilangan edi.

Ushbu qonun bilan mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksidan apellyasiya instansiyasi sudining vakolatlaridan chiqarildi.

Yana bir muhim yangilaklardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksining 279-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda apellyasiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘radi. Ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar ko‘rsatiladi.

Sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masala hal qilinmaganligi yoki noto‘g‘ri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi ko‘rsatiladi.

Mazkur maqolani o‘qish jarayonida bir savol tug‘iladi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosesual kodeksining 279-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va 6-bandlarida qanday asoslar ko‘rsatilgan?

Mazkur bandlarda, ishning ishda ishtirok etuvchi, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir shaxs yo‘qligida ko‘rilganligi; ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi va bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi ko‘rish belgilandi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, mazkur Qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish